O`tgan bir oy ichida ijtimoiy tarmoqlar o`qituvchilarning openbudget.uz da o`z maktablari uchun ovoz berish so`ralgan iltimosnomalar bilan to`ldi. Unda maktablarning real muammosi ko`rsatilgan bo`lib muammoni bartaraf etish uchun ko`proq ovoz to`plash va g`olib bo`lish talab etiladi.
Muammolar aniq va asosli.Takliflar tizimda tasdiqdan o`tgan. Shunday ekan, buning uchun ovoz to`plashdan nima naf?
Bugun o`qituvchilar o`z ta`lim muassasalari sharoitini yaxshilash uchun ovoz to`plash bilan ovora. Mutasaddilar o`z kursisidan turib, joylardagi muammolarni o`z ko`zi bilan ko`rib o`rganishi va hal qilishi kerak emasmi? Nega mas`ul idoralarning vazifasining bir qismi yana o`qituvchilar zimmasiga tushmoqda?
Moliya vaziri Temur Ishmetov mazkur portal byudjetdan ajratilayotgan mablag`lar ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini oshirish maqsadida ochilganini ma`lum qilgan:
«Bu fuqarolar o`zining hayotida qiynab kelayotgan masalalarni hal qilish uchun byudjet jarayonida qatnashish orqali mazkur masalalarni yuqoriga ko`rsatib mablag`larni talab qilish imkoniyati yaratilgan portaldir».
Rost24.uz sayti o`qituvchilarning bu portal haqidagi fikrlari bilan qiziqdi va ijtimoiy tarmoqdagi bildirilgan munosabatlarni to`pladi:
«Ayrim yaqinlardan kecha Openbyudjetga ovoz berishga yordam so`ragandim. Ammo biz kurashni to`xtatdik.Ovoz berganlarga rahmat.Endi ovora bo`lmangizlar...Yana bir bora rahmat....»
«Openbyudjet mantiqsizlik!
Bunday yo`l tanlanishini yoqlamayman. Nega mutasaddi tashkilotlar ta`mirtalab maktablar bankini tashkil qilib shundan ma`lumotni olib, xonasidan chiqib, maktablarga borib haqiqiy ahvolni o`rganib, byudjetdan pulni ajratmaydi? Bu vaziyatda ta`mirga muhtoj maktablar qolib ketadi. Agar haqiqiy holatni ko`rib shunga qarab mablag` ajratilsa, maqsadli bo`ladi. Adolatdan bo`ladi».
«Openbyudjet bizni ham qiynab yubordi.Hozir 3-o`rinda edik,4-o`ringa tushib qoldik.Mas`uliyatimiz ikki barobar oshdi. Darsi yo`q o`qituvchilar qo`shni viloyatlarga ham borib kelishyapti.Bu kurash 1aprelgacha davom etarkan.Sabrimiz etarmikin!?»
«Sizlarda ham shu ahvolmi, ustozlar? Shu jarayonni o`ylab topgan rahbarlar, o`qituvchilarni ko`chama ko`cha sarson, gadoyga o`xshab ovoz yig`ib yurishidan rohatlanib, mazza qilishadida.
“Avvallari eshikma eshik yurib, har xil hujjatlar yig`ilardi. Endi zamonaviylashib, telefon orqali ovoz yig`ish. Bu nimasi? Hokimlar e`tiborli bo`lishsa, byudjetdan maqsadli foydalanishsa, maktablar xarob xolga kelmasmidi? Maktabga deyilsa, xiraligidan shungayam vaqt ketkazib tayyorlanganda deydigan kraskalar ajratiladi. Pollar qayta-qayta artilsa ham kraskalar «bezrayib» turaveradi. Hayron qolaman, bu kraskalarni ishlab chiqarayotganlar vaqtlariga achinishmasmikan a?”
Biz ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirgan o`qituvchilarga bosim bo`lmasligi uchun ism familiyalarni keltirib o`tmadik. Ularni o`qirkansiz, ko`pchilik yaqinlari, qo`shnilari va hattoki ko`chada o`tkinchilardan ovoz berishni so`rashga majbur bo`layotganliklarini ko`rishingiz mumkin.
Ovoz berish doim ham shaffof emas!
Jumladan, o`tgan yili «Tashabbusli byudjet» bo`yicha qator loyihalar jamoatchilikda shubhalarni keltirib chiqargandi.
O`shanda qariyb 900 ta loyiha tashabbusli byudjet bo`yicha ovoz berishda g`olib deb topilgan, biroq ularning ayrimlari jamoatchilikda savollar va manipulyasiyaga yo`l qo`yilgan, degan shubhalarni keltirib chiqardi. Jumladan, Chilonzor tuman hokimligida oshxona qurish, sektor shtabini ta`mirlash va obodonlashtirish xizmati xodimlari uchun asbob-uskunalar sotib olish bo`yicha loyihalar kam ovoz bilan g`olib bo`lgan.
Unga ko`ra tuman hokimligi xodimlari uchun 999 mln so`mlik yangi oshxona qurish, tuman 4-sektori shtabini 500 mln so`m evaziga ta`mirlash, shuningdek, tuman obodonlashtirish xizmati uchun belkurak, cho`tka, bolta va boshqa asbob-uskunalarni 600 mln so`mga sotib olish tashabbuslari g`olib bo`lganiga e`tibor qaratildi.
E`tiborlisi, ushbu loyihalar onlayn holatda bor-yo`g`i bittadan ovoz olgan — qolgan barcha ovozlarning SMS orqali berilgani manipulyasiya va ma`muriy imkoniyatlardan foydalanilganiga ham dalil bo`ldi.
O`sha vaqtda yurist va bloger Xushnudbek Xudayberdiev Moliya vazirligi Davlat byudjeti departamentining direktori Sherzod Muhamedov izohini e`lon qilgan. Mutasaddi «Tashabbusli byudjet» portalida qaysidir tashabbus eng ko`p ovoz olgani, bu o`sha loyiha albatta moliyalashtirilishini anglatmasligini, ishchi guruhlar tomonidan g`olib bo`lgan loyihalar tegishli talablarga to`g`ri kelishi qayta ko`rib chiqilishini ma`lum qilgan.
Demak, yakunda qayta ko`rib chiqilar ekan, majburiy ovoz berish jarayonini mavjudligi qanchalik ahamiyatli?
Tashabbusli byudjet nima?
Uning doirasida fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo`llarni qurish, maktablarni ta`mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo`yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy byudjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin.
Loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag`lar har bir tuman (shahar) darajasida tuziladigan «Fuqarolar tashabbusi jamg`armasi»da jamlanadi. 2021 yil 1 iyuldan boshlab fondga mahalliy byudjetlarning qo`shimcha manbalaridan 30%dan kam bo`lmagan mablag`lari, shuningdek, tasdiqlangan xarajatlarning 5% kelib tushmoqda. Prezident qarori bilan jamg`arma mablag`larini boshqa maqsadlarda ishlatish qat`iyan taqiqlanadi.
Demak, www.openbudget.uz rasmiy veb-saytidagi «Tashabbusli byudjet» loyihasida faol ishtirok etish orqali xalq ta`limi tizimidagi muassasalarga qo`shimcha mablag` olish imkoniyati mavjud.
joriy yilda «Tashabbusli byudjet» jarayonida 10140 ta umumta`lim maktablari ishtirok etayotgan bo`lib, butaklif etilgan 69700 ta jami loyihalarning 15 foizi demakdir.
Ayni damda «Tashabbusli byudjet» loyihasi uchun ajratiladigan mablag` miqdori 1,1 trln so`mni tashkil qiladi.
Ovoz berish jarayoni joriy yilning 5 mart kuni boshlandi va 1 aprel kuniga qadar davom etadi.