O`zsanoatqurilishbankka korrupsiyaga murosasizlik sertifikati topshirildi

14.07.2022 18:02

Joriy yilning 14 iyul kuni O`zsanoatqurilishbankka korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiqlik sertifikati taqdim etildi. Mazkur sertifikat bankning barcha ko`rinishdagi korrupsiyaga murosasiz munosabatda ekanini anglatadi, xususiylashtirish jarayonida investorlar va biznes hamkorlari ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

Prezidentimizning 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, barcha davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning yangicha mexanizmi yaratildi.

O`zsanoatqurilishbank tomonidan ham xalqaro standartlar asosida ishlaydigan anti-korrupsion tizim joriy qilinib, ushbu yo`nalishdagi ishlar izchil takomillashtirilmoqda. Xususan, xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda Bankning korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimini ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiqlashtirish maqsadida qator chora-tadbirlar, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida bankning ichki va tashqi muhiti o`rganildi, korrupsiya xavf-xatarlari baholanib, bu borada ehtimoliy lavozimlar ro`yxati belgilab olindi.

Kontragentlarni tekshirish, xodimlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash siyosatiga muvofiqlik deklarasiyasini taqdim etish, fuqarolarni ishga olish jarayonini videokuzatuv moslamalari orqali yozib, ijtimoiy tarmoqlarda yoritish, korrupsiya xavfi yuqori bo`lgan xodimlar ro`yxati hamda manfaatlar to`qnashuvi reestrini yuritish kabi tizimli ishlar yo`lga qo`yildi.

“CERT Academy” xalqaro trening kompaniyasi bilan hamkorlikda bank xodimlarini ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablari bilan tanishtirish maqsadida qator o`quv kurslari tashkil etildi. Natijada bugungi kunda 80 nafarga yaqin top-menejer ISO 37001:2016 xalqaro standarti sertifikatini qo`lga kiritdi.

Shu o`rinda ta`kidlash joiz, O`zsanoatqurilishbank birinchilardan bo`lib korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining ISO 37001:2016 xalqaro standartini uch bo`g`inda (respublika, viloyat va tuman kesimida) joriy qilayotgan muassasa hisoblanadi.

Bankning ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiqlik sertifikatiga ega bo`lishi barcha ko`rinishdagi korrupsiyaga murosasiz munosabatda ekanligini bildirib, bank faoliyatini barqarorlashtirishda muhim rol o`ynaydi.

Eslatma!

O`zsanoatqurilishbank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, mijozlarga xizmat ko`rsatishda ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash hamda bu borada jamoatchilik bilan samarali aloqani yo`lga qo`yish maqsadida “Komplaens ishonch liniyasi” ishga tushirilgan.

Ushbu aloqa liniyalari orqali murojaatlar 24/7 rejimida fuqarolar xohishiga ko`ra shaxsini oshkor qilgan holda yoki anonim tarzda avtomatik ravishda qabul qilinmoqda.        

Telefon: 0-800-120-88-88;

Veb-sayt: https://sqb.uz/uz/compliance-hotline/;

Telegram bot: @SQB Anti Kor_bot.

Bank Axborot xizmati

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар