Yangi Turkmaniston: Ajabtovur taqiqlar, katta tashqi qarz va voris prezident

19.05.2022 14:37

Mart oyida Turkmanistonda bo`lib o`tgan prezidentlik saylovi yakunlariga ko`ra, mamlakatning amaldagi rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning o`g`li Serdar Berdimuhamedov 72,9 foiz ovoz bilan prezidentlikka saylangan edi.

Turkmanistonda, konstitusiyaga ko`ra prezident mamlakatda to`liq hokimiyatga ega, uning vakolati muddati cheklanmagan. Mustaqil Turkmaniston tarixida ikki prezident bo`lgan: Berdimuhamedov va Saparmurod Niyozov.

Rasman prezidentlikdan ketgan bo`lsada, Gurbanguli Berdimuhammedov Xalq maslahati ya`ni mamlakat yuqori palatasiga rais sifatida faoliyatinni olib bormoqda. Bir qator katta tadbirlar va uchrashuvlarda katta Berdimuhamedov ishtirok etgan. 

Antiqa qiliqlari bilan tilga tushgan davlat rahbari: «Arqadag`» yoki «Turkmenator»?

Mamlakatni 15 yil boshqargan prezident Berdimuhamedov katta siyosat sari yo`lini tish doktorligidan boshlagan.

Berdimuhamedov o`zining g`alati va kulgili qiliqlari bilan ham ko`pchilikning diqqat-e`tiborini o`ziga qaratib kelgan.

Turkmanistonning sobiq prezidenti it va otlari, Remboga o`xshash harbiy ko`rinishida o`q uzishi, DJlik qilishi, sport mashinalarida poyga o`ynab, qiruvchi samolyotlarda kino qahramonlari singari osmonga ko`tarilishi ortidan ham turkman matbuotida tez-tez ko`zga tashlanib turgan.

Berdimuhamedov she`rlar yozadi, otlar haqida rep aytgan, shuningdek choy, dorivor giyohlar hamda boshqa narsalarga bag`ishlab kitoblar yozgan.

Turkmaniston uning boshqaruvi davrida ham dunyoning eng yopiq davlatlaridan biri sifatida qoldi, xorijda inson huquqlari qo`pol ravishda poymol etiluvchi davlatlardan biri sifatida ko`rilishiga qaramasdan turkman rasmiylari buni keskin rad etib kelishadi.

          Ajabtovur taqiqlar

Yaqin o`tgan yillar davomida butun dunyoni egallagan koronavirus pandemiyasi ham Turkmanistonda rasman tan olinmagan edi. Chetda inson huquqlariga bepisandlikda va iqtisodni risoladagidek boshqara olmaslikda tanqid qilinuvchi Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakatda «biror bir koronavirus holati qayd etilmagani»ni doimiy ta`kidlab kelgan.Turkmanistonning davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalarida «koronavirus» so`zini qo`llash taqiqlangan, hatto bu so`z tibbiy axborot broshyuralaridan ham olib tashlangan edi. Gigienik yuz niqobini taqib yurgan odam, hatto virus haqida suhbatlashayotgan odam hibs qilinishi mumkinligi haqida xabarlar chiqqan.

Shuningdek, Turkmanistonda ayollar mashina haydashi, ularni old o`rindiqqa o`tirishiga oid taqiqlarga harakatlar bo`layotgani haqida ham xabarlar tarqalgan. Qolaversa, bu mamlakatda ayollarning tor kiyim kiyishi, kiprik yoki tirnoq o`stirishi, plastik operasiyalar qildirishi taqiqlangani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar markazida bo`lib turibdi.

Umuman olganda Turkmaniston har doim g`alati va ba`zan aql bovar qilmas xabarlar tufayli dunyo e`tiboriga tushib turuvchi dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri sifatida ko`riladi, davlat matbuotni to`la nazorat qiladi, xorijdagi axborot saytlari blokka tiqilgan.

«Bo`yningni uzaman!»

Sobiq davlat rahbari ijtimoiy tarmoqlarda «Turkmenator» laqabi bilan tez-tez tilga olinadi.

41 yoshli kichik Berdimuhamedov ham otasi kabi sport, avtomobillar va tulporlarga qiziqadi, davlat nashrlari ota va o`g`il birgalikda sayrlarga chiqqani, sport musobaqalari va avtorallida qatnashgani aks etgan lavhalarni namoyish etib turadi.
 

Ma`lumoti bo`yicha texnolog-muhandis bo`lgan Serdar Berdimuhamedov hukumat tepasiga kelguniga qadar Turkmaniston parlamenti deputati, Moskvadagi Turkmaniston elchisi maslahatchisi va Jenevada Turkmanistonning BMTdagi doimiy vakili lavozimlarida ishlagan, TIVda faoliyat ko`rsatgan, sanoat vazirligiga rahbarlik qilgan va Axal oblasti gubernatori bo`lgan.

Axalda u bilan ishlagan sobiq xodimlarning so`zlariga ko`ra, mehnat faoliyatida kichik Berdimuhamedovning sevimli iborasi «Bo`yningni uzaman!» bo`lgan.

Ishda xodimlarga o`z xonalarini zaruratsiz tark etish taqiqlangan, xonadan chiqqanda mutlaqo shovqin qilmaslik talab qilingan.

Serdar Berdimuhamedov Turkmaniston fanlar akademiyasida nomzodlik dissertasiyasini yoqlagan, texnika fanlari doktori darajasini olgan, u «Turkmanistonda xizmat ko`rsatgan murabbiy» faxriy unvoniga ega.

Joriy yil 12 martda Gurbanguli Berdimuhamedovning tashabbusi bilan bo`lib o`tgan saylovlarda yangi saylangan prezidentning hukumat rahbari sifatida ilk bajargan ishi – Vazirlar Mahkamasini to`liq tarkibdagi iste`foga chiqarish bo`ldi.

Mamlakatda iqtisodiy vaziyat o`zgarmoqdami?

Yangi prezident saylanganiga juda oz muddat bo`ldi, bu davrdan biror bir yirik siyosiy o`zgarishlar kutish imkonsiz.

Ammo turkman OAVlari chop qilgan 2021 yil ma`lumotlariga ko`ra, davlat iqtisodiyotining qator asosiy sohalari kredit yuklamasi bilan og`irlashgan, chet el qarzlari oshib bormoqda.

Ekspertlar ayni damda qarz yuklamasi mamlakat iqtisodiyotidagi vaziyatni izdan chiqaruvchi jiddiy omil deb qarashmoqda.

Ma`lum bo`lishicha, hozir mamlakatda ijtimoiy iqtisodiy vaziyat murakkab. Mavjud barcha resurslar qarzni to`lashga, jumladan, gaz sohasi va infratuzilmalarni modernizasiya qilishga ketmoqda. Bunday sharoitda jamiyatdagi ijtimoiy keskinlikni pasaytirish juda qiyin. 

Shuningdek, yil boshida Qozog`istonda kuzatilgan vaziyat ham mazkur qarorga sabab bo`lganligi eng katta sabablardan biri sifatida ko`rilgan.

Ayni vaqtda Turkmanistonda aholi uchun iste`mol mahsulotlari, jumladan, non, un, yog` va boshqa mahsulotlar etishmasligi, ular uchun oxiri ko`rinmaydigan navbatlar kuzatilayotgani aytiladi. 

Gaz manbalari bo`yicha dunyoda to`rtinchi o`rinda turuvchi davlat nega bunday og`ir iqtisodiy inqiroz yoqasiga kelib qoldi?

Ekspertlarga ko`ra, avtoritar boshqaruvda jamiyat mahrum qilish va kuch ishlatish orqali ushlab turiladi, Turkmanistondagi avtoritarizm esa dunyodagi eng malakasiz, primitiv va tajribasiz bo`lgan avtoritar rejimlardan biri hisoblanadi, Turkmaniston iqtisodiyotidagi bu pastlash sababi boshqaruv modeli malakasizligi va korrupsiya nihoyatda kuchliligidir. Ammo hukumat rasmiylari, Turkmaniston matbuoti va mamlakat ichidagi fuqarolar buni rad etib kelishadi.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
13
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар