25 mayga qadar Buxoro shahrida birinchi marta Xalqaro zardo`zlik va zargarlik festivali o`tkazilmoqda.
Uning g`oliblariga 3-5 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofoti beriladi. Festivalda ishtirok etish uchun xorijiy mamlakatlar zargarlari tomonidan 22 kilogramm kumush, 10 kilogramm oltin buyum mahsulotlari olib kelingan.
Xalqaro miqyosdagi mazkur tadbirning Buxoro shahrida o`tkazilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu shahar qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo`lib kelgan. Bu erda hunarmandchilik va xalq amaliy san`atining turli yo`nalishlari, ayniqsa, zardo`zlik va zargarlik yuksak darajada taraqqiy etgan.
«Ustoz-shogird» an`analari, hunarmandlarning oilaviy sulolalari uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga etkazib kelmoqda.
Bugungi kunda ham Buxoro shahrida hunarmandchilik an`analari izchil rivojlanmoqda. Xususan, ipak gilamchilik, kulolchilik, kandakorlik, zardo`zlik, zargarlik, kashtachilik, yog`och o`ymakorligi kabi hunarmandchilikning ko`plab turlari ravnaq topmoqda.
Joriy yilda esa Jahon hunarmandchilik Kengashi tomonidan aynan Buxoro shahriga Hunarmandchilik shahri maqomi berilgani e`tiborga molikdir.
Tadbirda kimlar ishtirok etmoqda?
Festivalda Respublikamizning barcha hududlaridan 288 nafar hunarmand, shulardan 110 nafar zargar, 37 nafar zardo`z, 44 nafar kashtado`z, 97 nafar hunarmandchilikning boshqa yo`nalishlarida faoliyat olib borayotganlar ishtirok etmoqda.
58 ta davlatdan 221 nafar xorijlik mehmon taklif etilgan.
Xalqaro festival doirasida gala konsert, milliy liboslar ko`rgazmali chiqishlari, teatrlashtirilgan tomoshalar, askiya va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalarining tomosha dasturlari namoyish etiladi. Ark qo`rg`oni atrofida mahalliy va xorijiy zardo`zlar, zargarlar, hunarmandlar qo`l ishlarini namoyish qilish uchun maxsus ko`rgazma paviloni tashkil etilgan.