O`zbekiston dunyoning eng ifloslangan davlatlar reytingida 12 o`rinni egalladi: Vaziyatni qanday tuzatish kerak?

20.05.2022 12:20

Dunyoda yildan-yilga insoniyatni o`ylantirayotgan  ekologiya muammolari ortib bormoqda. Bu tabiiy ofatlar  O`zbekistonni ham chetlab o`tgani yo`q. Tinimsiz yoqqan yomg`irlar, chang-bo`ron ostida qolgan shaharlar, havodagi zararli zarrachalarning ortishi. Bular insonlar sog`lig`iga salbiy ta`sir ko`rsatayotgani xavotirga solmasmikan?

Iqlim o`zgarishi global ekologik muammo. O`zbekistondagi holat qanday?

Yodimda, 10 yillar avval Toshkentga kelishimizda, albatta o`zimizni viloyatda yurganimizdan ko`ra issiqroq kiyinar edik. Hatto yoz faslida ham ust kiyim olvolardim. Haqiqatda, poytaxt soya-salqin, toza havoli megapolislardan biri edi.

«Edi!»  degan so`zlar bilan berishimiz bejiz emas. Hozirda nafaqat poytaxtda, balki butun respublika bo`ylab yoz oylarida anomal issiq harorat, mamlakatda sovuq havo oqimining kirishi 2 barobargacha qisqargani, nafas olganda havoning tozaligi sezilmayotgani inkor etib bo`lmaydigan haqiqat.  

XXI asrda iqlim o`zgarishi insoniyatning global ekologik muammolaridan biri. U dunyoning barcha mamlakatlari va sayyoramiz ekotizimlariga ta`sir ko`rsatib, havo haroratining ko`tarilishi, okean sathining ortishi, yog`ingarchilik kamayishi, suv toshqinlarining tez-tez qaytarilib turishiga olib kelmoqda.  Bunday achinarli va falokatli holatlarning yuzaga kelishiga insonlarning o`zlari faol ishtirok etishayotganini qanday tushunsa bo`ladi? Ammo haqiqiy tahdid qaerda va kimlar tomonidan amalga oshirilayotgani haqida bong urishimiz zarur. Va kelajakda bizning avlodlarimizga qanday ekologik muammolar xavf tug`dirayotganini bilishimiz juda muhim.

Asosiy tahdid: Daraxtlarni kesish ortmoqda!

JSSTning aniqlashicha, iqlim o`zgarishiga haddan tashqari tutunlarning ortishi, ishlab chiqarish ortidan havoga qo`yib yuborilayotgan karbonat angidridning ortishi va faunaning yo`qolib borayotgani sabab qilinmoqda. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, 7 million bevaqt o`lim holatlari atmosfera havosi va xonalar havosi ifloslanishi oqibatida kelib chiqqan. Okeanlardan chiqadigan kislorod esa insonlarning nafas olishiga to`liq imkon bermaydi. Bu etishmovchilikni asosan daraxtlardan chiqadigan kislorod to`ldirib boradi. Daraxtlar issiqda salqinlik berib, atrof-muhitni shovqinlardan ham himoya qiladi. Ammo, kislorod bilan to`yintirib boradigan daraxtlar soni so`nggi vaqtlarda qurilish va obodonlashtirish ishlari jarayonida tag qismigacha beton qilianayotgani va kesib tashlanayotgani sabab keskin kamayib ketmoqda. Ma`lum qilinishicha, o`tgan 2021 yilning 6 oy davomida, ya`ni moratoriy amal qilgan davrda 316 ming dona qimmatbaho daraxtlar asrab qolingan. Biroq, bu davrda 2,8 mingta qimmatbaho va 2 mingdan ziyod kam qimmatli daraxtlar noqonuniy kesilgan. Mana shunday holatlar natijasida insonlarda nafaqat allergik bronxit, o`pka bilan bog`liq kasalliklarni kelib chiqishiga, balki, genetik o`zgarishlargacha olib kelmoqda.

Shuningdek, daraxtlarni kesish oqibatida  ko`plab o`simlik va hayvonlar turlari nobud bo`lishining hamda er osti va usti suvlari sathining pasayib, cho`l, sahrolar yuzaga kelishini kuzatyapmiz. Insoniyat faoliyati natijasida barcha yovvoyi sutemizuvchilarning 83 foizi va o`simliklarning yarmi allaqachon Er yuzidan yo`q bo`lib ketgan. Bu vaqt o`tgan sari  insoniyatning oziq-ovqat bilan ta`minlanishi hamda salomatligiga tahdid solmoqda.

https://cdn.knightlab.com/libs/juxtapose/latest/embed/index.html?uid=f39a1c4a-b8b9-11ec-b5bb-6595d9b17862

Havodagi qattiq zarrachalar nafas olish tizimiga ta`sir qiladi

Ozon qatlami emirilishi bilan bir qatorda qattiq zarralar havoning ifloslanishi natijasida sog`liqning yomonlashishiga asosiy sabab bo`lmoqda. Xususan, «PM 2.5» deb nomlangan moddaning juda nozik zarralari sog`liqqa salbiy ta`sir ko`rsatadi. Chunki ular nafas olish tizimiga ta`sir qilishi mumkin. BMT ma`lumotiga ko`ra, dunyo bo`ylab har 10 kishidan 9 nafari ifloslangan havodan nafas oladi, va bu yurak-qon tomir kasalliklari, insult, o`pka saratoni va boshqa nafas yo`li kasalliklariga olib keladi.

Shveysariyaning IQAir kompaniyasi har yili jahondagi «havo sifati indeksi»ni e`lon qilib boradi. 2021 yil IQAir mutaxassislar dunyodagi 6475 shaharlardan atigi 222 tasida havo tozaligi JSST standartlariga javob berishini aniqladi. Va bu ro`yxatda O`zbekiston "Dunyoning eng ifloslangan mamlakatlar va mintaqalari» ro`yxatidan 12-o`rinni egalladi. O`zbekiston havosidagi xavfli PM2.5 zarralarining o`rtacha qiymati hozirgi vaqtda JSSTning yillik havo sifati bo`yicha qiymatidan 8,6 baravar yuqorini ko`rsatgan.

2021 yilning noyabr oyida kuzatilgan chang-qumli bo`ron miqdori esa tavsiya etilgan konsentrasiya chegarasidan 30 baravar oshib ketdi. Bu hodisa bir necha kun havoda saqlanib qolib, aholi sog`lig`iga ta`sirini o`tkazdi. Shuningdek, mavjud bemorlar bundan aziyat chekishdi.

Havoning sifati mintaqaning ko`plab shaharlarida bo`lgani kabi, qazib olinadigan yoqilg`idan ortiqcha foydalanish, atrof-muhit ifloslanishi bilan bog`liq ayrim muammolar, shuningdek, past sifatli yoqilg`idan foydalanish kabi noto`g`ri ekologik usullarni qo`llash sababli yuzaga keladi. Shuningdek sintetik, materiallar dunyoning bu qismida sodir bo`lgan kuchli chang bo`ronlari bilan birlashib ketmoqda.

Shahar aholisining avtomobillardan haddan tashqari ko`p foydalanishi ifloslanish darajasiga sezilarli darajada hissa qo`shmoqda. Havo ifloslanishiga aksariyat hollarda fabrikalar, elektrostansiyalar va boshqa sanoat hududlaridan chiqayotgan gazlar ham sabab bo`lishi mumkin. Ko`mir va boshqa materiallarning yonishi nafaqat Toshkent shahri, balki butun respublika bo`ylab havodagi tutun, bug`lar va boshqa zararli moddalarning paydo bo`lishiga olib keladi.

Shu sabab tabiatni asrab qolish uchun havoga karbonat angidrid miqdorini ko`payishiga sabab bo`layotgan engil avtotransportlar sonini kamaytirish, yo`llarni toraytirish, piyodalar yo`lakchalarini kengaytirish va jamoat transporti sonini orttirish lozim. Hamda  O`zbekistonning turli chekkalaridagi iqlim sharoiti har xil bo`lganligi sababli ularda ham aynan o`sha sharoitga mos daraxtlar chinor,  eman,  kashtan,  oq akasiya, yong`oq, qayrag`och,  sada kabi daraxtlar sonini ko`paytirishimiz zarur

Ekoturizmdan  tabiat ozorlanmasin

O`tgan asrning oxirlaridan boshlab jahon turizmi industriyasiga asta-sekin ekoturizm kirib kela boshladi. O`zbekistonda ekoturizmni rivojlantirish uchun barcha sharoit etarli. Ammo bu tabiatimizga yanada ziyon keltirmayaptimi?  Ekoturizm rivojlangach, faqatgina daromad orqasidan quvib, o`ziga xos tabiiy go`shalar toptalmayaptimi?

–Jahon turistik xizmat bozorida O`zbekistonning ekoturistik salohiyati, tabiiy potensiali va resurslarini namoyish qiladi, hududlarning, ayniqsa tabiatning, geotizimlarning ekoturistik resurslari va imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borishni rag`batlantirishi mumkin, O`zbekistonda joriy etilgan turistik faoliyatda ekoturistik xizmatlar sifatini tubdan takomillashtirish va ular hajmini jadal oshirish imkoni paydo bo`ladi.Ekoturlar, tog`lariga sayohat, cho`l hududlarda tuyadagi sayr, nafaqat O`zbekiston, balki butun dunyo turistlarining e`tiborini tortayotir,-  deydi  jurnalist-ekolog Nargis Qosimova.

Ekspertimiz so`zlariga ko`ra, turistik marshrutlar o`tkazilgan  hududlardagi  ahvol yaxshi emas. Masalan, Navoiy viloyati Qizilqum cho`lidagi Tosho`rmon sayyohlarning betartib borishi, toshlarning olib ketilishi natijasida  dunyodagi 3 tadan biri bo`lgan noyob, qadimiy  toshga aylangan daraxt qoldiqlari kamayib bormoqda. Bu boradagi nazorat esa o`ta sust. Yoki Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi noyob qadimgi artefaktlar, ibtidoiy odamlar  chizilgan suratlar toshning mahalliy aholi va  sayyohlar tomonidan bo`laklanishi oqibatida yo`qolib bormoqda.  Zarafshon qo`riqxonasining Milliy tabiat bog`iga aylantirib, tadbirkorlarga ekoturizmni  rivojlantirish uchun ajratilgan erlardagi qurilishlar oqibatida Zarafshonning noyob tabiatiga tiklab bo`lmas zarar etkazildi. Zomin milliy tabiat bog`ida nazoratning deyarli yo`qligi bois  ayniqsa, yozda soy bo`yi chiqindilarga to`lib ketadi, dam oluvchilar noyob, aksariyat holatda «Qizil Kitob»ga kiritilgan o`simliklarni, archa shoxlarini yulib ketishadi. Zominda dam oluvchilar tomonidan ehtiyotsizlik bilan  o`chirilmagan gulxandan yonib kul bo`lgan salkam 80 gektar o`rmonning tovonini kim to`laydi?- deydi kuyunib Nargis Qosimova

  • Bir so`z bilan aytganda, mamlakatimizda ekoturizmni rivojlantirish uchun sayyohlarni, tadbirkorlarni nazorat qilish, tabiatni asrash, huquqbuzarlarni xoh u xorij fuqarosi bo`lsin, xoh O`zbekiston fuqarosi  bo`lsin javobgarlikka tortish  chora-tadbirlarini ishlab chiqish lozim,–deydi ekspert,

«Yashil makon» –kelgusi yuz yilliklarga tatiydigan ezgu harakat

- «Mamlakatimiz bo`ylab «Yashil makon» umummilliy harakatini samarali amalga oshirish uchun «Dolzarb 40 kunlik» e`lon qilindi. Bu shunchaki nomiga o`tkaziladigan bir tadbir yoki aksiya emas. Bu — natijasi kelgusi yuz yilliklarga tatiydigan ezgu harakat, O`zbekistonning ertasi uchun qayg`urib qilinayotgan chin ma`nodagi xayrli tashabbus – deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi raisi Narzullo Oblomurodov,«Yangi O`zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida.

Aytish joizki, mamlakatimiz va butun dunyodagi vaziyat ham ekologik muammolarga mana shunday tizimli va samarali yondashuvni taqozo etmoqda. Ekologik masalalarga bu qadar katta ahamiyat qaratilib, mana shunday umummilliy loyiha o`tkazilishi esa O`zbekiston tajribasida shu paytga qadar kuzatilmagan.

Ekspertning so`zlariga ko`ra, ekiladigan ko`chatlarning hududlar iqlim sharoitini inobatga olib tanlanishi masalasi ham mazkur loyihada o`z aksini topgan. Misol uchun, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ko`p yillardan buyon o`stirib kelinayotgan, ammo tur sifatida biroz kamyoblashib qolgan daraxt va butalar seleksiyasi masalasiga ham alohida e`tibor qaratilgan. Har bir ko`chat, avvalo, ekilayotgan hududning iqlim, tuproq va suv sharoitiga muvofiqligi ham inobatga olinyapti, - deydi, Narzullo Oblomurodov

Yaqinda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi, BMT Evropa iqtisodiy komissiyasi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda «Zamin» xalqaro jamoat fondi hamkorligida «Yashil makon» umummilliy loyihasi: shaharlarda yashil hududlar va daraxtlarni ko`paytirish» mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy seminarda italiyalik professor Franchesko Ferrini bir fikrni alohida ta`kidladi: «Butun dunyoda shaharlar o`smoqda, shuning uchun ham yashil maydonlarni saqlab qolishga e`tibor zarur. Evropa Ittifoqida 2030 yilga qadar 3 milliard daraxt ekish dasturi mavjud bo`lib, Italiyada 200 million daraxt ekish rejalashtirilgan. Shu bois, «Yashil makon» dasturi ancha yuqori marralarni ko`zlagan bo`lib, har yili 200 million tup, besh yilda 1 milliard ko`chat ekilishi nafaqat mamlakat uchun, balki butun Markaziy Osiyoda ekologik vaziyatni yaxshilash uchun ulkan ahamiyat kasb etadi.

 Aziza Aslanova

Musaeva Rushana

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
24
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
03.06.2022 13:58
Жаҳонгир Артикходжаев Тошкентни бетонлаштирмокда. Олдинги дарахтлардан асар ҳам қолмаяпти.
20.05.2022 17:49
Jahongir Ortiqxojayevdan so'rash kerak buni. Shu odam kelgandan keyin daraxtlar yo'qolib qoldi.