Ba`zi talon-tarojliklar ochiqchasiga amalga oshiriladi. Biroq, uni to`xtatib qoluvchi kuch topilmaydi. Akmal Saidov rahbarlik qilayotgan loyihaga 2,6 mlrd so`m mablag` ajratish so`ralgan edi. Innovasiya vazirligi bunga e`tiroz bildirib, 1 mlrd 932 mln so`m mablag` ajratishni taklif qildi.
Kuni kecha, Innovasion rivojlanish vazirligi hay`ati yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda Akmal Saidov o`zi rahbarligidagi loyiha - «Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasi» kitobining mobil ilovasi hamda Yangi O`zbekiston lug`atini ishlab chiqish uchun Innovasiya vazirligidan 2,6 mlrd so`m mablag` ajratish so`radi.
Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov yig`ilish davomida, ushbu yirik summani ajratilishi bo`yicha quyidagicha e`tiroz bildirgan:
“…Loyiha noto`g`ri qilinganini ko`rib turibman. Mobil ilova 269 million so`m, qariyb 300 million so`m deylik. Prezidentimiz asarni yozib qo`ygan bo`lsalar, uni yozish kerak bo`lmasa, unga bitta so`z qo`shilmaydi. … Bu pul qaerga ishlatiladi, nega buncha mablag`?...», dedi vazir.
Biroq vazirlikning yig`ilishdan keyingi bayonotiga ko`ra, loyiha rad etilmagan. Aksincha, kengash uni amalga oshirish uchun 1 mlrd. 932 mln. so`m mablag` taklif etgan.
Qo`shimcha qilib, shuni aytish mumkinki, Akmal Saidov tayyor kitobning mobil ilovasi uchun so`ragan mablag`ga bir maktabni zamonaviylashtirib ta`mirlash mumkin. Dasturchi mutaxassislarning fikricha Akmal Saidov so`ragan mablag`ga 150 ming so`zdan iborat o`nlab elektron lug`atlar yaratish mumkin. Shunga qaramay, Innovasiya vaziri Akmal Saidovning g`oyasi uchun qariyb 2 mlrd. So`m mablag` ajratishini ma`lum qilgan.
Bu esa ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining muhokamalariga sabab bo`layapti. Bir qator mutaxassislar bu ilovani yaratish uncha katta mablag` talab etmasligini va bu pullar boshqa kerakli loyihalarga yo`naltirilsa ko`proq samara berishini yozishmoqda.
Jumladan, Toyloqlik o`quvchi Abrorxon Ahmadxonov «Agar biz telefonlarda ko`rib yurgan ilovalarga o`xshash bo`lsa, shuni o`zim tekinga yasab beraman. Vazir bobolarga ayting, bir mashina pulni davlatdan olishga ehtiyoj yo`q» deya fikr bildirgan o`z kanalida .