Pokiston siyosati AQSh va Rossiya o`rtasidagi munosabatlarga bog`liqmi?

10.04.2022 21:15

Bugun, 10 aprel kuni Pokiston parlamenti bosh vazir Imron Xonga nisbatan ishonchsizlik votumini qabul qilib, uni lavozimidan chetlatdi. Pokistonning yangi bosh vaziri lavozimi uchun nomzod ham ko`rsatildi.

Reuters xabariga ko`ra, ovoz bergan muxolifatchilar Xonni mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni yaxshilay olmayotganlikda va korrupsiyada ayblagan.

Pokiston hukumati ishonchsizlik votumi ortida AQSh turganini iddao qilmoqda.  24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan birinchi kunda Pokiston bosh vaziri Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan edi. Shundan so`ng, 3 aprel kuni Pokiston parlamenti a`zolari bosh vazirga ishonchsizlik votumi o`tkazmoqchi edi. Biroq, parlament vise-spikeri ovoz berishni o`tkazishdan bosh tortdi. Pokiston Milliy Assambleyasi spikeri Asad Kayzer bu konstitusiyaning 5-moddasiga zid ekanini aytdi.

Parlamentning bosh vazirga ishonchsizlik votumini o`tkazishga urinishlari boshlangan zahoti prezident Orif Alviy Milliy assambleyani tarqatib yuborgan edi.

Asad Kayzer bugun, ishonchsizlik votumiga ovoz berish oldidan iste`foga chiqdi. U buni «Xonni hokimiyatdan olishga qaratilgan chet el fitnasida qatnasha olmasligi» bilan izohlagan. Imron Xon esa uni olib tashlashga urinishlar ortida AQSh rasmiylari turganini aytgan.

Hukumat a`zolari AQSh bosh vazirdan Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga bormaslikni talab qilgan deb hisoblashmoqda. Ularga ko`ra, Pokiston rahbari AQShga quloq solmagan, oqibatda esa AQSh mamlakat parlamentidagi bir qator muxolifat vakillariga muayyan pul to`lab, bosh vazirga ishonchsizlik bildirish uchun ovoz berishni so`ragan. AQSh Imron Xon hukmronligi davrida Pokiston AQShdan yanada uzoqlashib, Rossiya va Xitoy bilan yaqin aloqa o`rnatganidan mamnun emas. Pokistonning “Dawn” gazetasi mamlakat bosh vaziri Moskvaga ketayotganida AQSh unga bevosita bosim o`tkazib, tashrifni bekor qilishni talab qilganini yozgan.

Imron Xon Qo`shma Shtatlar mamlakat ichki ishlariga aralashganini bildirib, aholini ushbu fitnaga qarshi namoyishlar o`tkazishga chaqirdi. New York Times gazetasining yozishicha, AQSh rasmiylari mazkur ayblovlarni rad etgan. Rossiya tomoni esa rasmiy ravishda AQShdan Pokiston ichki ishlariga aralashmaslikni talab qildi.

7 aprel kuni Pokiston Oliy sudi Milliy assambleyani tarqatib yuborish va mamlakat bosh vaziriga ishonchsizlik votumini bekor qilishni «konstitusiyaga zid» deb topdi va ovoz berishni o`tkazishga qaror qildi.

Pokistonda saylovlar 2023 yilda bo`lib o`tishi kerak edi. Ammo Axborot va teleradio uzatishlar vaziri Farrux Habibga ko`ra, mazkur holat ortidan Pokistonda yangi parlament saylovlari 90 kundan so`ng bo`lib o`tadi. Imron Xon yangi bosh vazir saylangunga qadar o`z vazifasini bajarib turishi ma`lum qilingan.

Bugun, kutilayotganidek Pokiston muxolifati tomonidan «Pokiston musulmon ligasi» partiyasining etakchisi, ilgari uch marta mamlakat bosh vaziri bo`lgan siyosatchi Navoz Sharifning ukasi Shahboz Sharif nomzodi Pokistonning yangi bosh vaziri lavozimi uchun ko`rsatildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
13.04.2022 13:22
Бу воқеалар кўп "мустақил" давлатларда ҳақиқий ҳоким АҚШ эканлигини кўрсатади