Tegishli videomurojaat Telegram’dagi «Qitmir muxbir» kanalida e`lon qilindi.
Ma`lum bo`lishicha, «Agrobank» filialiga mahalliy fuqaro kelib, kredit olish niyatini bildirgan.
«Hamma hujjatlarim joyida. Shu sababdan boshliqning oldiga borishimni aytishdi. Kirsam, bank rahbari qo`limdan barcha hujjatlarni oldi. Hujjatlarim joyidaligini aytdi, keyin esa tirikligimni tasdiqlovchi ma`lumotnoma olib kelishimni so`radi. Men bilan gaplashayotgan bank rahbari mening tirikligimga ishonmayapti va bu faktni tasdiqlovchi hujjat olib keling, deydi. Ayting-chi, borligimni tasdiqlovchi hujjatni menga kim beradi? - deb so`radi erkak.
«Daryo»ning yozishicha, Markaziy bank viloyat boshqarmasi mutasaddilari fuqarodan shunday mazmundagi ma`lumotnoma so`ralganini tasdiqlagan.
«Bankning kredit ma`lumotlar bazasida bu shaxs ko`p yillar avval vafot etgani qayd etilgan. Shuning uchun bank menejeri undan uning tirikligini tasdiqlovchi hujjatni so`ragan bo`lishi mumkin. Vaziyat atroflicha o`rganiladi», — deyiladi Markaziy bank viloyat boshqarmasi xabarida.
Manba: Kun.uz