Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali qoshidagi akademik liseyida 2019 yilgacha bosh hisobchi bo`lib ishlab kelgan fuqaro P.S. 2017-2019 yillar davomida o`zining xizmat lavozimidan foydalanib, pullarni talon-toroj qilgan.
Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi axborot xizmatining ma`lum qilishicha, fuqaro P.S. 2017 yilda 5 oy davomida mehnat ta`tiliga chiqqan, direktor fondi hisobidan rag`batlantirish pullarini olgan va eng qizig`i, 2018 yil 3 oy davomida erkak kishi bo`lishiga qaramasdan homiladorlik va tug`ish ta`tilini rasmiylashtirgan hamda shu kabi boshqa qator holatlarni vaj qilib ko`rsatib, jami 122 million 801 ming so`mni o`z nomiga yozib byudjet va byudjetdan tashqari pullarni o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilgan.
Ushbu holat yuzasidan 2020 yil 23 noyabr kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Hozirgi vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.