Ismat XUShEV: Urgutlik yolg`iz bo`ri – bo`rilarning zo`ri

02.01.2021 07:49

O`zbekistonlik taniqli jurnalist Karim Bahrievning siyosiy portretiga chizgilar

MUQADDIMA

Kimning bo`ri bo`lgisi kelmaydi?

Bu bizga ajdodlarimizdan qolgan azaliy odatdir. Ehtimol shuning uchun ham turkiy bobolarimiz bayrog`ida bo`rilar ramzi bo`lsa, ajab emas. Bu odat to hanuz avloddan avlodga o`tib, davom etib kelmoqda.

Shu ma`noda Karim o`zini Urgutning bo`risi deyishni xush ko`radi. Aslini olganda ijod ahlining hammasi o`z makonida o`zini ijodkor qavmining bo`risiman deb biladi.

Biroq Poytaxtga – Markazga kelganda ko`pgina bo`rilarning shoqolga aylanib qolishi ham bor gap.

Lekin mening do`stim Karimjon poytaxtda bo`rilar ichida bo`ri bo`lib qolmay, balki bo`rilarning zo`riga aylandi desam, haqiqatni aytgan bo`laman…

Ming afsuski, O`zbekistonda yashash va umrguzaronlik qilish – tulkilarga oson-u, bo`rilarga doim qiyin bo`lib kelgan. Men buni ko`p marta aytdim va yozdim. Boz ustiga bo`ri yolg`iz bo`lsa, buning ustiga – qaysar va o`jar, o`z so`zi va yo`lidan qaytmaydigan bo`lsa…

Shu boisdan ham Karimga oson bo`lgani yo`q. Chunki bo`rilar o`z tabiatiga ko`ra hech kimga bo`yin egmaydigan, raqiblari bilan doim yolg`iz va beomon, tengma teng kurashadigan jonzot…

Ba`zan uning sahifasida ajabtovur bo`rilarning turli tuman suratlariga ko`zim tushadi. Bu rasmlarni u allaqaerlardan topib qo`yadi, ba`zilarini o`zi chizadi, rassomlik odati ham borligini bilaman. Yana shuni yaxshi bilamanki, uning bo`rilar bilan tillashadigan tili bo`lsa ham ajab emas. U ruhan bo`rilar ichida yashaydi.

O`ylaymanki unga ortiqcha bahoning keragi yo`q…

Tanishuv

Karimjon haqida o`ylar ekanman, beixtiyor uni birinchi marotaba uchratgan kezlarim yodimga tushadi.

O`shanda “Saodat” jurnalidagi tanqidiy maqolam uchun quvg`inga uchrab, ezilib yurgan diltang kunlarim edi. Hamkasblarim bo`lmish do`st-u, birodarlarim ham mendan o`zlarini olib qochardi.

Ana shunday yolg`iz va faromush kunlarimning birida men tanimaydigan bo`ychangina, ozg`in bir yigit qo`limni samimiy siqib: “Ismat aka, siz to`g`ri yo`ldasiz, chunki yaxshi va halol, lekin suyanchig`i yo`q odamlarni himoya qilyapsiz. Yozuvchini amaldor hech qachon yaxshi ko`rgan emas. Mashrabni osganlar, Furqatni Yorkentga quvganlar. Bizning mansabdorlar ham shunday. Xafa bo`lmang”, – deb dalda berdi.

U paytlar respublikamizda Usmonxo`jaevning hukmronlik davri edi. Bu samimiy, taskin so`zlarni esa o`sha paytda dadil ayta olgan do`st – Karim Bahriev bo`ldi…

Deputatlikka nomzod

Keyin yillar o`tib, O`zbekistonda hukmdorlar birin-ketin almashdi. Usmonxo`jaevning o`rniga Nishonov, undan keyin Karimov hokimiyatga keldi.

Parvoz va inqiroz, quvonch va tashvishlarimiz bilan birgalashib biz ham o`sib, ulg`aydik.

Mixail Gorbachyovning SSSR rahbarligiga kelishi barobarida bepoyon sovetlar yurti uzra keza boshlagan qayta qurish va oshkoralik shabadalari boshqa respublikalar qatori O`zbekistonga ham kirib kela boshladi.

Shak-shubhasiz Karimjon ham talantli yigit edi. Samarqandning Urgut tumanida tug`ilib o`sgan bu o`tkir va hur fikrli jurnalistni hamyurtlari ishonch bildirib Oliy Kengash deputatligiga nomzod qilib ko`rsatishdi.

Negaki, uning o`zbek matbuotida, aytish mumkinki, siyosatida ham o`z munosib o`rni bor.

Lekin menga o`xshab g`o`rligi, siyosiy jihatdan pishib etilmagani bois uzoq yillar qoqilib yuradi.

Biz bugun iste`dodli jurnalistning ana shu jo`shqin faoliyati, bir so`z bilan aytganda uning o`zbek matbuoti va siyosatida o`tgan nurli va betakror kunlari haqida baholi-qudrat hikoya qilishni ixtiyor etdik.

Karim Bahriev O`zbekiston va uning Mustaqilligiga, Ozodlik va Demokratiyaga sodiq yigit. Mulohazali va talantli jurnalist.

To`qsoninchi yillarda, uning nomzodi deputatlikka qo`yilganda, o`zining aytishicha, eng yaxshi maqolani men yozgan ekanman.

Mana o`sha maqola…

IShONChGA SAZOVOR JURNALIST

Yosh, iste`dodli jurnalist Karim Bahriev O`zbekiston SSR xalq deputatligiga nomzod qilib ko`rsatildi

Biz jurnalistlar ko`pincha dunyodan nolib, jig`ibiyron bo`lib yuramiz-da, so`ng: “Bizni o`zi kim ham tushunardi. Amaldorni insofga chaqirsang, quloq solmasa, xalqni uyg`otmoqchi bo`lsang, uyg`onmasa. Birov bizni bilarmidi?”, – deb qo`l siltab qo`yamiz.

Yo`q, xalq bilar ekan! Yaqinda urgutliklar 327-Qo`yi qishloq saylov okrugidan O`zbekiston SSR xalq deputatligiga Karim Bahriev nomzodini ko`rsatishdi. Uni, ayniqsa, yoshlar qo`llab-quvvatlashdi. Chunki u VLKSM a`zosi, jumhuriyat Yoshlar tashkiloti Qo`mitasi a`zosi, bevosita yoshlarning dilidagini biladi.

Taqdir taqozosi bilan men Karimjon bilan bir gazetada ishlaganman. 1987- yil edi. “O`zbekiston adabiyoti va san`ati” gazetasida shahrisabzlik o`n etti yoshli bokira qizginaning nomusiga tajovuz qilgan bir gala jinoyatchilar haqida “Nomus o`g`rilari” nomli sud ocherki e`lon qilganimda, aksariyat hamyurtlarim mendan “Yuzimizni erga qaratding” deb nolishdi. Hamkasblarim orasida esa birinchi bo`lib meni samimiy qutlagan va muvaffaqiyat tilagan Karim Bahriev bo`ldi.

O`shanda u menga shunday degan edi: “Eng avvalo o`z xalqining yutug`ini ham, kamchiligini ham (hech kim farishta emas) o`sha elning o`z vakili aytishi kerak. Bunga uning ma`naviy haqqi bor. O`z tug`ilgan eringdagi tashvish va kamchilikni ko`ra turib sukut saqlash bu ikki barobar katta jinoyatdir. Shu ma`noda men Sizning qashqadaryolik bo`la turib Qashqadaryodagi qonunsizlik va adolatsizliklar haqidagi maqolalaringizni qo`llab-quvvatlayman…”

1988-yil. Biz Karim Bahriev bilan birga bir guruh yosh ijodkorlar safida Germaniya va Polshaga safar qildik. Safardoshlarimizning aksariyati asosiy vaqtlarini xorij magazinlarida o`tkazganlarida ham men Karimjonni o`z fotoapparati bilan Veymardagi Gyote uy-muzeyida, Vroslav ibodatxonalarida yolg`iz xayol surib yurganini ko`p bor kuzatganman.

O`tgan yili Shahrisabzdagi Miroqi qishlog`ida o`tkazilgan yosh ijodkorlar seminariga ham Karimjon bilan birga bordik. Bir kuni men uni Kitobga – ota-onam uyiga taklif etdim. O`shanda u mening aksariyat do`stlarim hayiqib, tortinib turadigan – urush sochlarini juda erta oqartirgan keksa otam bilan tezda til topishib, to tonggacha suhbat qurganini eslab hamon hayratlanaman. Undagi o`z yoshiga nisbatan erta uyg`ongan bu fazilat, bu fozillik qaerdan paydo bo`lgan deb o`ylab qolaman.

Kunlarning birida shunga o`xshash fikrlarimni adabiyot gazetasida bizni ko`proq “suyab” yuruvchi Mahmud Sa`diy bilan Ibrohim G`ofurovlarga aytganimda “U ham Moskvada o`qigan” deb javob qilishgan edi. Axir, Moskvada men ham o`qiganman. Men ham o`zimni uncha-bunchadan kam hisoblamasligim mumkin. Lekin Karimjonni negadir baribir o`zimdan yuqoriroq qo`ygim keladi. Uning rus tilida ham xatosiz, erkin yozishlarini, oddiy bir maqolani ham dildan, samimiy va sodda tilda o`quvchiga etkaza olishlarini o`ylab, uni o`zimdan ustun qo`yib xato qilmayotganimga yana bir bor amin bo`laman.

Men masalani bu tarzda tahlil etayotganim ba`zilar uchun erish tuyulishi mumkin. Negaki, Karimjon bilan biz deyarli tengdoshmiz. Ikkovimiz ham birin-ketin Moskva Davlat universitetining jurnalistika fakultetini bitirdik. Birin-ketin adabiyot gazetasiga ishga keldik. Birin-ketin o`ttiz yoshlilar safiga borib qo`shildik.

Odatda o`ttiz yoshli balog`at va kamolot pillapoyasidan turib o`z tengdoshing ijodini kuzatsang, ko`pincha kishi sezmagan holda birovdan ko`ra o`zining yutuqlarini ko`proq izlab qoladi. Shuning uchun ham men bugun shu paytga qadar Karim Bahriev haqida o`ylab yurganlarimni hech bir bo`yoqsiz, qo`shib-chatmay, qanday bo`lsa shundayligicha qog`ozga tushirishga jazm etdim.

Toki bizning avlodimiz ham o`z safidagi etuk va barkamol fikrlovchi tengdoshlarini , do`stlarini hech bir hadik va hasadsiz tan oladigan bo`lsin. Ularni jumhuriyat oliy organlariga berashk-u, behasad chin dil bilan yo`llay olsin. Axir “falonchi deputatlikka o`tib ketibdi, mening undan qaerim kam” deb ayyuhannos solayotganlar, o`z manfaati yo`lida qayta qurish siyosatini ham, partiya obro`yini ham qurbon qilib, o`zini “yangi davr arbobi” deya e`lon qilayotganlar ozmi safimizda.

Men yaqinda “Moskovskie novosti” gazetasida yozuvchi Temur Po`latovning “Apparat o`yinlari” nomli maqolasini o`qib qoldim. Muallif fikricha go`yo O`zbekistonda bu yil ham o`tgan yillardagidek saylov o`yinlari, partiya tashkilotlarining lo`ttibozliklari davom etayotgan emish. Bunga misol qilib Temur Po`latov adabiyot, san`at va ilm-fan olamining vakillari hech qaerdan nomzod qilib ko`rsatilmadi, degan bema`ni g`oyani ilgari suradi.

Temur Po`latov nima maqsadda bunday bo`hton so`zlarni aytganini men bilmayman. Lekin men Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdieva, Muhammad Solih, Sherali Jo`raev, Pirimqul Qodirov, Abdusaid Ko`chimov, Olmaxon Hayitova, Tursunoy Sodiqova, Toshpo`lat Ahmedov, Jahongir Mamatov va Karim Bahriev kabi necha o`nlab shoir, yozuvchi, hofiz va jurnalistlarning O`zbekiston SSR xalq deputatligiga nomzod qilib ro`yxatga olinganini yaxshi bilaman.

Jumhuriyatimiz tarixida hech bir davrda, hech bir saylovda bu qadar ko`p adabiyot va san`at vakillariga deputat bo`lish uchun erkinlik va imkoniyat yaratilmagan edi. Biz buni tan olmasak nonko`rlik bo`ladi. Axir o`zingiz o`ylab ko`ring, etmish yildan buyon milliy klassik qo`shiqlarimiz ijrochilaridan birortasi ham jumhuriyat oliy organlariga deputat qilib ko`rsatilmagan ekan. Faqat Halima Nosirovagina SSSR Oliy Sovetiga deputat bo`lgan, xolos. Temur Po`latov ayblayotgan bu yilgi saylovdagi xalqchillik va adolat tufayli Sherali Jo`raev nomzodi jumhuriyat xalq deputatligiga ko`rsatildi va ro`yxatga olindi.

Biz yozuvchilar ikki xil qalamga, ikki xil siyosatga o`rganmasligimiz kerak. Hamisha o`z bema`ni manfaatimizni xalq manfaatidan, jumhuriyat manfaatidan ustunlik qilishini jilovlab turishimiz lozim.

Yosh va umidli jurnalist Karim Bahriev nomzodining O`zbekiston SSR xalq deputatligiga ko`rsatilishi va ro`yxatga olinishi ham mening nazarimda qayta qurishning, jumhuriyat partiya Markaziy Komitetiga ishga kelgan yangi va odil rahbariyatning olib borayotgan oqil siyosati natijasidir.

O`zingiz o`ylab ko`ring, axir! Avvallari shunday jasur va jur`atli jurnalistlarni nomzod qilishga qo`yisharmidi? Urgutliklar uni saylashadimi, yo`qmi, bilmadim, lekin baribir nomzod sifatida yaxshi odamni tanlaganlaridan xursandman. Negaki, endi yasama, go`l deputatlarning payti o`tdi. Bir do`stim boshliqlar beva bir ayolni paranjisini olib, yalinib deputat qilganliklarini, Toshkentga sessiyaga har gal qaynotasidan ijozat so`rab zo`rg`a olib kelganlarini hikoya qilib bergan edi. Xayriyat, odamlar bunday qo`g`irchoq deputatlar kerak emasligini bugun anglab etmoqdalar.

Men bugun Karim Bahrievning o`tkir publisistik maqolalarini, matbuot sahifalaridagi qator dadil chiqishlarini tilga olmadim. Men uning haqida o`zim yonida yurib kuzatgan, xayolimdan kechgan fikr-o`ylarimni qandoq bo`lsa, shundayligicha yozishga qaror qildim, xolos. Bu ixlos va ehtiromga men tabiiyki uning qaddi qomati uchun emas, balki yozganlari uchun, adolatsevar va kurashchanligi uchun ixtiyor sezdim.

Men unda deputatlikka munosib nimalarni ko`raman? Birinchidan, unda uyg`oq qalb, fikrlovchi tafakkur bor. Adabiyot gazetasiga bosh urib kelgan jabrdiyda odamlarning arzini olib goh Surxondaryoda, goh Xorazmda, goh Buxoroda yuradi.

Bir kuni o`g`li armiyada halok bo`lgan g`allaorollik otadan redaksiyaga xat keldi. Bosh muharrir uni “Karim yoki Ismat borib kelsin” deb xatlar bo`limiga o`tkazibdi. Erta borarman, indin borarman degan o`y bilan xatni bir haftaga yaqin stolim ustida saqlab yurdim. Bir kuni uni izlab topolmadim. Bo`lim mudirimiz Muhabbat Turobova xatni Karim olib G`allaorolga jo`nab ketganini aytib qoldi. Rosti, jahlim chiqdi. Mavzu yaxshi edi. Ko`pchilikning ichidagi dard edi. O`zim yozmoqchi edim…

Uch kun o`tib Karimjon qaytdi. Ochilib so`rashmadim. Yana uch kun o`tib qo`limga bir maqola tutqazdi, ko`rib bering deb. Ham alam, ham nosamimiylik bilan o`qiy boshladim. O`qiy boshladim-u, Karimni baribir yomon ko`ra olmasligimni, u maqolani mendan ham yaxshi yoza olishini beixtiyor tan olgim keldi. Karim maqolani yig`lab yozgan edi. Men ham uni yig`lab o`qidim. Uni, balki Siz ham, muhtaram do`st, yig`lab o`qigandirsiz. U “Oy borib omon qaytmagan bolam” nomli maqola edi…

Karimda iqtisodiy bilim bor – u “Hayot va iqtisod” – “Ekonomika i jizn” jurnallari tahrir hay`atining a`zosi. Uning jumhuriyatni xo`jalik hisobiga o`tkazish borasida o`z rejalari borligini yaxshi bilaman. Samarqand viloyatini meva-savzovotchilikka ixtisoslashtirishga, Zarafshon daryosining tozaligini asrash uchun Samarqand-Navoiy-Buxoro harakati uyushtirishga doir mulohazalarni izlab yurganidan xabardorman.

U bir kuni menga dabdurustdan “Ismat aka, amaldorlar biz yozgan bilan pora olishni bas qilmaydilar, keling, xalqqa: “Odamlar, pora bermang!” deya murojaat qilaylik” – degan edi. Agar deputat bo`lsa, endi bu borada ham ayovsiz kurashishi aniq.

Karim Bahriev har safar Urgutga borib kelgach, “Xalq juda sabrli-da, Ispanzaning ichkari yo`llaridan bronetransportyor ham yurolmaydi, Quyi qishloqda maktab qurish kerak, Jayrada bolalar bog`chasi yo`q, yoshlar ishsiz – sanoat korxonalari qurish lozim, tamakining achchig`ini aytmaysizmi?!

Ay, bu urgutliklarni asrash kerak”, deb fig`oni falakka chiqardi. Agar deputat bo`lsa, o`zi shu ishlarni qiladi, albatta. O`zi o`sha joylarda tug`ilgan, biladi…

Ismat XUShEV,
“Hayot va iqtisod” – “Ekonomika i jizn” jurnallari
Bosh muharriri vazifasini bajaruvchi.

“Yosh leninchi” gazetasi 1990-yil, 13- fevral, №30

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
28.07.2021 12:43
Дадахон Ёкубов ким эди?
05.02.2021 09:54
Карим Бахриевнинг иқтисодий, ижтимоий, сиёсий ва маънавий таҳлиллари, халқпарварлиги ва ватанпарварлиги, оддий инсонийлиги мени ҳайратга солади. У, том маънода шерюракдир.