Surxondaryodagi Toʻpalang suv omborida toʻgʻon suv qoʻyib yuborgani va atrofni suv bosgani aytildi. Xoʻsh milliardlab mablagʻ sarflangan suv omboriga ziyon yetgan boʻlsa nima boʻladi?
Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu xabarni tasdiqladi. Maʼlumot berilishicha, bugun 22-iyun kuni soat 08:14larda Toʻpalang suv omboridan chiqayotgan suv keskin koʻtarilgan, Toʻpalang GES suv ombor loyihasi quvvati 400 mln.m.kub, amalda 378,87 mln. m.kubni tashkil etmoqda. Suv tashlamasi rejaviy 70 m.kub.sek. 2022-yil 22-iyun kuni hozirgi vaqtda 110 m.kub sek.ni tashkil etmoqda. Suv omborining mustaxkamligiga ziyon yetmagan, ayni vaqtda chiqarilayotgan suv xajmini kamaytirish ishlari olib borilmoqda.
Loyiha uchun masʼul tashkilot — “Oʻzbekgidroenergo” matbuot xizmati esa, videolarda koʻrinib turgan holatni inkor etib, toʻgʻon suv qoʻyib yuborgani va atrofni suv bosganligi haqidagi xabarlar feyk ekanligini aytib, sarosimani bostirmoqchi boʻlayapti. Ularning raddiyasini ham oʻqib chiqing:
“Hozirda Toʻpolang suv ombori qoshida barpo etilgan Toʻpolang GESda 2-komponent modernizatsiya loyihasi amalga oshirilayotganligi munosabati bilan bosimli quvurda sinov ishlari oʻtkazilgan vaqtda bosim quvuri toʻsini orqali 40 m3 suv chiqqan. Toʻgʻon bilan bogʻliq muammo mavjud emas. Xavotirga oʻrin yoʻq!”, — deyiladi xabarda.
Tarqalayotgan videolardan esa Sanginov boshchilik qilayotgan yana bir katta suv ombori darz ketganiga bemalol shubha qilish mumkin. Bu inshootga Ramatov javobgar edi.
Oʻtgan yili iyun oyida Surxondaryo viloyati faollari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toʻpalang” suv ombori voha aholisining suv bilan bogʻliq muammolarini hal qilishi kerakligini taʼkidlab, loyihaga bosh vazir oʻrinbosari Ochilboy Ramatov masʼul boʻlishini aytgandi.
“Xudo bergan shuncha suvimiz turibdi, lekin xalqqa yetkazib bera olmayapmiz. Quyoshdan energiya olyapmiz, endi bu tomonini ham toʻgʻrilab qoʻyaylik. Suv taʼminotini bosqichma-bosqich amalga oshirishimiz kerak. „Toʻpalang” suv ombori katta qiyinchiliklar bilan barpo qilingan, endi Surxondaryo xalqiga xizmat qilishi kerak. Ramatov, bu loyihaga boshingiz bilan javob berasiz», — deya taʼkidlagan oʻshanda davlatimiz rahbari.
Prezident ushbu loyiha uchun ajratilayotgan mablagʻ xalq uchun ekanini, uning har bir soʻmi uchun soʻrov qattiq boʻlishini qayd etgan.
“Endi halol ishlagan rahmat oladi, oʻgʻrilik qilgan laʼnat oladi. Oʻz hududida laʼnat olib, sharmanda boʻladi”, — degan davlat rahbari.
Mana oradan bir yil oʻtib hali yakuniga yetmagan loyihada muammolar yuzaga kelayapti. Bunga javob beriladimi yoʻqmi? Sardoba sababli faqat ogohlantirish olgan mutasaddilar bu safar ham «suvdan quruq chiqib ketadi"mi?
Maʼlumotlar faqat OAV uchunmi?
“Toʼpalang HPD Platinum” MCHJ direktori oʻrinbosari Saʼdulla Asadov 2020-yil dekabrda bir guruh jurnalistlarga xavfsizlik yuqori darajada taʼminlanganini aytgandi. Uning maʼlum qilishicha, suv ombori toʻgʻonining balandligi 165 metr, yana 22 metr yer ostiga poydevor qilingan, ikkalasi qoʻshilganda 187 metrni tashkil qiladi. Suv ombori oʻtgan yilning oʻzida jami 450 million kub metr suv yiqqanini oʻshanda mutasaddi alohida maqtanib oʻtgan.
S.Asadov toʻgʻonga ortiqcha suv kelishi ehtimoli mavjudmi yoki ehtimoldan yiroqmi degan savolga ham javob berdi. Unga koʻra, tarixda koʻp suv kelgan holatlar ham boʻlgan, toʻgʻonni qurishda bu ham hisobga olingan va toʻgʻon ostidan suv oʻtkazgichlar oʻtkazilgan, kanal ham mavjud. Ortiqcha kelganida suv ular orqali chiqarib yuboriladi, deb maʼlum qilgandi.
Xorijdan olib kelingan nazorat qurilmalari ikki yil oʻtmay ishlamay qolganmi? Shuncha kiritilayotgan pullar sifatli qurilish mahsulotlariga sarflanmaganmi? Holat nega bunday boʻlgani yuzasidan joʻyali javob beriladi degan umiddamiz. Bu safar ham “baliqlar aybdor” qabilidagi javob berib, ijtimoiy tarmoqlarda kulguga qolmang deymizda janoblar.
Eslatib oʻtamiz, Toʻpalang suv omborini qurish ishlari 1960-yillar oxirida boshlangan boʻlib, qariyb 20 yil davom etdi. Suv omborining sigʻimi 380 mln kub metrdan 500 mln kub metrga yetkazilgan. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi qarori (№164) bilan suv ombori Abdugʻani Sanginov rahbarlik qilayotgan “Oʻzbekgidroenergo” tarkibiga oʻtkazilgan. “Sardoba” suv omboriga ham aynan shu tashkilot javobgar edi.