Madaniy merosni asrab qolishga milliardlab mablag` ajratilyapti. Kech bo`lmadimi?

07.05.2022 10:03

Hisobotlarda O`zbekistonda madaniy meros ob`ektlari soni  8 mingdan ortiqligi faxr bilan ko`rsatiladi. Dunyoning eng buyuk va qaytarilmas sivilizasiyalari o`chog`i bizni Vatanimizda ekanligi hatto darsliklarga ham kiritilgan. Lekin, unga munosabat afsuski maqtagulik emas. O`zbekistonda 30 yilda, ya`ni mustaqillik davrida madaniy meros ob`ektlariga etkazilgan zarar miqdori 4 trln so`mdan oshganini nima bilan izohlash mumkin?

Hatto tarix talon-taroj qurboni

O`tkazilgan tekshirishlarda respublika bo`yicha 14 ta muzeyda 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklar talon-toroj qilingani aniqlangan. Jumladan, Buxoro davlat muzeyida jami 31,5 milliard so`mlik 81 ta madaniy boyliklar qalbakilariga almashtirib qo`yilgan. «Ichan qal`a» davlat muzey fondida jami 101 ta muzey ashyolari asliga to`g`ri kelmasligi ma`lum bo`lgan.

Bir qancha madaniy meros ob`ektlariga qurilishlaru, o`zboshimchalik bilan qilingan restavrasiya ishlari sababli jiddiy ziyon etkazilgan.

           Endi madaniy merosni asrab qolishga milliardlab mablag` ajratilmoqda. Lekin...

Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o`rinbosari Tursunali Qo`zievning ta`kidlashicha:
«Toshkent 2200 yillik tarixi davomida shunchalik boy meros qoldirganki, buni butun boshli institutlar, vazirliklar yillar davomida o`rganib, saqlab kelishi kerak edi. Lekin unday bo`lmadi. Mana bu yil masalan Knyaz Konstantin Romanovning saroyiga mablag` ajratilyapti. Lekin Toshkent ko`chalarida ahamiyati bilan, tarixi bilan undan kam bo`lmagan va unikiday me`morlar loyihasi asosida yaratilgan binolar ko`p. Afsuski, ko`pi buzilib ketdi. Nima emish bular bosqinchilik davri obidalari emish.»

Olim binolarni «bosqinchilar davri me`morchiligi» deya buzib tashlanishi juda katta tarixiy xato ekanligini ta`kidladi. Uning aytishicha, binolarni bosqinchilar emas, o`zimizning qo`li gul me`morlarimiz qurishgan. O`zbekiston amaliy san`at muzeyi, Polovsov uyi ham shular jumlasidandir.

«Simvollar bor va obidalar bor. Bizda simvol bilan obidani vayron qilish holatlari ko`p bo`lgan. Mana dunyoda fashizm simvollari ta`qiqlanadi, lekin binosini buzib tashlashmaydi. Masalan, Rimda Mussolini qurdirgan bino ham turibdi, ungacha ham imperatorlar qurdirgan barcha binolar joyida turibdi. Simvollarni esa olib tashlashgan va binolardan boshqa maqsadda foydalaniladi.»

Shuningdek, agentlik mas`uli mamlakatimizda, jamiyatimizda odamlarning ma`daniy meroslarning ahamiyatini his qilmasligi, ko`pchilikda tarixiy obidalar «eskilik sarqiti» degan qarash shakllanib qolganini qoralaydi. 

«Mana, Sobiq sovet davrida Chilonzor va boshqa tumanlarda qurilgan ko`p qavatli uylarning yon tomoni ajoyib mozaikalar bilan bezatilgan. Buni har safar yoki buzilayotgan, qo`porilib tashlanayotgan yoki bo`yalayotgan joyda aholi vakillari chiqadi, bloger-jurnalistlar «dod-voy» soladi keyin o`z holatiga qaytariladi va kechirim so`raladi. Lekin shuni qilmaslik mumkinku. Madaniy merosning ahamiyatiga etib borgan odam shuni buzmaydiku».

Afsuski, bu yagona muammo emas. Toshkent shahrida va butun respublikada madaniy merosga e`tibor qaratilgan taqdirda ham undan noto`g`ri foydalanish holatlari juda ko`p.

     Tarix izini o`chirayotgan «restavrator»lar

Tursunali Qo`zievning misol keltirishicha, Sitorai Mohi Xosa, Abdulla Qodiriy uy muzeyi kabilarni restavrasiya qilish uchun davlat katta mablag` ajratgan edi. Ammo restavratorlar xatosi tufayli ularning tarixiy ahamiyati yo`qolgan. 

«Buning tagida bitta narsa yotibdi. «Restavratormiz» deyotganlar aslida oddiy suvoqchi va quruvchilar. Ular tenderda yutib chiqishgan o`zlari bilgan ishini qilishadi. Ularni nazorat qilish uchun esa mutaxassis etishmayapti.»

           Buzilib ketgan madaniy meros ob`ektiga pul ham ajratilib kelinadi

Olim O`zbekistonda haligacha qog`ozlarga qarab xulosa qilinishini, Toshkent shahri va viloyatida o`nlab qog`ozlarda turgan va mablag` ajratilib kelinayotgan madaniy meroslarning ro`yxati boru lekin borib qaralsa tagida madaniy merosning o`zi yo`qligi va Ular allaqachon umuman yo`q bo`lib ketganligini aytdi.

        Ro`yxatlar maqtanish uchun xolosmi?

«Biz g`ururlanib mana shuncha madaniy meroslarimiz bor, mana ro`yxati deb karnay chalamiz, tagida ob`ektning o`zi yo`q. Ular ojiz, ularni asrash uchun bitta quruvchiga qur yoki ta`mirla deb bo`lmaydi. Ko`p mablag` kerak, bilim va izlanish, olimlar kerak. Shularning hammasini jamlangandagina bularni asrab qolish mumkin».

Ko`hna Toshkentning tarixini saqlab qolish uchun yiliga qancha mablag` ajratiladi? 

Bu savolga Toshkent shahar madaniy meros boshqarmasi boshlig`i Eson Abdurasulovdan javob oldik:
«2022 yilda hukumatimiz tomonidan 21 mlrd 800 mln so`m mablag` 5 ta ob`ektga ajratildi. Bu bo`yicha loyihalash ishlari institutimiz tomonidan amalga oshirilmoqda. 
Bundan tashqari, Toshkent shahar mahalliy kengashi tomonidan ham deputatlarimizning tasdig`iga ko`ra 10 ta ob`ektimizga 16 mlrd mablag` ajratildi. 2022 yilning o`zida 21 ta ob`ektimizda ta`mirlash-tiklash ishlari olib boriladi.»

Madaniy meros agentligi raisi o`rinbosari Tursunali Qo`ziev bu e`tibor endi qaratilayotganini, uzoq yillar davomidagi e`tiborsizlikni qoraladi. Chunki, yo`qotilgan tarix izini milliardlab mablag` sarflab ham qayta tiklash mushkul. 

Eslatib o`tamiz, joriy yil 26 aprel kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida prezident ham bu ishlarni qoralab, «Bundan buyon muzeylardagi sharoitlarga viloyat hokimlari javobgar bo`ladi», — deb ta`kidlagan. Umid qilamizki, hokimlar tarixiy ob`ektlar yaqinida qurilish ishlarini boshlashdan oldin ham bu javobgarlik borligini yodga olishadi.

 

 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
07.05.2022 15:35
Рост24 га рахмат керакли муаммоларни ёритганларинг учун лекин бунга муносиб чора еуриладими яна қоғозда қолиь кетадими лекин бу хукуматни келажак авлод кечирмайди