Bu oila tomida shiferi yo`q, xaroba uyda yashaydi. Ona 3 nafar bolasini chayon va ilonlardan asrayin, deya xavotirda kun o`tkazadi. Ota kreditdan qolgan 4 millionni qutilish uchun kunda mardikorlikka chiqadi.
Rost24.uz Jizzax viloyati, Forish tumanining Choshtepa qishlog`ida Surayyo opa Hakimova xonadonida bo`ldi.
Ochig`i, ular hayot kechiryotgan uyni oddiy so`z bilan tariflash mushkul, hatto ko`z bilan ko`rib ham ishonish qiyin.
«Bu yil uyimizga namlik ko`p o`tib ketdi. (Bilasiz, namlik ko`p joyda chayonlar ko`p uchraydi). Shunga uyimizda chayonlar ko`payib ketdi. Endi kattalarni-ku, chaqdi. Bolalarimni, ayniqsa, mana bu qizimni ikki-uch marta chaqdi, hozir qizim qo`rqoq bo`lib qolgan. Chayonni ko`rsa “aya-aya, chayon chiqdi”, deb qoladi. Mayli, bular-ku, sal bo`lsa ham katta bo`lib qolgan, lekin beshikdagi bolam… u hech narsa qilolmaydi-ku, ikki ko`zimiz shunda-da...».
***
2020 yil. Surayyo opa «Ayollar daftari» ro`yxatda bo`lgan. Vaqt o`tib, kam ta`minlanganlar ro`yxatidan chiqarish uchun 7 mln. 800 ming so`m kreditga 4 ta bolali echki, takasi bilan berishadi.
Surayyo opa hukumat yordamining oqibatlari haqida shunday so`zlaydi:
«O`shanda berilgan echkilar iyun oyining oxirlariga kelib kasal ekan, hammasi o`lib qoldi. Na iloj, otam bergan buzoqni sotib, kreditning bir qismini kuchimiz etgancha to`ladik. Mana 4-5 oydan beri qolgan 4 million so`m uchun, suddan qog`oz kelib yotibdi».
Oila bo`ynida katta qarz qolib ketadi. Qishloq ayolining kredit shartnomasi bilan tanishish, echkilar sog`lomligini tekshirishga o`quvi etmagan.
Hukumat yordami bilan kambag`aldan qashshoqqa aylangan ayol tomorqasida kun ko`rishda davom etmoqda. Kasal echkilar ayolga majburan o`tkazilmaganda uning hozir bir bosh buzog`i ham o`zida bo`lar edi. Zarar ko`rgan ayol, balki endi unga “yordam” berilgani sabab “Ayollar daftari”dan ham chiqarilgan bo`lsa ajab emas.
***
Bu oila bekasini hayot ne sinovlari bilan sinamasin, faqat o`tgan kuniga shukrona aytadi. Hayotida ko`rgan kunlarini, farzandlari ham ko`rmasligini, o`z tengqurlari qatori unib-ulg`ayishini qattiq istaydi va bor kuchi bilan harakat qiladi. Kezi kelsa, kunlik ishga chiqadi, qo`lidan kelgancha dehqonchilik qiladi.
Farzandlari katta bo`lganida: «Bizning yoshligimizda shunday bo`lmagan, sizlar bizga kerakli sharoitni qilaolmagansizlar», deb aytishini istamaydi. Aynan shuning uchun ham, ertayu kech mehnat qiladi.
«Turmush o`rtog`im ichmaydi, chekmaydi. Topganini uyga olib keladi. Shuning uchun ham oilam tinch. Tinchmiz-ku, sog`lommiz-ku, shunga ham shukr», deydi u.