Forish tuman hokimiyati nayranglari: "Nochor oilaning o`zi aybdor, ular 8 bosh tovuqni yo`q qildi"

25.07.2022 16:45

Yoxud muammolarni hal qilishning “Forishcha” usuli — mutasaddilar ishsiz oilani hali o`zi yo`q ishxonaga joylashtirishni va`da qilishdi.

Prezident nega hududlarni sektorlarga bo`lgan?.. To`rt amaldor hududlarga jilddiy qarab, muammolarni hal qilishi, har   

Saytimizda 19 iyul kuni “Hokimlik yordami bilan kambag`allikdan qashshoqlikka tushirilgan oila” deb nomlangan video material e`lon qilinganidan so`ng, maqola ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab muhokamalarga sabab bo`ldi. 

Oradan bir kun o`tib Forish tuman hokimligining mazkur maqolaga “Murojaatlar asosli bo`lsin!” nomli raddiyasi e`lon qilindi. Maqolada Forish tumani “Garasha” mahallasi Choshtepa qishlog`ida yashovchi Surayyo Hakimovaning oilaviy ahvoli bayon etilgani hokimlikdagi ba`zi amaldorlarning hamiyatiga qattiq tekkan ko`rinadi, chunki raddiyada asosdan ko`ra jahl va iddao ko`proq ko`zga tashlanadi. Hokimlik yordam olgan oilani salkam jinoyatchi va boqimandaga chiqaradi. Vaholanki, o`sha hududda oilani ishlashi uchun bironta ish o`rinlari mavjud emas, qishloq infrastrukturasi haqida gapirishning o`zi kulgili.

“Tez ko`payishi va tez daromad keltirishi inobatga olinib Vohid Hakimov oilasiga ham 7 million 800 ming so`m kredit mablag`i evaziga Surayyo Hakimova video lavhada ta`kidlayotganidek 4 bosh echki va bir bosh taka emas, balki 9 bosh echki berilgani”ni yozgan hokimlik vakillari video-lavhani tuzukroq ko`rmagan ham shekilli, chunki videoda Surayyo Hakimova “4 bosh echki bolasi bilan, bitta taka berishdi” deydi. Ya`ni, raddiyada har biri uloqchali bo`lgan to`rtta ona echki 8 bosh baquvvat va sog`lom, tanlab olingan echkilarga, xonadon egalari esa shunday sara mollarni “yo`q qilib yuborgan” jinoyatchilarga aylanib qolmoqda. Qizig`i shundaki, ayol va qo`shnilarning ta`kidlashicha, o`sha qishloqda ana shunday yordam olgan boshqa oilalarning ham echki va takalari ham kasalmand bo`lib chiqqan va nobud bo`lgan.

Video lavhada oilaning iqtisodiy ahvoli, yashash sharoiti yaqqol ko`rinib turgani holda, hokimlikning “0,49 gektar erda artezan qudug`i qazilgan (ma`lumot uchun, bu quduqni S.Hakimovaning otasi o`z mablag`iga qazdirib bergan, hokimlikning bunga aloqasi yo`q), ekilgan 50 tupdan ziyod mevali, 50 tupdan ziyod tok hosilga kirgan hamda boshqa oziq-ovqat ekinlari etishtirilmoqda” deya iddao qilishi kulgili va uyatli. Kunlik ro`zg`orini zo`rg`a yuritayotgan, doimiy ish joyiga ega bo`lmagan, dori-darmonga ehtiyoji bo`lsa-da imkoni bo`lmagan oila kasal echkilarni sog`aytirib olishi, boqishi, dalasiga suv olib chiqish uchun artezian o`rnatishi, uyiga kadastr hujjatini qilish uchun xarajatlarga pul topishi, hatto dalasiga ko`chat, o`g`it olishi ham qiyin ekanini, bunday xarajatlarni eplolmasligi tabiiy hol ekanligi, kasal echkilar parvarish qilish qanday qiyin ekanini tushunish uchun nahotki shunday kulbada va sharoitda yashab ko`rish shart bo`lsa?

Prezident siyosatini yuritayotganlikda da`vo qilayotgan hokimiyat oilaga 8 bosh mahalliy tovuq berganini ham alohida iddao qiladi. 8 bosh tovuq bilan bir oilani obod qilishni ko`zlagan hokimiyat Surayyo Hakimova tovuqlarini 5 tasini echki kreditini yopish uchun sotgani va qolgani ikkisini boqayotganini surishtirib ham ko`rmagan. Eng achinarlisi uyi atrofidagi 0,49 gektar erni ayol qarindoshlari yordami bilan quduq qazitib, yaqinlaridan ko`chat so`rab ekib, obod qilib, yaratgan bog`ni noqonuniy foydalanishda ayblamoqda. Atrofda bo`m-bo`sh suvsiz erlar yastanib yotibdi. Biroq, hokimlik eshigi tagidagi taqir erni obod qilib o`tirgan oilani ayblash ovora. Hokimiyat yana shu bog`ni ro`kach qilib, oila kambag`al emasligiga ishora qiladi. Vaholanki, bog` yaratilganiga 3 yil bo`lgan va daraxtlar endigina ko`chatga kirgan.

E`tibor bergan bo`lsangiz, ayol butun ko`rsatuv davomida hokimlikdan na “kadastrsiz” uyini ta`mirlab berishini, na moliyaviy yordam berishni, na tiqishtirilgan kreditni to`lab berishini so`ramaydi. Video so`nggida ikki og`iz jumla bilan, qishloqda, yaqin-atrofda zavodmi biror korxonami bo`lganida ishlagan bo`lishini, o`zidek ayollar ko`pligini aytadi xolos.

Bizda kambag`allik qachon qisqaradi?

Eri uchinchi guruh nogironi bo`lib, har olti oyda davolanishga imkoni bo`lmagan, bolalarini chayon va ilonlardan himoya qilishni istagan, hokimlik vakillari balki hayvonlarini ham yashatmaydigan devorlari nurab turgan shifersiz uyda uch nafar yosh bolasi bilan yashayotgan, kreditdan qolgan 4 million qarzini 2 yildan beri to`lay olmayotgan, borib dardini so`ragan muxbirga ham nolimagan, borini aytgan bir ayol hokimlik vakillari tomonidan shuncha iddao-yu malomatlarga uchrasa, yolg`onchilikda ayblanib, “to`liq huquqiy tushuncha berilsa”, kambag`allik qachon qisqaradi?
Hokimlikning moliya, iqtisodiyot va kambag`allikni qisqartirish masalalari bo`yicha bo`limi dardini aytgan odamning og`zini yopish bilan shug`ullanadimi?

“Yaxshilik”ni hokimlik qilmoqdami?

Raddiyada keltirilgan “Yaxshilikni yaxshilikni bilganga qil. Aks holda butun jamiyatga yomonlik qilgan bo`lasan” degan jumla bilan hokimlik vakillari nima demoqchi? Ba`zi amaldorlar davlat tomonidan qonuniy qilinayotgan islohatlarni o`z cho`ntagidan sarflanayotganday, go`yoki o`zining molidan berayotganday his qilishadimi? Hokimlik munosabatida “prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” degan ezgu g`oya” kimga nisbatan eslab o`tilgani ham qiziq, hokimlik bu bilan o`ziga o`zi nasihat qilmoqdami? Yoki o`zlari tomonidan qarzga botirilgan oilaning kreditini homiylar to`lab berganini hokimlik minnat qilyaptimi?

Yo`q qabristonga qorovul kerakmi?

Raddiyadagi “Oila sohibi Vohid Hakimov Choshtepa qishlog`ida tashkil etilayotgan yangi qabristonga ishga joylashtiriladigan bo`ldi” degan jumla bizni qiziq ma`lumot sari etakladi. Sababi, Choshtepa qishlog`ida hali qabristonning o`zi yo`q. U qachon tashkil etilishi-yu, necha kishi dafn etilganidan so`ng qabristonga xodim ishga olinishi ham bu kabi ko`plab munosabatlardagi ma`lumotlar kabi oxiri noma`lum. Balki Vohid Hakimov qabristonga ishga kirib, u erdan topgan daromadi bilan o`zini, oilaviy sharoitini o`nglashi uchun hali hali ancha yillar kerakdir? 
Ma`lumot o`rnida, sayt xodimlari 2020 yildagi echki narxlari bilan ham qiziqib ko`rdi. Ma`lum bo`lishicha, 2020 yilda bozorda tanlab, saralab olish mumkin bo`lgan echkilar narxi 300 mingdan 800-900 ming so`mgacha bo`lgan (albatta, bu narxlar hayvonlarning kasalmand, qari va ozg`inligiga qarab emas, yoshiga, katta yoki kichikligiga, uloqchali ekanligiga qarab belgilangan). Bu borada xulosa o`zingizdan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
15
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
26.07.2022 12:46
Зурнайранг.
26.07.2022 12:44
Камбагалникуникурсинкачонкорнитуйибовкатеганинибилмасахамкерак.
25.07.2022 23:00
Камбағал хамиша айбдор, айбдор бўлмаганида камбағал бўлмас эди
25.07.2022 22:35
Хокимият вакиллари моддий ёрдам ва имтиёзли кредитлар билан уз вазифамизни якунладик деб уйлайди шакилли. Муммо ишсизликдаку аслида. Жойларга сув, электр, газ олиб бор, инвесторлар завод фабрикаларни куришга шароит кибер. Кредит берсанг йуксил бойиб колармиди?