Irqiy kamsitish (diskriminasiya) – bu insonlarni ularning irqi, terisi rangi, kelib chiqishi yoki millatidan kelib chiqqan holda kamsitish yoki ularga nisbatan tengsiz munosabatda bo`lishdir. Bunday holat inson huquqlari va erkinliklariga qarshi qaratilgan jiddiy qonunbuzarlik hisoblanadi. Shu bois irqiy kamsitishga qarshi kurashish xalqaro hamjamiyatning ustuvor vazifalaridan biriga aylangan. Shunga ko`ra xalqaro va milliy darajada turli yillarda uning huquqiy asoslari yaratildi, xalqaro mexanizmlar ishlab turibdi.
Xalqaro miqyosdagi kurash tizimi. Irqiy kamsitishga qarshi xalqaro harakatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) faoliyati bilan bevosita uzviy bog`liq. BMT Ustavining 1-moddasida tashkilotning asosiy maqsadlaridan biri - inson huquqlari va asosiy erkinliklariga hurmatni, irq, jins, til yoki dindan qat`i nazar, barcha uchun teng ravishda ta`minlash ekanligi belgilab qo`yilgan. Bu norma xalqaro huquqda irqiy kamsitishni taqiqlashning ilk asosiy manbai hisoblanadi.
“Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi” (1948 yil)da “Barcha odamlar o`z qadr-qimmati va huquqlarida erkin va teng bo`lib tug`iladilar. Hech kim irqi, teri rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e`tiqodi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkdorligi yoki boshqa holatlariga ko`ra kamsitilishi mumkin emas”, deb belgilangan. Bu hujjat ham xalqaro huquqda irqiy tenglik tamoyilini mustahkamlagan eng muhim me`yoriy manbalardan biridir.
1965 yil 21 dekabrda qabul qilingan “Barcha turdagi irqiy kamsitishni tugatish to`g`risidagi xalqaro konvensiya” ushbu sohadagi asosiy huquqiy hujjat hisoblanadi. Konvensiya davlatlarni irqiy kamsitishning har qanday shaklini taqiqlash, uni amalga oshirgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini belgilash, hamda barcha fuqarolar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta`minlashga majbur qiladi. BMT qoshidagi Irqiy kamsitishni bartaraf etish bo`yicha qo`mita (CERD) ushbu konvensiyaning bajarilishini nazorat qiladi. U davlatlardan doimiy hisobotlarni qabul qiladi va tavsiyalar beradi.
“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro pakt” (1966 yil)ning 2-moddasiga ko`ra, ishtirokchi davlatlar hech qanday kamsitishsiz barcha shaxslar uchun huquqlarni amalga oshirishni ta`minlashi shart.
Paktning 26-moddasida esa: “Qonun oldida barcha tengdirlar va qonun himoyasidan teng darajada foydalanadilar. Hech kim irqi, rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e`tiqodi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkdorligi yoki boshqa holatlariga ko`ra kamsitilishi mumkin emas”, deb belgilangan. Bu me`yorlar irqiy kamsitishni taqiqlovchi huquqiy majburiyatlarni xalqaro darajada mustahkamlaydi.
YuNESKOning irqiy kamsitishga qarshi deklarasiyasi (1978 yil)da ta`lim, fan va madaniyat sohasida irqiy ksenofobiya va millatchilikka qarshi mafkuraviy kurashni kuchaytirish zarurligi ta`kidlangan.
Bu hujjat irqiy bag`rikenglik va millatlararo do`stlikni targ`ib etishning madaniy-tarbiyaviy asosini belgilaydi.
BMTning “Durban deklarasiyasi va harakat dasturi” (2001 yil) Janubiy Afrikada o`tkazilgan BMT konferensiyasida qabul qilingan. Mazkur deklarasiya irqiy kamsitishga qarshi kurashishda davlatlar, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar o`rtasida hamkorlikni kuchaytirishni ko`zda tutadi. Unda irqiy kamsitishning yangi shakllari- ksenofobiya, migrantlarga nisbatan nafrat, diniy asosdagi nafrat kabi muammolarga ham e`tibor qaratilgan.
Afrika inson va xalqlar huquqlari xartiyasi (1981 yil) irqiy kamsitishni qat`iy taqiqlasa, Evropa inson huquqlari konvensiyasi (1950 yil) 14-moddasi irq, din yoki kelib chiqishga ko`ra kamsitishni taqiqlaydi.
Biz so`z bilan aytganda irqiy kamsitishga qarshi kurashishning xalqaro-huquqiy asoslari BMT Ustavidan boshlab bir qator deklarasiya, konvensiya va paktlarda o`z ifodasini topgan. Ushbu hujjatlar davlatlarga irqiy tenglikni ta`minlash, kamsitishni jinoiylashtirish, hamda inson qadrini himoya qilish majburiyatini yuklaydi.
Milliy darajadagi chora-tadbirlar. O`zbekiston Respublikasi ham mazkur Konvensiyaga 1995 yilda qo`shilgan va uning qoidalarini milliy qonunchilikka joriy etgan. O`zbekiston Konstitusiyasining 18-moddasida shunday deyiladi: “Barcha fuqarolar irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi yoki shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat`i nazar, qonun oldida tengdirlar.”
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasining “Inson huquqlari to`g`risida”, “Ta`lim to`g`risida”, “Ommaviy axborot vositalari to`g`risida”gi qonunlari va boshqa me`yoriy hujjatlarda ham irqiy yoki millatchilik asosida kamsitishni taqiqlovchi normalar mavjud.
O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan Inson huquqlari bo`yicha Milliy markaz, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman) hamda Inson huquqlari bo`yicha komissiyalar irqiy kamsitish holatlarini o`rganish va bartaraf etishda muhim rol o`ynaydi.
Jamiyat va ta`lim tizimining roli. Irqiy kamsitishga qarshi kurash nafaqat huquqiy, balki ma`naviy-ma`rifiy jarayon hamdir. Bu sohada ta`lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari katta ahamiyatga ega. Ular orqali millatlararo bag`rikenglik, hurmat va hamjihatlik g`oyalari keng targ`ib etiladi.
Xulosa qilib aytganda, irqiy kamsitishga qarshi kurash – bu faqat davlat organlarining emas, balki har bir shaxsning ham burchidir. Inson huquqlariga hurmat bilan munosabatda bo`lish, millatlar va irqlar o`rtasida tenglik tamoyilini qaror toptirish orqali barqaror va adolatli jamiyat barpo etish mumkin. Shu ma`noda, irqiy kamsitishga qarshi kurashish nafaqat huquqiy, balki ma`naviy majburiyat ham bo`lib, u umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlaydi.
Boboqul Toshev
Odil sudlov akademiyasi professori