«Hududgazta`minot» AJ boshqaruv raisi o`rinbosari Tohirjon Turdievdan kutilmagan va ajablanarli iqtiboslar:
— Hamma joyda ko`mir va gaz etarli. Ammo tushuntirish ishlari olib borilmagani sababli ayollar tappi qilishda davom etmoqda
— Tappidan chiqish uchun joylarda tushuntirish ishlari mahallabay tizimida olib borilmoqda.
— Tushuntirish ishlari olib borilgan joylarda tappidan foydalanish kamayib bormoqda. Yaqin kunlarda bu narsadan xalos bo`lamiz.
***
«Ko`mir va gaz etarli bo`lishiga qaramasdan o`zbek ayollari tappi qilishdan voz kechayotgani yo`q. O`zbekiston qishloqlarida isitish uchun ko`mir, oshxona uchun suyultirilgan gaz etarli darajada, ammo tushuntirish ishlari olib borilmagani sababli ayollar tappi qilishda davom etmoqda», deydi «Hududgazta`minot» AJ boshqaruv raisi o`rinbosari Tohirjon Turdiev.
Ayni damda, O`zbekiston qishloqlarida tappi tayyorlash mavsumi boshlanib ketgan. Chekka qishloq aholisi qish mavsumini asosan tappi yoqish bilan o`tkazadi. Ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekistonda hamon tabiiy gaz etishmasligi sababli aholining tappi tayyorlab kelishi keskin tanqidlarga sabab bo`ladi.
Rost24.uz sayti muxbiri «Hududgazta`minot» AJ boshqaruv raisi o`rinbosari Tohirjon Turdievni mazkur masala yuzasidan savolga tutdi.
Amaldor mutasaddining javobiga ko`ra, O`zbekiston aholisi oshxonada foydalanish uchun suyultirilgan gaz va isitish tizimi uchun ko`mir mahsuloti bilan etarli darajada ta`minlangan. Ammo, shunga qaramasdan aholi orasida juda kam miqdorda tappidan foydalanish holatlari kuzatilib turadi. Tohir Turdievning aytishicha, ayrim odamlarga tappidan foydalanishdan voz kechishlari uchun tushuntirish ishlari olib borish lozim. «Hududgazta`minot» har bir xonadonni suyultirgan gaz va isitish uchun ko`mir bilan ta`minlab kelmoqda. «Tappidan chiqish uchun joylarda tushuntirish ishlari mahallabay tizimida olib borilmoqda. Mana joylarda hokim yordamchilari ham ishlashmoqda, matbuot ham bu narsalarni yoritmoqda. Tushuntirish ishlari olib borilgan joylarda tappidan foydalanish kamayib bormoqda. Yaqin kunlarda bu narsadan xalos bo`lamiz», deydi Tohir Turdiev.
Shuningdek, mutasaddining aytishicha, ayrim qishloq joylarida mollarning axlatidan qutulish uchun ham undan yoqilg`i sifatida foydalanib kelinadi. Aslida, «Hududgazta`minot»ning omborlari ko`mir mahsuloti bilan to`la.