Vazirlik maktablarda pul yig`imlari ta`qiqlanishini ma`lum qildi. Kech bo`lmadimi?

18.05.2022 10:38

17 may kuni Xalq ta`limi vazirligi «So`nggi qo`ng`iroq» tadbirlarini o`tkazish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqqanini ma`lum qildi. Qayd etilishicha, 25 may kuni barcha umumiy o`rta ta`lim muassasalarida 2021-2022 o`quv yili yakuni va «So`nggi qo`ng`iroq» tadbirlari bo`lib o`tadi.

«Ushbu tadbirni tashkil etish bo`yicha Xalq ta`limi vazirligi tavsiyalar ishlab chiqib barcha maktablarga yubordi. Tadbirlar maktab hovlisi bog`ida yoki soya salqin ochiq maydonlarida o`tkaziladi. Maktab hududiga begona shaxslarning kiritilmasligi nazoratga olinadi.

Maktablarda mazkur tadbir soat 8:00 dan 8:45 ga qadar, tavsiya etilgan ssenariy asosida tashkil etiladi. Unda yil davomida a`lo baholarga o`qib, eng yuqori reyting ko`rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanib, rag`batlantiriladi.

Shu o`rinda barchaga «So`nggi qo`ng`iroq» tadbirlari, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestasiyalarini o`tkazishda, ta`lim muassasalarini yangi o`quv yiliga tayyorlash borasida o`quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul yig`imlari qat`iyan ta`qiqlanganligini eslatib o`tamiz», deyiladi xabarda. 

Bundan tashqari, umumiy o`rta ta`lim muassasalari rahbarlari hamda o`qituvchilarga bitiruvchilar tomonidan turli qimmatbaho sovg`alar taqdim etish, qo`shimcha turli tantanali tadbirlarni (xonadonlar, restoran yoki qahvaxonalar va h.q.da banket yoki boshqa marosimlar) o`tkazish va engil avtomashinalarda sayr tashkil etishni oldini olishga alohida e`tibor qaratish so`ralgan. 

Vazirlik shuningdek, maktablarning «Kuzatuv kengashi» a`zolariga yuqorida keltirib o`tilgan tavsiyalarga amal qilinishi ustidan nazorat olib borishini eslatib o`tgan.

Bundan avvalgi murojaatda vazirlikka ota-onalardan maktab ta`miri uchun pul yig`ilayotganligi yuzasidan ko`plab murojaatlar kelib tushayotgani ma`lum qilingan edi. 

«Maktablarni yangi o`quv yiliga tayyorlash va infratuzilmasini yaxshilashga ota-onalardan majburiy pul yig`imlariga yo`l qo`yilmaydi. Bunday ishlarga mahalliy hokimliklar mas`ul», deyilgan unda

Mutasaddilarning bunday eslatmalar berishi albatta yaxshi. Lekin, maktablarda pul yig`di-yig`dilarni oldini olishga ularning ta`siri ko`p ham bo`lmayotgandek. Qolaversa, an`anaviy pul yig`ish «mavsumi» allaqachon yakuniga etgan. Ya`ni, ota-onalar kengashlari tomonidan pul so`rab yozilgan xabarnomalar may oyi boshidanoq jo`natib bo`lingan edi. 

Ota-onalar aybdormi yoki tizimdagi muammolarmi? 

Bu ishlarga odatda o`qituvchilar aralashmaydi va o`rtadagi “vositachilar - ”ota-onalar orasidagi faollar tashabbuskor bo`lishadi. 

Xalq ta`limi vazirligi mutasaddilari fevral oyida o`tgan matbuot anjumanida bunga ko`proq ota-onalar aybdorligini aytib o`tishgan edi. Tizimdagi muammolar ham yillar davomida bu an`anani shakllanishiga xizmat qilgani ham bor gap.

Deyarli har yili mutasaddilar tomonidan muammolar sanaladi. Ularning sabablari tan olinadi. Lekin noqonuniy pul yig`imlari davom etaveradi.
Bunga echim sifatida o`qituvchi maoshini oshirish ham taklif etilgandi. Oyliklar ham oshdi, lekin hanuz bu soha xodimlari eng kam maosh oluvchilar qatorida turishadi. 

Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, O`zbekistonda 2022 yil birinchi chorak yakunlari bo`yicha o`rtacha nominal ish haqi 3,42 mln so`mni tashkil etgan bo`lsa, ta`lim sohasida bu summa 2,52 mln so`mga etgan. 

Bu haqida sobiq vazir Sherzod Shermatov 2019 yilda fikrini bildirarkan mahalliy hokimiyatga maktablar tashlab qo`yilgani, lekin mahalliy hokimiyatga pul ajratilmagani haqida aytgandi. 

Shuningdek, u pul yig`ishga boshqa sabablarni aytib o`tgandi:

- Masalan, majburiy mehnat: ko`cha supurishga, paxta terishga olib chiqayotgandik. Bu ishlarga o`qituvchi o`zi bormaydi, odam yollab, jo`natib, yonidan pul to`laydi. Bu degani yana pul yig`ish kerak. Yoki majburiy obuna masalasi. 20 taga gazetaga obuna bo`lish kerakmi? Uniyam o`zi qila olmaydiku, yana pul yig`iladi. Shu narsalarga barham berganimizdan keyin pul yig`ish holatlari ancha kamaydi», degan sobiq vazir.

Hozir ham majburiy mehnat va majburiy obuna haqida ma`lumotlar juda kam uchraydi. Lekin boshqa masalalardagi pul yig`ishlarga barham berilgani yo`q.

Hujjatlarda hammasi risoladagidek, amaldachi?

Aslida maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan pul mablag`lari ajratiladi. Prezidentning 2018 yil 5 sentyabrdagi qaroriga muvofiq Xalq ta`limini rivojlantirish jamg`armasi tashkil etilgan.

Mazkur jamg`armaning asosiy vazifalaridan biri umumta`lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash, shu jumladan zarurat bo`lganda o`quv korpuslarini o`quv ustaxonalari va laboratoriyalar tashkil etgan holda kengaytirish, sport zallari va maydonchalarini hamda boshqa infratuzilma ob`ektlarini barpo etish bo`yicha ishlarni moliyalashtirish hisoblanadi.

Umumiy o`rta ta`lim to`g`risida nizomga muvofiq, maktablar faoliyatini moliyalashtirish tegishli xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Hukumat qaroriga muvofiq Xalq ta`limi vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1 avgustga qadar maktablar moddiy-texnika bazasini tayyorlashni, o`quvchilar uchun zarur sanitariya-maishiy va ijtimoiy sharoitlar yaratilishini ta`minlashi zarur.

Ajratilgan mablag`larning o`z manziliga to`liq etib borishida muammo bor-yo`qligi masalasi esa alohida o`rganiladigan mavzu. 

Ma`lumot uchun: Maktablarda noqonuniy pul yig`ilayotgan bo`lsa bu haqda vazirlikning 71 202-09-09 ishonch telefon raqamiga xabar berish mumkin.

Maktablarga beg`araz homiylik qilish istagida bo`lgan fuqarolar buni qonuniy yo`l bilan, ya`ni xomiylik mablag`larini maktabning hisob raqamiga o`tkazgan holda rasmiylashtirishlari mumkin.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
24.05.2022 23:16
Айтилганидек, ота-оналардан ремонтга пул йиғилмаяпти. Ўқитувчилар ўз ҳоҳиш-истаклари билан 400 минг, 1200 мингдан ремонтга маблағ беришди. Ундан ташқари, "субботник" учун ўз ихтиёримиз билан пластикдан кўрсатилган ҳ/рақимига 100 мингдан ўтказиб ҳам бердик. Яшасин ЎҚИТГУВЧИЛАР!!!
21.05.2022 05:40
Эски тос,эски хаммом. Фойдаси йук
20.05.2022 14:04
Карши шахрининг 35,23, 3 сонли мактабларида ремонт учун пул аллакачон йигилиб булинди!!!Карши шахрида Вазирликни мактаб директорлари тан олмайдими?
18.05.2022 19:15
КЕЧИКДИЛААРИНГ ПУЛ ЙИҒИЛИБ БЎЛГАН