Qoraqalpog`istonda sayyohlar uchun juda qiziqarli manzillar ko`p. Bu o`lka bir tomondan ekologik inqiroz sababli dunyo e`tiborida bo`lsa, ikkinchi tomondan boy tarixi, udumlari, madaniy meros ob`ektlari va me`moriy obidalari bilan ham ko`pchilik qiziqishiga sabab bo`lgan. Rost24.uz muxbiri tayyorlagan video-reportajda ularning ayrimlari bilan tanishishingiz mumkin.
Qoraqalpog`iston Orol dengizi qurishi sababli juda katta global ekologik muammoga uchragan hudud hisoblanadi. Mutaxassislar fikricha, aynan turistik potensialning yuqoriligi yangi ish o`rinlarini yaratilishiga, hudud aholisining yashash tarzini o`zgarishiga turtki berish mumkin. Xo`sh bu imkoniyatlardan etarlicha foydalanilyaptimi? Infratuzilma qanday yo`lga qo`yilgan? Qoraqalpog`istonga sayyohlarning tashrifini ko`paytirish uchun qanday choralar ko`rilmoqda?
Bu masalalarni Qoraqalpog`istonning eng e`tiborga molik 5 ta tarixiy yodgorligi va ziyoratgohlari misolida ko`rib chiqamiz.
Birinchi manzil - «Kemalar qabristoni»
1960 yillarda Mo`ynoq shahri, ayni nomdagi orolning porti bo`lib, unga yo dengiz orqali yoki samolyotda borish mumkin bo`lgan. Aytishlaricha, bir kechaning o`zida dengizning suvi 200 metrga sayozlashgan. Guvohlar bu holatning ertasiga odamlar dengizga kelib, bu holatni ko`rib yig`lashganini eslashadi. Vaqt o`tgandan keyin portdan qirg`oqqacha kanal qazib dengizga quyishmoqchi bo`lishadi, lekin hamma urinish besamar ketib, hamma suvlar qurilishga ketib qoladi. Bugungi kunda Orol dengizi va Mo`ynoq o`rtasidagi masofa 100 km ni tashkil etadi. Aholi tevarak-atrofdagi joylardan zanglagan kemalarni qurigan Orol dengizi portlariga olib borib qo`yishgan. Sayyohlar esa odatda aynan shu manzarani tomosha qilishga kelishadi. Orol fojeasini aks ettirib turuvchi bu hudud shuning uchun ham «Kemalar qabristoni» deb atalgan. Bu manzil butun dunyo aholisi uchun qiziq va qayg`uli bo`lib qolmoqda.
2014 yilda Buyuk Britaniyaning butun dunyoga mashhur “Pink Floyd” rok gruppasi o`zining “Louder Than Words” (So`zlardan balandroq tovushda) qo`shig`i asosida suratga olingan klipi Orol dengizining sobiq qirg`oqlarida tasvirga tushirilgan. Ushbu klipda Mo`ynoq aholisi vakillari suratga tushganlar.
Ikkinchi manzil - «Ayoz qal`a»
Ellikqal`a tumanida joylashgan «Ayoz qal`a» tarixiy yodgorligi ohaktoshli tepalikning tekislik qismida to`rtburchak holatda joylashgan. Uning qurilishi miloddan avvalgi II - III asr boshlariga to`g`ri keladi. Himoya devorlarida arka shaklidagi yo`lak va uning ustida kamonchilar o`q otishlari uchun tuynuklarni ko`rish mumkin. Bu erda qadimgi Xorazm tilida oromiy harflari bilan yozilgan yozuv ham topilgan. Betakror obida o`z vaqtida Xorazmning shimoliy-sharqiy chegarasida mustahkam istehkom vazifasini o`tagan. Harbiy garnizon sifatida ishlatilgan ushbu qal`a atrofdagi boshqa shunga o`xshash qurilmalar qatorida Amudaryo qirg`og`ida yashagan aholining tinchligini ta`minlangan.
Mutaxassis aytishiga qaraganda, Qoraqalpog`istonda bu kabi qal`alar 150 dan oshiqni tashkil qiladi. Har birining nomi va xususiyati o`zgacha bo`lgan.
Uchinchi manzil-«Aqchako`l»
Cho`lning qoq o`rtasida marvariddek tovlanib turgan Aqchako`lning umumiy maydoni 1150 ga teng, eng chuqur joylari 12 metrgacha etadi. Hozirda ushbu hududda «Bo`ston turizm» fermer xo`jaligi tomonidan o`tovlar lageri, ovqatlanish, tiniq suvda cho`milish, ko`l bo`ylab kater va katamaranda sayr qilish, baliq ovlash va boshqa xizmat turlari tashkil qilingan. Shu bilan birga «Tuproqqal`a tur» mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamon talablariga mos 120 o`ringa mo`ljallangan 3 yulduzli mehmonxona, tematik park, amfiteatr va boshqa ob`ektlarning qurilish ishlari olib borilmoqda. Ushbu ko`lning oldida o`tovlar ham mavjud. Baliqchilar Aqchako`ldan sazan balig`ini ko`proq tutishlarini aytib o`tishdi.
To`rtinchi manzil- Hokim Ota – Sulaymon Baqirg`oniy ziyorat majmuasi
Qoraqalpog`iston Respublikasi Qo`ng`irot shahridagi Hokim Ota – Sulaymon Baqirg`oniy ziyorat majmuasida hozirda rekonstruksiya ishlari ketmoqda. Majmuaga bugungi kunda nafaqat mahalliy aholi, balki chet eldan kelgan mehmonlar ham tashrif buyuradi.
Sulaymon Baqirg`oniy Ahmad Yassaviyning eng birinchi shogirdlaridan bo`lib, islom dinini Markaziy Osiyoda keng yoyilishida o`z hissasini qo`shgan.Shuningdek, Sulaymon Baqirg`oniy turkiy she`riyatning ham yirik vakillaridan biri sanaladi. Baqirg`oniy taxallusining berilishi esa uning tuyasi bilan bog`liq. Erlik aholining so`zlashicha, u biron joyga safarga chiqqanda tuyasi qaerda baqirib qolsa, o`sha erda qo`nim topib, dinni odamlarga tushuntirgan ekan. Shu sababli ham taxallusi «Baqirg`oniy» deyilgan.
Ziyorat majmuasi yonida kutubxona ham tashkil qilingan. Bu kutubxonada bir qancha tarixiy kitoblar mavjud, Sulaymon Baqirg`oniyning tarixi aks etgan kitob kitob ham ular qatorida turadi. Har bir mehmon kelganda o`sha kitobdan bir donasini sovg`a qilishadi.
Beshinchi manzil - Qoraqalpog`iston Respublikasi madaniyat va tarix muzeyi
Ko`pchilik qoraqalpoq diyoriga borganda albatta Osiyo durdonasi-Savitskiy muzeyini ko`rmay qaytmaydi. Lekin, madaniyat va tarix muzeyi ham juda qiziqarli eksponatlarga boy ekan. Bu muzey 2019 yilda tashkil etilgan bo`lib, bugungi kunda qariyb 90 mingga yaqin eksponatlari mavjud. Ular sizga xuddi qoraqalpoq xalqining o`tmishi haqida so`zlayotgandek bo`ladi. Eng qadimiy tarixdagi ashyolardan tortib, bugungi kunga qadar bo`lgan jarayonni aks ettirgan eksponatlarni bu muzeyda ko`rish mumkin. Qoraqalpoq tabiati, jonivorlari, qirilib ketgan hayvonlar, tosh davriga oid buyumlar, sopol idishlar kabilar shular jumlasidandir.
Xulosa o`rnida
Yozda qum va tuz aralash shamollar, qishda qattiq va quruq sovuq bo`lishi, suvning sho`rligi, erning sho`rxokligi kabilar hududda aholi yashashi uchun katta noqulayliklar tug`diradi. Boshida aytganimizdek, turizm qoraqalpoq aholisi daromadini ortishiga xizmat qila olishi mumkin. Yangi ish o`rinlari yaratilishi ham dolzarbligicha qolmoqda. Joylarni kuzatar ekanmiz, qoraqalpoq zaminining turistik salohiyatidan hali to`laligicha foydalanilmayapti degan xulosaga keldik. Yaxshi targ`ibot, infratuzilmani rivojlantirish, qulay transport logistikasini yo`lga qo`yish bu salohiyatdan foydalanish imkonini oshiradi.
Ma`lumot uchun: Qoraqalpog`iston Respublikasining umumiy er maydoni 166,6 ming kvadrat kilometrdan iborat bo`lib, u hududining kattaligi jihatidan O`zbekiston Respublikasi viloyatlari o`rtasida birinchi o`rinda turadi. Respublikaning ma`muriy-hududiy tuzilmasi 16 ta tuman va 1 ta shahardan iborat. Bular Amudaryo, Beruniy, Bo`zatov, Qorao`zak, Kegeyli, Qo`ng`irot, Qanliko`l, Mo`ynoq, Nukus, Taxtako`pir, To`rtko`l, Xo`jayli, Taxiatosh, Chimboy, Sho`manoy, Ellikqal`a tumanlari va Nukus shahridir.