AQSh elchisi O`zbekiston siyosati borasida qanday fikrda?
AQShning mamlakatimizdagi elchisi Daniel Rozenblum respublika tashqi siyosatini konstruktiv tahlil qilishini bildirdi. Ammo, deydi u, har qanday pozisiyaning o`z tamoyillari bor va ularga rioya qilinishi zarur. Neytral bo`lish, deya tushuntiradi diplomat, xolis, haqqoniy va erkin axborot muhitiga yo`l berishni ham talab qiladi. Toshkentda «Amerika Ovozi» bilan suhbatda AQSh elchisi Ukrainadagi urushga nisbatan yondashuv, G`arb sanksiyalarining O`zbekistonga ta`siri, Afg`onistondagi vaziyat va Tolibonga talablar, bugungi prioritetlar va tarixiy saboqlarni muhokama qilgan.
Uning intervyusidan ayrim iqtiboslarni keltirib o`tamiz:
Elchixona odatiy rejimda ishlamoqda
AQShning O`zbekistondagi elchixonasi hozirda to`liq rejimda ishlashga qaytgan. Konsulligimiz ham normal rejimga qaytib, pandemiya paytida yig`ilib qolgan ishni bitirishga urinyapti. Juda katta sonda arizalar tushgan, immigrasion va no-immigrasion vizalar uchun. Konsulligimiz jarayonni osonlashtirish harakatida, chunki bilamiz, odamlar kutib charchagan. Buni o`zimga ham aytishadi, ko`chada, uchrashuvlarda. Viza uchun uchrashuv belgilanishi zarur. Unga esa talab ko`p. Bo`sh joy ochilishini kutish kerak. Biz albatta jarayonni engillashtirishga harakat qilamiz, lekin bu oson emas. AQShga qiziqish yuqori ekani, shuncha odam bizga intilayotganini ko`rish bizni quvontiradi, albatta. Bu holat ikki davlat orasidagi rishtalar qanchalik mustahkam ekanini ham ko`rsatadi.
Elchi konsullik ishiga aralasha olmaydi
Men viza borasida hech kimga yordam berola olmayman. Bu konsullikning ishi. Germaniyaga uchib ketayotgan edim, Toshkentdan Frankfurtga. Yonimda o`tirgan odam darrov tanib, viza so`ray boshladi. Odatda beradigan javobim shuki, elchi va konsullik orasida to`siq bor, qonuniy cheklov. Men bu jarayonga aralasha olmayman. Viza borasidagi qarorlarda mening rolim yo`q. Birinchi navbatda shuni aytaman. Odamlar bunga ishonmaydi, bilaman, ammo bu haqiqat.
Bu viza berish jarayonidagi muhim qoida. Bu o`ziga xos uquv va tekshiruv talab qiladigan prosess. Siyosiy yoki shaxsiy manfaatlarga aslo yo`l berilmasligi shart. Menga bu odam ma`qul yoki anavinisi yoqmaydi, deya aralashish adolatdan emas. Shu bois ham mana shunday tartib yo`lga qo`yilgan.
Bu viza berish... o`ziga xos uquv va tekshiruv talab qiladigan prosess. Siyosiy yoki shaxsiy manfaatlarga aslo yol berilmasligi shart.
Yaqinda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Vashingtonda bo`lishdi. Maqsad nima edi?
Har ikkalasi AQShda ko`rinib, O`zbekistonning maqsad va manfaatlarini eslatib qo`yishdi. Buni muntazam ravishda qilish katta ahamiyatga ega. Tashqi ishlar vaziri oxirgi marta o`tgan yilning iyulida borgan edi.
Muntazam muloqot zarur. Dunyoda va mintaqada geo-siyosiy va iqtisodiy vaziyat murakkablashgan, ayniqsa o`tgan yarim yilda. Shu bois aloqa ham intensivlashgan. Birga ishlashda davom etib, Markaziy Osiyo ravnaqi va tinchligi uchun hissa qo`shishni istaymiz. Har ikki vazir bilan ham shular haqida gaplashib, Ukrainadagi urush, Afg`onistondagi vaziyat, Tolibon, Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligi va boshqa masalalarni muhokama qildik.
Ochiqchasiga gaplashib oldik, jumladan savdo va iqtisod xususida.
Vazirlarning o`z vazifalari bor, albatta. Bosh vazir o`rinbosari Umurzoqov savdo va sarmoyaga e`tibor qaratdi. O`zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish harakatlari haqida gaplashdi. Tashqi ishlar vaziri Komilov esa mintaqadagi vaziyat, Ukraina va Afg`oniston sabab vujudga kelgan masalalar borasida so`zlashdi. Ma`lumot almashdik, uchrashuvlardan mamnunmiz.
O`zbekistonning Ukraina borasidagi pozisiyasiga AQSh vakili qanday fikrda?
Suhbat asnosida bu boradagi savolga ham Daniel Rozenblum javob bergan. Uning ta`kidlashicha, manfaatlar bois O`zbekiston muvozanatli yo`l tutishga majbur. Savdo aloqalari va sarmoya. Rossiyada, shuningdek, mehnat migrantlari ham bor. Ular yuboradigan mablag` mamlakat iqtisodi uchun salmoqli sarmoya. O`zbekiston uchun hayot-mamot masalalari bu. Biz uni tushunamiz, degan elchi.
- O`zbekiston bilan aloqada hamisha yodda tutamiz: suverenitet va mustaqillik. Biz hamisha suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlikni e`zozlaymiz, ularni himoya qilamiz.
Tashqi ishlar vaziri Komilovning yaqinda qilgan bayonotlarini tingladik va nazarimizda, u tushuntirgan siyosat asosli, mantiqli, aniq.
O`zbekiston o`ta nozik pozisiyada ekanini bilamiz va tushunamiz.
O`zbekiston, tashqi ishlar vaziri tushuntirganidek, neytral. Respublika Rossiya bilan ham, Ukraina bilan ham chuqur tarixiy va muhim rishtalarga ega. O`zbekiston birortasining yonini olmayapti. Shunday ekan, biz kutadigan narsa - real neytrallik.
Biz tushunamiz, siz bosqinchilikni qoralamaysiz yoki Evropa davlatlari kabi Ukrainaga harbiy yordam bermaysiz yoki shunga yaqin ishlarni qilmaysiz. Biror tarafda emassiz. Siz biror tarafni olqishlamaysiz, biror tarafga ko`maklashmaysiz, yomonlikni ravo ko`rmaysiz. Amerika buni vijdonan tanlangan haqiqiy neytrallik deb tushunadi va shuni kutadi. Bu bizning O`zbekiston bilan strategik sherikligimizni o`zgartirmaydi. Bizni o`zaro manfaatlarimiz birlashtiradi. Hamkorligimizni mustahkamlashda davom etamiz.
Xalq o`z tilida axborot istaydi
Rossiya axborot oqimi, shubhasiz, keng. Lekin qo`shni mamlakatlardan farq qilgan holda, bu erda ona tilda, ya`ni o`zbek tilidagi axborot manbalariga tayanish juda keng. Bu juda yaxshi, chunki xalq o`z tilida informasiya istaydi. Rossiyadan rus tilida katta miqdorda ma`lumot oqib kelar ekan, bu zarur. Rus propagandasi Ukraina va dunyoning boshqa joylaridagi jarayonlar yuzasidan yolg`on va buzuq «axborot» beradi.
O`zbek tilida sifatli informasiya berishning ahamiyati yuqori lekin bu oson emas.
Rossiyadan kelayotgan ovozlar shu qadar balandki, shu qadar keskin va agressivki, xuddi hamma shunday fikrni yoqlayotgandek tuyuladi. Chunki uni yoqlayotgan ovozlar yuqori. Biz o`zimiz elchixonada Ukrainadagi urush xususida ijtimoiy tarmoqlarda postlar qilganimizda hamlalarga uchradik. Urush talafotlari, dahshati, azob-uqubatlari haqida yozganimizda onlayn nishonga olindik. Amerikaga qarshi haqorat va nafratni ko`rdik.
Biz hukumat, hatto jurnalistlarning o`zi ham ehtiyot bo`lishimiz kerak, deyayotganini tushunamiz. Rossiyaning asabiga tegish xavfli, deb o`ylashyapti. Biz buni tushunamiz. Biroq bu axborot blokadasiga etaklamasligi kerak yoki noto`g`ri, yolg`on axborot oqimi yaratmasligi kerak. Rossiyadan kelayotgan bunday oqimni bloklash uchun chora ko`rilayotgani haqida bilmaymiz. Demak, xolis va betaraf emassiz. Ukraina urushi yoritilmayapti, ammo odamlar Ukraina va Rossiya haqida rus tilida tashqaridan ma`lumot olayapti.
Muvozanatli va xolis, neytral bo`lishni istasangiz, bunday axborot uchun yo`lni ochasiz. Bu mojaro uzoq cho`ziladigan ko`rinadi, afsuski, azobi ham shunga yarasha. Oldimizda murakkab bir davr turibdi.
Media o`z vazifasini bajara olishi kerak. Odamlar haqiqat va faktlarni bilishni xohlaydi va bilishi kerak.
Prezident Mirziyoev yillar davomida ko`p marta media faol bo`lishi kerakligi, jurnalistlar professional va talabchan bo`lishi lozimligi, tanqid foydali ekani, muammolarni ochib berishda OAV roli beqiyos ekani, korrupsiyaga qarshi kurashda va boshqa sohalarda matbuot qattiq ishlashi zarurligini aytgan. Men uning bu so`zlari samimiy ekaniga ishonaman.
Oson vaqtlar emas, bu aniq. Men O`zbekiston hukumatiga Ukrainadagi vaziyat yuzasidan u yo bu ishni qiling, deb aql o`rgatmoqchi emasman. Lekin rostdan ham professional, haqqoniy, talabchan jurnalistikani istasangiz, jamiyat bundan manfaatdor ekanini tushunib, tan olsangiz, unga hamisha imkon berishingiz kerak. Sizga qachon qulay bo`lsa, o`shandagina yo`l bermay, bunday tamoyillarga sodiq ekaningizni amalda isbotlashingiz kerak.
Sanksiyalar haqida
Avvalo, sanksiyalar nega qo`yilganini tushuntiramiz. Ular Rossiya suveren bir yurtga xalqaro qonunlarni buzgan holda bostirib kirgani uchun joriy etildi. Ular harbiy choraga muqobil siyosatdir. Prezident Bayden harbiy chorani ma`qul ko`rmadi. Ukrainaga qo`shin, harbiy kuch safarbar etmaslikka qaror qilindi. Prezidentga ko`ra, bunday qilish uchinchi jahon urushiga etaklashi mumkin edi. Shunday ekan, iqtisodiy sanksiyalar qo`llayapmiz. Evropadagi hamkorlarimiz va boshqa davlatlar bu tashabbusga qo`shildi. Yirik bir koalisiya vujudga kelib, bir yoqadan bosh chiqarib, chora ko`rayapti.
AQSh hukumati tushunadi, bunday siyosat biz istamagan oqibatlarga etaklashi mumkin. Tan olamiz, sanksiyalar boshqa davlatlarga ham salbiy ta`sir o`tkazadi. Ammo xalqaro hamjamiyat manfaati yo`lida biz sanksiya qo`llashimiz zarur.
Xo`sh, qanday yordam bera olamiz? Vashingtondagi so`nggi uchrashuvlarda buni muhokama qildik. Moliyaviy institutlar , xususan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqalar bilan qisqa muddatda dasturlarni ishga solish, iqtisodiy ko`makni oshirish... AQSh, shuningdek, YuSAID (AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi) va hamkor hukumatlar bilan ishlab, samarali choralar ko`rishga ahd qilgan. Migrantlar bilan bog`liq vaziyatni ham tushunamiz, katta sonlarda qaytishlari mumkin. 1-2 million odam qaytadi, degan taxmin bor. Bu esa O`zbekiston iqtisodiyotiga qattiq zarba bo`ladi.
Ish o`rinlari yaratish, kasb-hunar o`rgatish, qaytganlarga imkoniyat yaratish - biz O`zbekiston hukumati bilan bu masalalar istida bosh qotirayapmiz.
«Ochiq tan olamiz, achchiq haqiqat shuki, salbiy oqibatlari bo`ladi».
Odamlar azob chekadi, faqat O`zbekistonda emas, AQShda ham. U erda oqibatlar allaqachon yonilg`i bahosini oshirib yuborgan. Mashinaga qattiq tayanadigan Amerika uchun bu katta muammo. Birga ishlab, hayotimizni osonlashtirish uchun chora ko`ramiz.
Amerika sarmoyasi ko`payishi mumkin
Qancha kompaniya kelishini oldindan aytish qiyin. Ammo hozir Amerika kompaniyalari uchun ayni muddao. Elchixona buni doim targ`ib qiladi, ya`ni ikki davlat orasida savdo, Amerika sarmoyasini. Toshkentda uch yildan beri bo`lsam, bu davr mobaynida ko`rdimki, Amerika kompaniyalari o`z kadrlariga sarmoya qiladi, ularni tayyorlaydi. Buni boshqa davlatlarning bizneslari qilmaydi. Ular markazdan katta sonda ishchi olib kelmaydi. Aksincha, mahalliy odamlarga o`rgatadi.
“ O`zbekiston xalqaro hamjamiyat Afg`oniston borasida yakdil bo`lishi uchun qattiq harakat qilmoqda»
O`zbekiston Afg`onistondagi yangi rahbariyat bilan ishlashda faollik ko`rsatmoqda, garchi uni rasman tan olmasa ham.
Afg`onistonga energiya ta`minoti va u orqali tranzit borasida ko`plab tashriflar va bitimlarni ko`rayapmiz. Pokistongacha temir yo`l barpo etish loyihasi, masalan. Biroq xalqaro hamjamiyati hali ham kuzatmoqda, chunki Tolibon tan olinishi uchun hali ko`p ishlar qilishi kerak. Inklyuziv deganda o`zi nima nazarda tutilmoqda, bu ham oydinlashishi kerak. Haqiqat shuki, Tolibon talabga javob bermaydi. U terrorizmga qarshi kurashishi zarur. Biz uchun bu eng asosiy talab. O`zi AQSh 2001 yilda aynan shu sabab bilan Afg`onistonga kirgan edi.
Xotin-qizlar huquqlari ham biz uchun bag`oyat dolzarb. Qizlar uchun maktablar qayta ochilishi qiyin kechmoqda. O`zbekiston bizning va umuman, xalqaro hamjamiyat talablarini biladi va o`zi ham shularni qo`ymoqda.
Tolibonga muayyan shartlarimiz bor va ular hali bajarilmagan.
O`zbekiston bilan mintaqa ravnaqi va barqarorligi yo`lida ishlab kelamiz va bu davom etadi. Biz Afg`oniston yana terror o`chog`iga aylanishini aslo istamaymiz. Ammo o`tgan yozdan beri u erda terrorchilar soni oshgani va ular faollashgani haqida ma`lumotlar bor. Terrorizmga qarshi kurash Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham, AQSh uchun ham Afg`onistonda birlamchi masala. O`zbekiston bilan hamjihatlikda chora ko`ramiz.
O`zbekiston va Jahon savdo tashkiloti
O`zbekiston bilan Jahon savdo tashkilotiga intilayotgan boshqa davlatlar bilan qanday gaplashsak, shunday muloqot qilamiz. Siz bizning bozorga, biz esa sizning bozorga kirish haqida gaplashamiz. Ikki tomonlama kelishuvlar zarur bo`ladi. Lekin biz O`zbekistonga bu tashkilotga kirishi uchun texnik yordam beramiz. YuSAID O`zbekiston Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga bu borada ko`maklashmoqda.