«Davr» mahallasidagi muammolarni ishchi guruh borib o`rgandi.
Shu yilning 23 iyun kuni saytimizda: «Chiriyotgan simyog`och, chang ko`chalar, «svetsiz» uylar... Nomi yangi, muammolari eski Ko`kdaladan reportaj» nomli material e`lon qilingan edi. Bunga «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati munosabat bildirdi. Unda elektr ta`minotini uzluksiz ta`minotidagi muammolar tug`ilishiga sug`orish maqsadida artezan qurib olgan aholining o`zi aybdor qilingan bo`lsada, yangi transformator qurilishi masalasi ham ko`rib chiqilishi ma`lum qilingan:
«Ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari e`tibori qaratilgan Ko`kdala tumanining «Davr» MFY O`rta qishlog`ida 118 ta xonadon mavjud. Aholiga xizmat ko`rsatib kelayotgan 659 -sonli 160 kVa transformator punkti hamda 10 kV «O`rta» fideridan tortilgan havo liniyasining beton tayanchlari soz holatda. 0,4 kVli elektr tarmog`i simyog`och ustunlaridan iborat, uning aholi xonadonlarigacha kirib borgan qismi yaroqli holatda.
Videolavhada ko`rsatilgan qo`lbola simyog`ochlarning ahvolini o`rganib chiqqan ishchi guruh qurilmalar aholi tomonidan tuman elektr ta`minoti korxonasining ruxsatisiz, hech qanday texnik shart-talablariga rioya qilinmagan holda tomorqalarini sug`orish maqsadida artezan quduq nasoslarini ishlatish uchun o`rnatib olingani aniqladi. Darhaqiqat, ushbu liniyalarning salqi holati, xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilmagani qayd etildi.
Qishloq aholisi vakillaridan Bekzod Hayitov, Anvar Rahmonov, Anvar Muhammadievlar bilan ushbu masalaning echimiga doir suhbat o`tkazildi. Unda elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalari va me`yorlariga amal qilish, tarmoq rekonstruksiyasi va barqaror elektr ta`minotini yaxshilash bo`yicha ko`rilayotgan choralar haqida ma`lum qilindi.
Murojaatchilar bu borada yagona muammo sifatida qo`shimcha transformator punkti qurib berishlarini so`rab, ushbu sohadagi ularning talabi ishchi guruh o`rganishlari va xulosalariga ko`ra hal etilishi ma`lum qilindi».