Pora olish keyingi vaqtlarda amaldorlar oʻrtasida kim oʻzar musobaqasiga aylanib boryaptimi, kundan kunga turlari ham koʻlami ham ortib borayotgandek. Rost24.uz sayti 2022-yilning oʻtgan mart oyidan boshlab bugungacha eng koʻp miqdorda korrupsion kirdikorlar qilgan shaxslarning qaysi sohada ishlaganliklari haqidagi xabarlarni toʻpladi. Poraxoʻrlar safida asosan tashkilotlar rahbarlarining oʻrinbosarlari, yordamchilari yoki bosh hisobchilar turibdi, boshliqlar emas.
1. Zangiota tumani hokimi yordamchisi - 15 500 AQSH dollar
Joriy yil 6-aprel sanasida Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Zangiota tumani boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 15 500 dollar pora olayotgan shaxsni qoʻlga olishgani xabar qilindi. Jinoyatga qoʻl urgan mansabdor Zangiota tuman hokimining mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchisi lavozimida ishlab kelayotgan boʻlgan. Hokim yordamchisi A.Yu. tuman kadastr boʻlimi sobiq xodimi U.A. bilan oldindan til biriktirib, xususiy tadbirkor R.ning ishonchiga kirib, unga “Mevazor” MFYda joylashgan 8 sotix yer maydonida turar joy binosini qurish uchun ruxsatnoma olib berish hamda kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2021-yil davomida jami 15 500 AQSH dollarini qoʻlga kiritib, yana 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Zangiota tumani hokimi yordamchisi va uning sherigiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
2. Davlat soliq boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari - 14 500 AQSH dollari
27-mart kuni Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryoda masʼuliyati cheklangan jamiyat vakilidan muqaddam pora sifatida 14 500 AQSH dollari olgan Davlat soliq boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari qamalgani haqida axborot berdi.
Qayd etilishicha, Davlat soliq boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari DXX xodimlari tomonidan ushlangan vaqtida masʼuliyati cheklangan jamiyat vakilidan muqaddam pora sifatida olgan 14 500 AQSH dollaridan 5 ming AQSH dollarini qaytarib berayotgan boʻlgan.
Aniqlanishicha, oʻtgan yili prokuratura organlari tomonidan mazkur masʼuliyati cheklangan jamiyat mansabdor shaxslariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida MCHJning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati boʻyicha soliq idoralari hujjatli taftish oʻtkazgan.
Oʻsha davrda viloyat Davlat soliq boshqarmasida bosh inspektor boʻlib ishlagan mazkur mansabdor shaxs aniqlangan 900 mln soʻmga yaqin moliyaviy xato va kamchiliklar boʻyicha belgilanishi lozim boʻlgan 300 mln soʻmlik jarima miqdorini 72 mln soʻmga kamaytirib berish evaziga 14 500 AQSH dollari miqdorida pora olgan.
Hozirda unga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
3. Hazorasp tumani hokimining oʻrinbosari - 12 ming dollar
Xorazm viloyati Hazorasp tumani hokimining oʻrinbosari U.A. fuqaroga “Qirtepa” mahallasidagi noqonuniy qurilgan uylarni buzmaslik va mazkur mahalladagi hokimlik zaxirasidagi 18 sotix yerni turar joy qurish uchun ajratib berishni vaʼda qilib, 12 ming dollar soʻragan va uni olayotgan vaqtda ushlangan.
Hodisa yuzasidan JKning 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov olib borilmoqda.
4. Universitet kafedra mudiri va talabasi – 4000 AQSH dollari
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining talabasi U.X. fuqaro R.ni institut kafedra mudiri orqali magistratura bosqichiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan.
Talaba buning evaziga 4000 dollarni olgan vaqtida ushlanib, uning koʻrsatuviga asosan davom etgan tadbirda kafedra mudiri M.E. U.X.dan 4000 dollarni olganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqida joriy yil 9-aprel kuni Bosh prokuratura huzuridagi departament maʼlum qildi.
5. Cudya - 2,5 ming AQSH dollari
Toshkent shahrida ishni javobgarning foydasiga hal qilib berish evaziga 4000 ming dollar pora talab qilgan hakamlik sudi sudyasi ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati 4-aprel kuni xabar berdi.
Aniqlanishicha, Toshkent shahar Hakamlik sudi sudyasi M.K. daʼvogar F.T. va javobgar M.X.ning ishini javobgarning foydasiga hal qilib berishini aytgan.
Shuningdek, sudya ushbu qarorning kelgusida bekor boʻlmasligi evaziga M.X.dan firibgarlik yoʻli bilan 4000 dollar talab qilib, shundan 2500 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
6. Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi - 2 000 AQSH dollari
Fargʻonada Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi fuqaroni tanishlari orqali harbiy qismlardan biriga ishga kiritib qoʻyish evaziga 2 000 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati maʼlum qildi.
Aniqlanishicha, viloyat tumanlaridan birining Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi 1998-yilda tugʻilgan fuqaroni viloyatdagi harbiy qismlardan birining orkestriga tanishlari orqali ishga kiritib qoʻymoqchi boʻlgan.
Hozirda mazkur mansabdorga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
7. Hokimlik bosh mutaxassisi - 1200 AQSH dollari
Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahri hokimligi bosh mutaxassisi 1992-yilda tugʻilgan J.R. fuqaroga Kattaqoʻrgʻon shahrida qurilayotgan yangi 12 qavatli uylardan 3 xonali xonadonni davlat tomonidan ajratiladigan subsidiya hisobida sotib olishi uchun uni bazaviy roʻyxatga qoʻshishi va subsidiya ajratib berishi evaziga 1200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, J.R.ga nisbatan oʻtkazilgan shaxsiy tintuv vaqtida uning yonidan taxminan 5-10 gr. miqdordagi “Marixuanna” giyohvandlik vositasi, 300 AQSH dollari pul mablagʻlari xamda giyohvandlik vositasini isteʼmol qilish uchun moʻljallangan moslama topilgan.
8. Tergovchi - 1000 AQSH dollari
5-mart kuni Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi ish yurituvidagi jinoyat ishi boʻyicha bir shaxsga chora koʻrmaslik evaziga 5 ming dollar talab qilgani aniqlangan. U mazkur pulning ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.
9. “SES” boshligʻi maslahatchisi – 700 AQSH dollari
Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻining maslahatchisi M.B. fevral oyi boshida Uchtepa tumanida tanishi N.X.ni ishga kiritib qoʻyish vaji bilan 700 dollarni olgan vaqtida ushlangan. Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi pora olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qoʻlga olingan.
10. Hokim yordamchisi – 5,5 mln soʻm
Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumani hokimining yordamchisi B.X. fuqarodan 5,5 million soʻmni firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Fuqaro A.M. tumandagi “Yangiobod” mahallasi hududida tadbirkorlikni amalga oshirish uchun hokimlik orqali yer maydoni olmoqchi boʻlgan.
Hokim yordamchisi B.X. esa unga mahalla hududidan stadion va sport majmuasi qurish uchun “Ye-auksion” orqali tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan 60 sotix yer maydonini tanishlari orqali olib berishda yordam berishi mumkinligini aytib, evaziga fuqarodan 5 million 500 ming soʻm pul talab qiladi».
Maʼlumot uchun: 2020-yilda sudlar tomonidan korrupsiya bilan bogʻliq 2 270 nafar shaxsga nisbatan 1502 ta jinoyat ishi koʻrilgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 3 baravarga koʻpayib 5 483 nafar shaxsga nisbatan 3 769 ta korrupsiyaviy jinoyat ishlari sudlarga oshirilgan. Korrupsion holatlarning eng koʻpi esa Sogʻliqni saqlash tizimida aniqlangan.