Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida quyidagi fikrlarni bayon qildi:
So`z erkinligi va demokratlashtirish tobora rivojlanib borar ekan, fikrlar turli tuman, g`oyalar har xil, ya`ni plyuralizm prinsiplari chuqurroq singib bormoqda. Yangi qabul qilinadigan qonunlar va islohotlarga ham ochiq fikrlar bildirilmoqda, hamma ham bir xil qabul qilmaydi. Bu tabiiydir va buni to`g`ri qabul qilishni ham o`rganishimiz kerak.
Ya`ni, bunday sharoitda absolyutizmni ta`minlab bo`lmaydi, yoki yagona mafkura qilib, davlat mafkurasini o`rnatib bo`lmaydi. Konstitusiyada ham bekorga yozilmagan.
Aynan bu jarayonda odamlarni birlashtiruvchi yagona vosita yoki mexanizm – bu qonun ustuvorligidir. Ya`ni milliy g`oya sifatida, biz huquqshunoslar aholini qonun ustuvorligi g`oyasi atrofida birlashtirish maqsadga muvofiq bo`ladi, deb hisoblaymiz.
Chunki qonun odamlarning axloqiy, siyosiy qarashlaridan qat`iy nazar yagona talablarni belgilaydi, barcha uchun majburiy me`yorlarni o`rnatadi.
Qonun ustuvorligi esa shunday me`yorki, fikrlar xilma xil bo`lsa ham munosabat, yondashuv bir xil bo`ladi, shu bilan birga qonun ustuvorligi turli xil fikrlarni ham hurmat qiladi, muammolar bir yoqlamalik bilan emas huquqiy vositalar bilan hal etiladi.
Eslatib o`tamiz, 28 aprel kuni bo`lib o`tgan yalpi majlis haqida UzReport telekanali Senat binosidan jonli efirga chiqib xabar bergan. Majlis avvalida madhiya aytilgan, keyin Tanzila Norboeva qisqa hisobot bergandan so`ng Senatdagi efir uzildi. Bu jarayon Senat faoliyatidagi shaffoflikka putur etayotgani haqidagi muhokamalarga sabab bo`lmoqda.