Prezident qashqadaryoliklarga ko`p go`sht emaslikni tavsiya qildi

26.04.2022 08:57

Shavkat Mirziyoev nima uchun Sog`liqni saqlash vaziri Behzod Musaev boshliq katta jamoani Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga uzoq muddat ishga jo`natganini ma`lum qildi.

Yaqinda Qashqadaryo viloyatida tashrifi chog`ida, xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so`zga chiqqan Prezident so`nggi paytlarda jiddiy e`tibor qaratilayotgan sog`lom turmush tarzi masalasiga yana bir bor to`xtalib o`tdi.

«Ishqilib, bu baloning arigani rost bo`lsin, ko`pchilik davlatlar rahbarlari mendan «Qanday qilib koronavirus pandemiyasidan kam talafot bilan chiqdingiz?», deb so`rashdi. Men ularga: «Metin intizom, men suyangan xalqim irodasi va shifokorlarning sa`y-harakatlari bilan...» dedim.

Lekin, ming afsuski, bizda ham yo`qotishlar bo`ldi. Bu shunday kasallik ekanki, har qancha asrashga harakat qilmaylik ko`p bemorlar omon qolmadi. Kim ortiqcha vaznga, qon bosimiga e`tibor bermagan bo`lsa, sog`lom turmush tarziga amal qilmagan bo`lsa, ko`proq aziyat chekdi.

Endi biz bu achchiq sinovdan to`g`ri xulosa chiqarishimiz kerak.

Men sog`liqni saqlash vaziri Behzod Musaev boshliq katta jamoani bejiz Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga uzoq muddat ishga jo`natganim yo`q. Ular tinmay uyma-uy kirib aholi salomatligini o`rganishyapti, kerakli tadbirlarni amalga oshirishyapti.

Aholimizni qiynayotgan jiddiy muammolar va odatlar ortiqcha vazn, noto`g`ri ovqatlanish, kam harakatlilik. Bular bilan jiddiy kurashadigan payt keldi. Qashqadaryoliklar go`shtni yaxshi ko`rishadi. Endi qashqadaryoliklar tandir va jizni ko`proq mehmonlarga berib, o`zlari ko`katlarga va boshqa foydali mahsulotlar iste`moliga e`tibor qaratsalar, juda yaxshi bo`lardi», deya tavsiya qildi Prezident.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
14
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар