Qiziq-a, milliard-milliard so`mga katta bir zavod ishga tushiriladi-yu, nimadir sabalar ko`rsatilib, ko`p o`tmay kimlarningdir qo`liga o`tib ketaversa.
Zavod kelajagi haqida katta-katta va`dalar berib Prezidentga ko`rsatilsa-yu, xalqning koriga yarab, davlatga millionlab daromad keltirishni endi boshlaganida xalqdan olib qo`yilsa. Sirli ravishda to`xtatilsa… Shubhalanmaysizmi? Xalqning puliga achinmaysizmi?
***
Namanganning Pop tumanidagi 7 million dollarlik Ko`mir briketi ishlab chiqaruvchi zavod maxfiy ravishda to`xtab qoldi. Ayrimlar buning sababi deya — zavodni yuqoridagi amaldorning yaqini sotib olgani aytmoqda. Shubhaga o`rin qoldirmaslik uchun rost24.uz surishtiruv o`tkazdi. Natija esa...
Prezident qaysi viloyatga tashrif buyurmasin, mulozimlar uni doim yangi ishga tushgan ob`ektlar bilan tanishtiradi. Biz bilamizki, ko`pincha, Davlat rahbari tashrifiga yangi daraxtlar ekiladi, ko`chalar tozalab yoritiladi. Ba`zida ana shu tashrif uchun yoritilgan lampochkalardan tortib, ekilgan daraxtlargacha hammasi vaqtinchalik bo`lib chiqadi.
Rost24.uz ning tekshiruvlariga ko`ra, Prezident tashrifiga hozirlangan nafaqat daraxt va toza ko`chalar, balki yirik-yirik zavodlar ham soxta yoki vaqtinchalik bo`lib chiqmoqda. Ayrim zavodlar sotuvi taqdiri esa yopiq eshiklar ortida hal bo`lmoqda.
Zavod nega faoliyatini to`xtatdi?
2017 yilning yoz oyida Shavkat Mirziyoev Namangan viloyatiga qilgan tashrifida Pop tumanida yangi ochilgan briket zavodi bilan tanishadi. Yiliga 500 ming tonna ko`mir briketi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod 160 kishini ish bilan ta`minlab kelayotgan edi. Ushbu zavod “O`zbekiston temir yo`llari” aksionerlik jamiyatiga tegishli bo`lgan “Pop logistika markazi” unitar korxonasiga qarashli bo`lgan. Mazkur zavodda Angren ko`mir konidan keltirilgan xomashyo asosida tayyorlanayotgan 3, 5, 10, 20 va 30 kilogramm og`irlikda qadoqlangan ko`mir briketlari yonuvchanligi yuqoriligi, kul hosil bo`lish darajasi nihoyatda pastligi bilan xaridorgir bo`lgan. Afsuski, mana salkam ikki yildirki, 7 million AQSh dollari evaziga ochilgan zavod o`z faoliyatini to`xtatdi. Aholining esa ko`mir briketlariga talabi yuqoriligicha qolmoqda.
Prezidentga maqtalgan zavod hozirda aholi ehtiyoji uchun zarur bo`lgan ko`mir briketlarini ishlab chiqarayotgani yo`q. Zavodning yopilishi sababini surishtirib “O`zbekiston temir yo`llari” AJga murojaat qildik. Aksionerlik jamiyati matbuot kotibining ma`lum qilishicha, ayni damda zavod sotuvga qo`yilgan. Sotuvga chiqarilishing esa o`ziga yarasha sabablari bor ekan. Ya`ni, “O`zbekko`mir” aksionerlik jamiyati “O`zbekiston temir yo`llari” AJdan ajralib chiqqach, ko`mir etkazib berish “Pop logistika markazi” uchun qimmatlik qiladi. Oqibatda ko`mir narxlari zavodga to`g`ri kelmagani uchun briket ishlab chiqaruvchi zavod kasodga uchraydi. Oqibatda zavodni sotishdan o`zga chora qolmagan.
Tushunishimizcha, faoliyati Angren ko`mir koni bilan bog`liq bo`lgan Popdagi briket ishlab chiqariluvchi zavod ikki yilgina ishladi, xolos. Briket ishlab chiqarishni ko`zlagan 7 million dollarlik loyiha uzoq vaqtga mo`ljallanmagani achinarli va shubhali holat emasmi?
“O`zbekko`mir” va “O`zbekiston temir yo`llari”ning ajralishi
“O`zbekko`mir”ning “O`zbekiston temir yo`llari” aksionerlik jamiyatidan ajralib chiqishi bilan zavod to`xtab qolgan. Lekin, nima uchun 2017 yilda temir yo`l tarkibiga kiritilgan “O`zbekko`mir” yana 2 yil o`tib uning tarkibidan chiqariladi. Shuningdek, "O`zbekko`mir"ning ajralib chiqishi haqidagi Vazirlar Mahkamasi qarori ochiq e`lon qilinmagan.
“O`zbekko`mir” aksionerlik jamiyatining matbuot kotibi Ne`mat Dushaevning aytishicha, Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori yopiq ma`lumot hisoblanadi hamda ana shu yopiq ma`lumotga ko`ra, “O`zbekko`mir” “Central asia energy” ma`suliyati cheklangan jamiyatga ishonchli boshqaruvga berilgan. “Central asia energy” MChJ ta`sischisi esa "GORNIE RABOTI" TOO hisoblanadi. "GORNIE RABOTI" TOO Qozog`istonda ochilgan kompaniya hisoblanadi.
Ko`mir briketi ishlab chiqaruvchi zavod sotuvga qo`yildi, ammo...
“O`zbekiston temir yo`llari” aksionerlik jamiyati matbuot xizmatii xodimining xabar berishicha, Pop tumanidagi Ko`mir briketi ishlab chiqaruvchi zavod sotuvga qo`yilgan va hujjatlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taqdim etilgan. Matbuot xizmati xodimi bizga sotuv lot raqami va boshqa ma`lumotlarni hozircha taqdim etmadi va tafsilotlarni Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan olishimizni so`radi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligidagi matbuot xizmati xodimi ma`lumotiga ko`ra, tashkilotda Pop tumanidagi Ko`mir briketi ishlab chiqaruvchi zavod haqida bironta ma`lumot mavjud emas. U yana ma`lumotlarni aniqlashtirish uchun “O`zbekiston temir yo`llari”dan qandaydir hujjat berilishini so`radi.
Biz ikki tashkilot o`rtasida Pop tumanidagi Ko`mir briketi ishlab chiqaruvchi zavod sotuvga chiqarilganini tasdiqlovchi, uni boshlang`ich narxi bo`yicha hujjatlarni izlab sarson qoldik. Ayni damda, rost24.uz sayti “O`zbekiston temir yo`llari” aksionerlik jamiyatiga rasmiy xat yuborgan va javob kutmoqda.
Zavod haqiqatan sotuvga chiqarilgan bo`lsa, nima uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bu haqida ma`lumot topib bera olmadi? Butun boshli zavodning sotuviga oid ma`lumotlar nega keng ommaga ochiqlanmadi? Ijtimoiy tarmoqlarda va Namangan aholisi orasida ushbu zavodni hukumatning yuqori qatlamidagi amaldor yaqini “o`ziniki” qilib olgani haqida gap so`zlar o`rinlimi? Nega tegishli tashkilotlar hujjat taqdim etishda sansolarlikka yo`l qo`yishmoqda?
Rost24.uz sayti odamlar og`zidagi gaplarga hujjat bo`lmaguncha ishonmaydi, ammo hujjat topilmasa shubhaga o`rin bor. Shunday emasmi?