Toshkentning Chilonzor ko`chasida daraxtlar kesilishi aholi tomonidan katta noroziliklarga sabab bo`lgan edi.
Ekologiya qo`mitasi bu noroziliklarning aybdorini topgan ko`rinadi. Qo`mitaning matbuot kotibi Bunyodbek Abdullaev aynan shu noroziliklar sababchisi sifatida ishdan olinganini aytmoqda.
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi matbuot kotibi Bunyod Abdullaev ikkinchi bor ishdan bo`shatilgani haqida xabar berdi. Bunga sabab: "Chilonzordagi voqeada jamoatchilikning muhokamasini, Ekologiya qo`mitasiga e`tirozlarini to`xtatib qololmaganligim emish. Shu bahona bilan rais meni xonasiga chaqirib, og`ir gaplar aytdi. Chiqiboq , o`z xohishimga binoan ishdan bo`shashni so`rab ariza yozdim", deydi u Qalampir.uz saytiga bergan intervyusida.
Prezident Adminstrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiya agentligining asosiy vazifasi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga idoraviy bo`ysunuvidagi matbuot xizmatlarining sifatli faoliyat yuritishi, ular oldiga qo`yilgan vazifalarning samarali bajarilishi, shuningdek, ularni malakali mutaxassislar bilan to`ldirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklangan.
Shu o`rinda ushbu AOKA tashkilot vazifasini to`liq bajarib kelayotgan Bunyod Abdullaevning ishdan chetlatilishiga ochiq munosabat bildirmagan. Shuningdek, odatda jurnalistlarni himoyachisi sifatida ko`rilgan Mass media fondi va Jurnalistlar uyushmasi ham Abdullaev masalasi yuzasidan chiqish qilmadi.
Eslatib o`tamiz, bu holat Bunyod Abdullaevning birinchi bor ishdan bo`shatilishi emas. Bundan oldin ham 2021 yilning 10 fevralida Bunyod Abdullaev bosh vazir o`rinbosari Ochilboy Ramatov raisligida o`tgan qo`mita kollegiyasining kengaytirilgan yig`ilishida turli xil bosimlar ostida ("shtabdan" berilgan topshiriqni bajarmagani sababli) haydalgan edi.
Ishdan ozod etilganidan so`ng oradan deyarli bir yil o`tib, 2022 yil yanvar oyida Bunyod Abdullaev qo`mita Matbuot xizmati rahbarligi lavozimiga qayta tiklangan.