Sobiq amaldor Kozim To`laganov davlatga milliardlarni qaytarganmi? U 20 yillik qamoq jazosini nega o`tamagan?

16.05.2022 18:00

Bir vaqtlar Bosh vazir darajasiga ko`tarilishi taxmin qilingan amaldor Kozim To`laganovga 20 yilga shartli qamoq jazosi berilgan va davlatga 1,3 million AQSh dollari miqdorida pul mablag`i to`lab berish majburiyati qo`yilgan edi. 

Yillar davomida katta lavozimlarda ishlab kelgan To`laganov bu pullarni hukumatga qaytarganmi? Nima uchun u ozodlikdan mahrum etilmagan, amaldorlarga qonun boshqacha ishlaydimi? 

Rost24.uz sayti bir vaqtlar odamlar og`ziga tushib mashhur bo`lgan amaldorning hokimiyatdan ketgandan keyingi taqdiri bilan qiziqib ko`rdi.

So`nggi yillarda asosan hokim o`rinbosarlari pora bilan qo`lga tushib jazolanmoqda. Hokimlarning esa korrupsiyada doim «toza» bo`lishlari kinoya va hazillarga sabab bo`lyapti. Go`yoki hokimlar hech qachon iqtisodiy jinoyat sodir etmaydi va ayblanmaydi. O`rinbosarlar esa birin-ketin bir necha ming AQSh dollari bilan qo`lga tushaveradi. 

Kozim To`laganov 16 yil avval aynan hokim lavozimida bo`la turib jazolangan amaldorlardan biri edi. Unga sud tomonidan hukumatga 1,3 mln. AQSh dollari miqdorida pul qaytarish sharti qo`yilgan.  To`laganovning milliardlarni davlatga qaytarganiga o`sha davr hukumat vakillari guvoh bo`lganlarini aytishadi. Mablag`larni qaytarish esa uni qamoq jazosidan ozod qilgan. Ammo, shunga qaramay To`laganov yillar davomida uy qamog`ida bo`lgani aytiladi. Ya`ni jinoyat sodir etgan amaldor hukumatdan butunlay uzoqlashtirilgan. Keyinchalik Shavkat Mirziyoevning hukumatga kelishi uni «uydan chiqishi»ga imkoniyat bergan.

Tog`dek uyum pullarni qaytargan amaldorning karera yo`li quyidagicha boshlangan edi.

Kozim To`laganov 1994 -2001 yillar davrida poytaxt hokimi vazifasida ishlagan va o`sha vaqtda ko`zga ko`ringan amaldorlardan bo`lgan. Uni hokimiyatga kelishida Sharof Rashidovning hissasi katta bo`lgan. Yangi maktab qurilishini vaqtida topshirgan To`laganovga aynan Sharof Rashidovning nazari tushadi va shu zayil u mansab pillapoyasiga ko`tarila boshlaydi.

To`laganov Mustaqil O`zbekiston poytaxtining birinchi hokimi Adhambek Fozilbekovdan keyingi tayinlangan hokim. U Oqsaroy qurilishiga ham boshchilik qilgan.

Kozim To`laganov Toshkentga hokimlik qilgan davrida poytaxtning eng tarixiy qismlaridan bo`lgan Chorsuda katta qurilish ishlari olib borilgan. Ziyolilarning sevimli maskani bo`lgan tarixiy ahamiyatga ega Turon kutubxonasi buzilishi ham To`laganovning hokimlik davriga to`g`ri keladi. Shuningdek, Ortiqxo`jaev davriga kelib qayta tiklangan «Yubileyny» xokkey sporti muz saroyi ham aynan To`laganov hokimiyatda ekanligida buzilib «O`zko`rgazmasavdo» savdo kompleksiga aylantirilgan edi. To`laganov 1970 yilda bunyod etilgan «Yubileyny» xokkey saroyini 2000 yilda savdo markaziga aylantirgan. Umuman olganda Toshkent atrofida va ichida bozorlar qurilishining jadallashishi aynan uning hokimligi vaqtiga to`g`ri keladi.

2001 yilda To`laganov Bosh vazirning birinchi o`rinbosari lavozimiga ko`tarilgan. Ammo, oradan 4 yil o`tib, u Toshkent viloyatiga hokim etib tayinlanadi va hukumatdan uzoqlashtiriladi. 2006 yilda Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi To`laganovni iqtisodiy jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topib, hukumatga 1.3 million AQSh dollari miqdorida pul qaytarish majburiyatini yuklagan. Hamda 1 yillik sinov muddati bilan 20 yillik shartli qamoq jazosi tayinlagan. To`laganov o`sha vaqtda ko`rsatilgan summani hukumatga qaytaradi va shu bilan qamoq jazosidan qutulib qoladi, lekin unga mansab berilmaydi.

2017 yilga kelib To`laganov yana mansabga qaytdi u O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi raisining o`rinbosari - Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi boshlig`i lavozimiga tayinlanadi. Oradan 4 yil o`tib To`laganov yana egallab turgan vazifasidan ozod etiladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
21
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
17.05.2022 14:42
Мансабдорларни,хаммасини текшириб корганда пора хор.буни тозалаш жуда кийин.
17.05.2022 04:11
Манимча бу даражадаги хамма амалдорлар узига керакли пулни ишлаб олиб бир кисмини давлатга топширади,ва жазодан кутулиб колишади.Бундайлар хозир хам посуда. Бекзод Мусаев,Сангинов,Раматов бу руйхатни анча даром эттириш мумкин Лекин фойдаси йук.