Chorsu mehmonxonasi 14 yildan buyon o`zgarmay keladi. Bir necha bor chet ellik investorlarga sotildi, ammo o`sha investorlar tomonidan yana bino qaytarib beriladi. Ayrim aholi vakillari orasidagi gaplarga qaraganda mehmonxona joylashgan hududning qandaydir «sirli» tarixi bor.
Poytaxtimizning ko`p yillik xarobasi «Chorsu» mehmonxonasining tarixi va taqdiri haqida Rost24.uz sayti muxbiri reportaj tayyorladi.
Buloq ustiga qurilgan mehmonxona tarixi
«Chorsu» mehmonxonasi Toshkent markazida, ya`ni Chorsu maydoni, Navoiy, Beruniy va Samarqand darvoza ko`chalari kesishgan joyda 1982 yilda qurilgan. Odamlar o`shanda bu mehmonxona qurilishi xosiyatsiz bo`lishi mumkinligini aytishgan. Chunki mehmonxona qadimiy ziyoratgoh o`rnida qurilgan bo`lib bu erda qachonlardir Ukkosha bulog`i, Badalmat hammomi bor edi. O`sha atrofda yashovchi, bolaligi Chorsu mahallasida yashovchi keksa yoshli otaxonlar bu hudud avvallari bozorning bir qismi bo`lgani, keyinchalik buzib tashlanib, buloq ham ko`milib Oxunboboev haykali, xiyoboni qurilganini xotirlashdi. Keyinroq esa Oxunboboevning haykali olib tashlanadi va mehmonxona quriladi. Sovet hukumati davri bo`lgani uchun odamlar buloqning buzilishiga qarshi chiqa olishmagan.
«Sovet davlatida qarshilik qilishga hech kimning haqqi yo`q edi. Chunki hamma er davlatning eri hisoblanardi, yashayotgan uylarimiz ham davlatning mulki hisoblanardi. Sotishga ham, sotib olishga ham haqqi yo`q edi. «Chorsu» mehmonxonasining hosiyatsiz joyda qurilgani haqidagi gaplar ham bor. Juda rivojlanib, juda zo`r bo`lib ishladiyu mustaqillikka erishganimizdan keyin xaroba ahvolga tushib qoldi», deydi mahalliy aholi vakili.
«Moskva» degan nomni nega xalq qabul qilolmadi?
Loyihada mehmonxona dastlab «Chorsu» deb nomlangan. Biroq sovet hukumati uni «Moskva» deb nomlashni ma`qul ko`radi. O`zbekiston mustaqillikka erishgach, yana «Chorsu» nomi bilan atala boshlandi. Mehmonxona qurish uchun sovet quruvchilari nega aynan bu hududni tanlashgan?
O`zbekiston Fanlar Akademiyasi tarix instituti umumiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari, tarixchi Muxtor Shamsiev buni izohlar ekan yaqin tarixiy manbalarda bu haqida hech qanday ma`lumotlar yo`qligini ammo o`zining shaxsiy qarashlari bilan bo`lishishi mumkinligini ma`lum qildi.
Uning aytishicha, tarixchilar Toshkent tarixini o`rganishda yangi shahar va eski shahar qismlariga bo`lib o`rganadi va bu xato qarashdir. O`rda maydonidan oqib o`tuvchi anhor bilan ajralgan qismlar bu Sovet hukumatining ayrim mas`ullari tomonidan o`ylab topilgan kuchli g`oya bo`lgan. Ular yangi shahar qismini o`zlari uchun yashashga qulay qilib qurishgan va eski shahar qismi ularga doim ikkinchi o`rinda bo`lgan.
«Shaharning aynan eski shahar qismiga «Moskva» mehmonxonasini qurish uchun zarurat bormidi? Buning ustiga shaharning qoq markazi eski, asrlar davomida butun xalqlarni, butun millatlarni, butun siyosiy jarayonlarni o`zining boshidan o`tkazgan hudud uchun «Moskva» nomining berilishi bu qanchalik to`g`ri edi? Xalq «Moskva» nomini mehmonxona uchun qabul qilolmadi. Bu nom xalqning yuragiga singmadi. Birinchidan, bu hududda to`liq musulmonlar yashovchi, ikkala tomonida musulmonlarning ikki yirik zalvorli masjidlari joylashgan hududda bizga begona bo`lgan shaharning nomining qo`yilishi va shahar nomi ostida o`zining yot g`oyasini singdirishi ta`sir qilmadi».
Tarixchining fikricha, mehmonxonaning aynan bu hududda qurilishi «Chorsu» maydonining turistlar uchun har taraflama qulayligi, shaharning qadimiy manzarasi va zamonaviy hududining tutashgan nuqtasida joylashgani edi.
Qayta qayta qabul qilingan qarorlar, investorlar va ta`mirlash va`dalari
«Moskva» nomi bilan foydalanishga topshirilgan mehmonxona 2000 yillar boshida ta`mirlash uchun yopilgan edi.
2002 yili 26 noyabrda Vazirlar Mahkamasining «O`zbekiston Respublikasida mehmonxona biznesi va xalqaro turizmni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida» 2002 yil 2 sentyabrdagi 310-son qarorini bajarish yuzasidan hamda «Chorsu» mehmonxona kompleksini rekonstruksiya qilishni jadallashtirish maqsadida qarori e`lon qilinadi.
Unda «O`zbekturizm» milliy kompaniyasi va «Emsash» (Turkiya) firmasining ustav jamg`armasi 10 mln AQSh dollaridan iborat bo`lgan mas`uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi «Chorsu Otel» qo`shma korxonasini tashkil etish to`g`risidagi taklifiga rozilik berilgan. O`zbekiston tomonining ulushi «Chorsu» mehmonxona kompleksi tarzida 3 mln AQSh dollari miqdorida va «Emsash» firmasining ulushi asbob-uskunalar va pul mablag`lari tarzida 7 mln AQSh dollari miqdorida belgilangan. Bu qarorda millionlar haqida gap bordiyu, ijro faqat qog`ozlarda qolib ketdi.
2010 yili O`zbekiston hukumati «Chorsu» mehmonxonasi ta`mirini 2012 yil 1 sentyabrigacha tugatish haqida qaror qabul qilgan.
2012 yilda qabul qilingan va Toshkent shahri turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi qarorda ham «Chorsu» mehmonxonasi ta`miri haqida so`z borgan, unga ko`ra ta`mirlash ishlari 2013 yil iyuliga qadar tugatilishi kerak edi.
Lekin, bularning hammasi quruq va`dalar ekan.
Keyin ham «Chorsu» mehmonxonasini ta`mirlashga bir necha bor harakat qilindi. Jumladan, Yaponiyaning Toyoko-Inn, Turkiyaning Demir Group kabi kompaniyalarga sotilgan edi. Dastlab, Toyoko Inn bilan, 2019 yilda esa Ahmet Demir bilan tuzilgan shartnoma bekor qilindi. Bunga sabab qilib investor O`zbekistonda kadastr hujjatlarini rasmiylashtiruvchi organlarning sustkashligini, ularsiz bankdan kredit ololmayotganini ko`rsatdi. Bunga javoban Toshkent Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev Ahmet Demirning puli yo`qligini, u Amerikadagi boshqa bir kompaniya bilan yashirin kelishuv qilib undan pul olmoqchi bo`lgani haqida gapirgan. Uning kredit ololmayotgani haqidagi e`tiroziga esa «Sen bizning banklardan kredit olish emas, chetdan bizga investisiya kiritishing kerak edi»,- deya javob qaytardi.
Xorijiy korxona tomonidan oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatlar o`z vaqtida bajarilmagani sababli, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 2 iyuldagi hal qiluv qaroriga ko`ra, tomonlar o`rtasidagi shartnoma bekor qilingan.
Demir Group «Chorsu» mehmonxona majmuasini hukumat kafolatisiz 33 mln. dollar miqdorida investisiya kiritish orqali 270 o`ringa mo`ljallangan 4 yulduzli mehmonxona majmuasini qurish va 350 ta yangi ish o`rinini yaratish sharti bilan sotib olgan edi.
So`nggi marotaba «Chorsu» mehmonxonasi 2020 yil 17 fevralida «Ittihad International Investment LLC»ga 16,9 milliard so`m evaziga sotildi.
Birlashgan Arab Amirligida ro`yxatdan o`tgan xususiy sarmoya kompaniyasiga o`sha vaqtda ikki yil ichida kamida 25 million AQSh dollari investisiya kiritish, 150 ta yangi ish o`rinlarini yaratish va 3 yulduzli mehmonxona qurish sharti qo`yilgan.
Hozir 2022 yil, odatdagidek, milliardlar haqida gap bordiyu, muddat tugasada, shartlar yana bajarilmadi.
Biz buning sababini aniqlash maqsadida «Ittihad International Investment LLC» bilan bog`lanishga harakat qilib ko`rdik, ammo kompaniyaning elektron manziliga yo`llagan murojaatimizga javob qaytmadi. Shuningdek uning internetdagi rasmiy sayti 2008 yilda ochilganidan keyin deyarli o`zgarmagani, Feysbukdagi sahifasi esa 2014 yildan buyon ishlamayotgani aniq bo`ldi.
Nega savollar ochiq qolayapti? Berilgan javoblarni esa tayini yo`q?
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga dekabr oyida murojaat qilganimizda ular «Ittihad International Investment LLC» kompaniyasi tomonidan shartnoma to`lovlari grafik asosida amalga oshirilib kelinayotganini aytgan edi:
«"E-Auksion“ elektron savdo platformasi orqali 2020 yil 17 fevral kuni o`tkazilgan auksion savdolari natijasiga ko`ra, ”Ittihad International Investment LLC" kompaniyasi (BAA) savdo g`olibi deb topilib, tomonlar o`rtasida belgilangan tartibda oldi-sotdi shartnomasi imzolangan va investor tomonidan xarid to`lovlari grafik asosida amalga oshirib kelinmoqda».
2021 yil 21 dekabr kuni Yoshlar forumida nutq so`zlagan Investisiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov mehmonxonaning boshqa investorga sotilishi ko`rib chiqilayotgani haqida gapirdi.
Bu holat bo`yicha Investisiyalar va tashqi savdo vazirining o`rinbosari Aziz Voitovdan izoh so`raganimizda esa u javob bera olmadi va Umurzoqovning javobini izohlay olmasdan bu bo`yicha Davaktivga murojaat qilishimiz kerakligini aytdi.
Xo`sh endi nima bo`ladi? Muhtasham mehmonxona yana qayta sotuvga qo`yiladimi?
Yoki bir necha yillar davomida xaroba ahvolda qoladimi? Mas`ullarimizda bu masalani hal etish uchun qanday qo`shimcha choralar mavjud? Tegishli davlat idoralaridan mazkur savollarga javob kutib qolamiz.