Transport vositasini boshqarayotganda haydovchining “prava”si o`zi bilan bo`lmasada biometrik pasporti yoki ID kartasi yonida bo`lishi kerak.
Bu haqida IIV JXD YHXX boshlig`i o`rinbosari Erali Bozorov ma`lumot berdi.
Uning ta`kidlashicha, bugungi kunda respublikamizda haydovchilik guvohnomalarini almashtirish jarayoni ketmoqda. Qaror qabul qilingandan keyin YHXXda yangi baza yaratilgan. Unga esa yangi «texpassport» va yangi «pravalar» to`liq kiritilgan. Ammo eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarida bu bilan bog`liq muammo yuzaga kelishi mumkin.
«Shuning uchun, yangi tahrirdagi yo`l harakati qoidalarida eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari bor odam uni yonida olib yurishi shart qilib belgilangan. Yangi haydovchilik guvohnomalariga ega haydovchi yuqorida sanalgan hujjatlari bor bo`lgan taqdirda uni o`zi bilan olib yurishi shart emas»,- deydi Erali Bozorov.
Eslatib o`tamiz, yaqinda qabul qilingan hukumat qarori (172-son, 12.04.2022 y.) bilan yangi Yo`l harakati qoidalari tasdiqlandi. Ular 2022 yil 1 maydan amalga kiritiladi.