Endi navbat jurnalistlargami?
Zamon informasion dasturi jurnalistlarining ma`lum qilishicha, kecha 23 yoshlilar o`rtasidagi Osiyo chempionatini yoritish uchun 21:00 lar atrofida (intervyu olish maqsadida) ikki xodim «Paxtakor» stadioniga borib organ xodimlarining qarshiligiga duch kelgan. Muxbirlarning bu xabarlari saytdan olib tashlandi, lekin jamoatchilik allaqachon bundan xabar topgan edi.
O`qishga ulgurmaganlar uchun eslatib o`tamiz:
«21:00 lar atrofida (intervyu olish maqsadida) ikki xodim «Paxtakor» stadioniga borib, organ xodimlarining qarshiligiga uchragan. Futbolni yoritish uchun berilgan maxsus ruxsatnomani ko`rsatishlariga qaramay: «pressa bo`lsang, bizga n...y. Biz topshiriqni bajaramiz...», — degan javobni olgan. Shundan so`ng ijodiy guruh kiritmagani uchun o`zining e`tirozlarini bildirgan va stadion oldidagi holatni tasvirga olishni boshlagan. Organ xodimlari esa tasvirchining ruxsatnomasiga chang solgan. Kamerasini tortib olgan. Tasvirchining qo`lini orqaga qayirib, jurnalistdan uzoqlashtirgan. Ko`z oldida tasvirchini jinoyatchilardek olib ketayotganini ko`rgan jurnalist organ xodimlaridan qo`yib yuborishni talab qilgan. Xodimlar esa uning ham qo`llarini qayirib, mikrofon va ruxsatnomasini tortib olgan», deb «Sevimli» jurnalistlaridan iqtibos bermoqda xabar.uz.
Qayd etilishicha, tasvirchini 6-7 nafar ichki ishlar xodimlari va bir nafar milliy gvardiya xodimi tepkilagan, biri oyog`iga tayoq bilan urgan. Qolgani qorin va boshiga tepgan.
«Qo`llarim ushlangan, imkonsiz qoldim, faqat urmanglar, deb baqira oldim, xolos. Bu jarayon soniyalar ichida sodir bo`ldiki, nima bo`layotganini anglab-anglamasdim. Odamlar OAV xodimlari tepkilanayotganini tasvirga olayotgandi. Ko`pchilik oldida izza bo`lganimiz qoldi. Qo`llarimizni qayirib, Shayxontohur tuman IIB binosiga olib borib, navbatchilik qismiga topshirishdi», deyiladi postda.
Ma`lum qilinishicha, kaltaklardan jiddiy jarohat olgan operator keyinchalik Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketilgan.
Tasvirchi kasalxonaga olib ketilgandan keyin jurnalist kamera, shtativ, mikrofon va ruxsatnomalarini qaytarib berishni so`ragan. Uning ko`z oldida fleshkani Toshkent shahar IIBBga yuborishgan. Soat tungi 02:10 larda muxbir shikastlangan kamera va shtativni olgan, biroq mikrofon va ruxsatnomalar hamon qaytarilmagani yozilgan.
«Eng qizig`i, bo`lar ish bo`lgandan so`ng muxbirdan ichki ishlar xodimlari kechirim so`rab, ortiqcha gap qilmasligi va biron joyda gapirib yurmaslikni aytgan. Davlatimiz rahbari OAVni to`rtinchi hokimiyat darajasiga ko`targan, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik deya bong urilayotgan paytda jurnalistlar kaltaklanib, ularning ish qurollari chilparchin qilinsa, hujjatlari dimog`dor IIO xodimi oyoqlari ostida xor bo`lsa... buni qanday izohlash mumkin?», deb yozgan jurnalist.
Odatdagidek, IIB hodimining aybi yo`qmi?
Bugun IIV matbuot kotibi Shohruh G`iyosov bu masala yuzasidan munosabat berdi va yuqoridagi keltirilgan dalillarni inkor etdi:
«Jurnalistlar davrasida «Paxtakor» stadionida O`zbekiston-Iroq futbol terma jamoalari o`yini vaqtida «Sevimli» telekanali «Zamon» dasturi jurnalistlarining faoliyatiga to`sqinlik qilinib, operator T.Ibrohimovga nisbatan tan jarohatlari etkazilganligi haqida ma`lumotlar tarqalmoqda.
Ma`lum qilamizki, joriy yilning 11 iyun kuni «Paxtakor» stadionida O`zbekiston-Iroq futbol terma jamoalari o`yini jarayonida jamoat tartibini saqlashga biriktirilgan Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan soat 21.00dan keyin, stadionda bo`sh joylar qolmaganligi sababli, fuqarolarni stadionga kirishi to`xtatilgan.
Shu vaqtda, Alisher Navoiy ko`chasi tarafdan stadionga kirish uchun tashkil etilgan tashqi nazorat perimetrda ayrim fuqarolar norozilik bildirib, stadionga kirishga harakat qilib, janjal uyushtirishgan.
Xodimlar tomonidan kelib chiqishi mumkin bo`lgan bezorilik harakatlari zudlik bilan bartaraf etilib, bir nechta fuqarolar tuman IIBga olib borilgan.
Aniqlanishicha, fuqarolar orasida «Sevimli» telekanali «Zamon» dasturining vakillari ham bo`lgan hamda odamlar o`rtasidagi mushtlashuv jarayonida telekanal operatori T.Ibroximovga tan jarohatlari etkazilib, texnik ashyolari zarar ko`rgan. Unga o`z vaqtida tibbiy yordam ko`rsatilib kasalxonaga etkazilgan.
Shu kuni boshqa fuqarolardan tan jarohati olganligi bo`yicha ma`lumotlar kelib tushmagan.
Hozirda, holat yuzasidan tekshiruv tayinlanib, jamoat tartibini buzgan fuqarolarni aniqlash bo`yicha ishlar olib borilmoqda" deyiladi munosabatda.
Bu munosabatni o`zida bir necha noaniq joylar bor. Birinchidan, bu xabar jurnalistlar davrasida emas, balki ommaviy axborot vositalarida allaqachon tarqalib bo`lgan, garchi «Zamon» informasion dasturidan olib tashlangan bo`lsada. Muxbirlar postlarda aniq yozishgan organ xodimlari tomonidan hujumga uchrashganini. Ular fuqaro kiyimi va organ xodimi kiyimlarini farqlay olmaslik darajasida tajribasiz yoshlar emas. Qolaversa tan jarohati boshqa fuqarolardan kelib tushmagan deyilmoqda. Vaholanki, shu kuni muxlislar tomonidan otilgan toshlar sababli yana bir jurnalistning kasalxonaga tushgani aytilgan edi.
Munosabatda faqat jurnalistlarni yolg`onchiga chiqarish emas, o`yindagi umumiy holatga baho berilganda foydaliroq bo`lardi. Agar bu o`rinda jurnalist emas, balki IIO hodimi jabr ko`rganda mnosabat boshqacharoq bo`larmidi?
IIVa tasvirlarga taqiq nimaga kerak?
Organ xodimi faoliyat davrida tasvirga olishni taqiqlashga bekorga urinishayotgani yo`q. Tizimda masalani zo`ravonlik orqaligina hal qilish mumkin deydiganlar tashabbusi bu. Chunki ular o`z kirdikorlarini fosh bo`layotganidan qo`rquvda, shekilli.
Kechagina Toshkent, bugun Andijon
Jurnalist Xurshid Dalievning yozishicha, bugun shunday holat Andijonda takrorlangan:
«13 iyul soat 9:50 da Andijon shahar Yangi bozor savdo majmuasida Ilyos ismli Andijon IIB xodimi tomonidan shakar savdosini suratga olayotgan Human.uz xodimining (shtatda ishlaydi) xizmat telefoni videoga olish qonunga zid degan iddao bilan kuch ishlatish yo`li bilan tortib olingan. Bir qancha urinishlardan so`ng ham smartfon qaytarib berilmayapti. Yagona sharti – kuch ishlatish yo`li bilan olingan va IIB xodimining kuch ishlatgani hamda telefonni tortib olgani suratga olingan videoni o`chirib yuborish ekan».
Ichki ishlar organlarining bunday zo`ravonligi haqida xabar.uz ham eslab o`tdi. Masalan, Toshkentda yoshlarni kaltaklagani https://t.me/HShamsutdinov/888, Samarqandda turistlarga elektroshoker ishlatishgani haqidagi muhokamalar yakunlanmay turib, Ohangaronda YPX xodimi tomonidan jarimaga tortilgan haydovchining halok bo`lgani haqida xabarlar tarqaldi. Va unga nisbatan munosabat bildirgan matbuot kotibi https://t.me/Sh_Giyasov_IIV_matbuot_kotibi/918
«Yolg`on shov-shuv ko`tarish ortidan kanalingizga podpischik yig`ishni boshqa vaqtga qoldiring» deya jurnalist va blogerlarga tavsiya berdi.
Eslatib o`tamiz, yaqinda Ichki ishlar vazirligi YHXB xodimlarini foto va videoga olganlarni jazolash haqidagi qonun loyihasini yana qaytadan muhokamaga kiritdi.
Qonun loyihasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ular o`z xizmat burchlarini, ya`ni jamoat xavfsizligini ta`minlash bilan bog`liq xizmat vazifalarini bajarish chog`ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro`sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida Internet axborot tarmog`ida joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima yoki o`n besh sutka muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`lishi ko`rsatib o`tilgan. Hozircha tashabbuskorlar bu normani kiritishga erishishgani yo`q.