Konstitusion islohotlar xususida Rost24.uz muxbirlari tomonidan o`tkazilgan so`rovnoma jamoatchilik tomonidan keng muhokamalarga sabab bo`ldi.
Platforma.uz kanalida odamlarning siyosatga qiziqmasligi sabablari tahlil qilingan «Sen nechun bunchalar sustlashding?..» nomli maqolalar e`lon qilindi. Birinchi maqola bilan tanishing:
Birinchi maqola
Sen nechun bunchalar sustlashding?..
Rost24.uz o`tkazgan so`rovnomani ko`rib, bir narsaga amin bo`ldim: biz uzoq yillar oldimizga qo`ygan «oliy maqsadimiz» xalqni siyosatdan uzoqroq tutish niyatiga erishibmiz.
Bu odamlarni ko`rib, agar shu millatga ko`nglingizda ozgina muhabbat bo`lsa, yuragingiz ezilib ketishi tayin. Siyosatdan, konstitusiyadan bexabarligini aytib bundan hatto masrur ham bo`layotgan vatandoshlarimizni aybdor sanashga biz ma`nan haqlimizmi? Yo`q, albatta! Chunki o`zimiz ularni shunday - avom raiyat ahvoliga tushirdik.
Juda ko`p ter to`kdik, matbuotni yopdik, erkin fikrni bo`g`dik, sal u-bu narsani o`qigan mardumni jamiyatda marginallashtirdik. Intellektlar dushman qidiruvchi nigohlardan zada bo`lib chetga qochdi. Qochishga chorasizlari xonanishinlikka berilib piyonista bo`lib qoldi.
Oliy ta`limdan siyosatshunoslik degan fanni yulib oldik, tarix, falsafa va boshqa ijtimoiy fanlarni "jilovladik". Oqibatda esa o`z haq-huquqini bilmaydigan, unga hatto qiziqmaydigan to`daga ega bo`ldik.
Hatto mustabidlik davrlarida ham efirga berilib turgan juda primitiv va bir tomonlama bo`lsa-da, dunyodagi ahvoldan boxabar qilib turadigan tahliliy ko`rsatuvlar TVmiz efir setkasidan chiqarildi, gazitlarimiz sahifalari "izchil islohotlar" sharhlari bilan to`ldirildi.
Xullas, nomida siyosat bor neki bo`lsa barchasini mahv etdik. Bugun o`sha biz xuddi moxovga o`xshatib bir chetga surib chiqarganimiz, jonli tanadan yulib olingan a`zo - siyosiy ta`limot nafaqat jamiyat ongi , balki texnik va ma`muriy jihatdan surinishimizga ham sababchi bo`layotir.
Aytish mumkin bo`lsa, yaratganimiz submadaniyat dunyo bilan o`rtamizda katta bir bo`shliq paydo qildiki, bu bo`shliq aro darbadarlik bizdan ancha vaqt va imkoniyatni tortib oldi.
Millatimiz tortayotgan bu ma`naviy va estetik uqubat bugun, Prezidentimiz tomonidan OAV erkinlashgan, davlat va jamiyat dunyo legitim deb qabul qilgan qadriyatlarga yuz burgan damlarda yana ochiqroq ko`rinib qoldi. Bugun o`xtin-o`xtin shunday tuyulayotirki, siyosiy elita va jamiyat o`rtasida, aniqrog`i, dunyoqarashida farq borday...
(Davomi bor)