O`zbekistonda onkologik kasalliklar ko`paymoqdami?

17.05.2022 10:02

Butun dunyoda bo`lgani kabi, yurtimizda ham, yil sayin onkologik kasalliklar ko`payib bormoqda. Jahon bo`yicha har yili 16 million nafar onkologik bemorlar aniqlanadi. Yurtimizda esa yiliga 22 mingdan ortiq bemorlarda onkologik xastaliklar qayd etilmoqda.

Bemorlar sonining oshib borayotganligiga bir necha omillarni sabab qilib ko`rsatish mumkin. Albatta, ushbu omillar sirasiga atrof-muhitning ifloslanishi, iqlimning global o`zgarishi, iste`mol qilayotgan oziq-ovqat va ichayotgan suvimiz tarkibida turli sun`iy qo`shimchalarning ko`payib borayotgani, zararli odatlar hamda jismoniy faollikning pasayib borayotganligi kabi jihatlarni kiritish mumkin. Chekish  ham saratonni  chaqiruvchi kanserogen omillardan biri sanalib. O`pka raki bilan bog`liq holatlarning 80 % aynan chekish sababli vujudga kelishi aniqlangan. Bu haqida Toshkentda o`tkazilgan «Tamakisiz kelajak sari» mavzusidagi trening davomida ommaviy axborot vositalariga ma`lum qilindi.

Toshkentda 100 ming aholiga nisbatan onkologik kasalliklarga chalinish ko`rsatkichi 190 dan ortiq kishini tashkil qiladi. Bu respublikaning boshqa viloyatlariga nisbatan eng yuqori ko`rsatkichdir. O`zbekistonning chekka hududlarida ko`rsatkich odatda 35-40 kishidan 50 kishigacha to`g`ri keladi.

Ammo bu Toshkentda boshqa viloyatlarga nisbatan onkologik kasalliklarga chalinish ko`p degani emas. Onkolog mutaxassis Olim Imomov bu haqida Rost24.uz muxbiriga ma`lum qildi.



«Shunchaki, Toshkent shahrida diagnostika yaxshi yo`lga qo`yilgan. Mamlakat qancha rivojlangan bo`lsa, ularda saraton kasalligi ko`p uchraydi. Chunki ularda diagnostika yaxshi rivojlangan bo`ladi. Mana masalan, Afrika davlatlarida saraton diagnostikasi sust, albatta, shuning uchun saraton kasalligi ham kam aniqlanadi».

- O`zbekistonda Rossiya va Qozog`iston kabi qo`shni mamlakatlarga nisbatan saraton kasalligi aniqlanish ko`rsatkichi pastroq. Bu mamlakatimizda diagnostikaning Rossiya va Qozog`istonga nisbatan sust rivojlanganini anglatadimi?

-Bizda saraton kasalligining qo`shni mamlakatlarga nisbatan kamligiga sabab bu O`zbekiston aholisining ko`pchiligini yoshlar tashkil qilishidir. Bizda tug`ilish ko`rsatkichi yuqori, aholining 30 foizi mehnatga layoqatlilik yoshidan, ya`ni 18 yoshdan past bolalar, 30 foizdan ortiq,  40 foizga yaqin kishi mehnatga layoqatli yoshda. Atigi 10 foizdan oshiqroq qismigina qariyalardir. 

Davlatda qanchalik yoshlar ko`p bo`lsa, saraton kasalligi kam bo`ladi. Chunki, bu kasallik qariyalarga nisbatan yoshlarda kamroq uchraydi. Evropa davlatlarida, Rossiyada qariyalar ko`proq, yoshlar esa kam bo`lgani uchun ularda saratonga chalinish ko`rsatkichi ham balanddir. 

Shuningdek, O`zbekistonda tabiiy o`lim sabablarining har doim ham o`rganilmasligi, ayrim chekka hududlarda aholining o`z salomatligiga befarqligi, ba`zi shifokorlarning onkologik ehtiyotkorligining pastligi hamda aholining ba`zi qatlami zamonaviy tibbiyotga emas, tabiblarga ishonishi kabi muammolar borligi uchun ham onkologik kasalliklarning aniqlanishi ko`rsatkichi kamroq, deyish mumkin, deydi Olimjon Imomov.

Ma`lumot uchun, 20 yildan ko`proq vaqt davomida kuniga bitta quti tamaki chekadigan insonlarda chekmaydiganlarga qaraganda o`pka saratoniga chalinish xavfi 8-10 baravar yuqori.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар