"Xo`ja ko`rsin" imtiyoz: Chegirma bor, chipta yo`q...

25.03.2022 00:25

Navro`z bayrami munosabati bilan 19-25 mart kunlari ichki sayyohlarga berilgan chegirmalardan xabaringiz bor.

Ammo, bayramlaru ta`tillar munosabati bilan chegirmalar e`lon qilingan vaqtda na temir yo`l poyezdlariga, na havo yo`llariga va na avtobuslarga chipta topilmay qolishi oxirgi yillarda odatiy holga aylanmoqda. Chunki, chiptalar fuqarolar va tur firmalar tomonidan katta tezlikda sotib olinadi, transport esa aholi ehtiyoji darajasida yetarli emas.

To`g`risi, o`tgan 5 kun davomida viloyatlararo harakatlangan fuqarolarning boshlaridan o`tkazgan sarguzashtlari o`zi bir katta hikoya bo`ladi.

Toshkent avtovokzalida dam olish kunlaridan bir necha kun avval biletlar onlayn tarzda sotib olingan. Faqat avtobuslarga qo`shimcha reyslar qo`yilganini 19 mart kuni Tranport vazirligi ma`lum qilgandi. - «Toshkent» avtovokzalidan amaldagi qatnovlarga qo`shimcha ravishda har kuni shaharlararo yo`nalishlarda o`rtacha 10 dan ortiq avtobus qatnovlari tashkil etilmoqda, deyilgan vazirlik xabarida. Bu bayram kunlaridagi tirbandlikni yechishga yetarlicha chora bo`lgani yo`q.

Bayram kunlarida vokzal atrofidagi viloyatlarga qatnovchi taksilar narxi juda oshib ketdi. Albatta, ketadigan odam ko`p, xususan viloyatlardan poytaxtga kelib o`qiydigan talabalar nima bo`lishidan qat`i nazar albatta uyga qaytishadi. Shunday katta ehtiyoj bo`lgach taksichilar o`zlari istagan narxlarni qo`yib olishlari mumkin.

- Taksilar 120 ming deyapti Samarqandgacha, - deydi Muyassar opa ismli 60 yoshlardagi ayol, - Juda insof qilgani 100 deydi, shu paytgacha 50 mingdan oshiqqa ketmaganman. Avtobus 38 ming edi, yo`q deyishyapti. Allaqachon tugagan deydi kassir qiz, boshlig`ing bilan uchrashaman desam dam olishku, yo`q kelmagan deydi. Qo`shimcha avtobuslar qo`yilsa bo`ladiku, odam shuncha ko`p, shuni aytmoqchiydim boshlig`iga. Qanday ketaman endi, bilmayapman.

- Chegirmali tugul chegirmasiz tezyurar poezdlargayam chipta yo`q, - deydi ko`chani to`ldirib turgan talabalardan biri, - ahvolni ko`ryapsiz. Taksistlarga vaqtniyam farqi yo`q hozir, aytgan narxidan sal pastroq aytsangiz kulib yuborishyapti.

- Ertaroq harakat qilib chipta olib qo`ymadingizmi, chegirmalar ancha avval e`lon qilingandiku?

- Qanchalik erta? Bugun chegirmalar e`lon qilindi, ertasiga kechga darsdan chiqib vokzalga bordim, odam ko`pligidan navbatda turib yetib borganimda sotib bo`lindi deyishdi. Hamma qayergadir ketyapti, bayramda sayohat qilib kelmoqchi yoki ota-onasini, qarindoshlarini ko`rgani bormoqchi, ammo reyslar yetarli emas. Shuni aholi soniga yoki shunday parametrlarga nisbatan hisoblab qo`yish nahotki mumkin emas?

- Har doim bayramlarda, ta`tillarda shu ahvol bo`ladi, hamma buni yaxshi biladi. Bunga avvaldan tayyorgarlik ko`rish mumkinku? Chegirma qilgan bilan reys yetishmasa, odamlarda yulg`ich taksichilarga kuni qolib 2-3 baravar qimmatiga ketishsa, buning nima foydasi bor? Temir yo`l vokzalidan keldim hozir, poyezdgayam birorta chipta yo`q, chegirmali emas, Afrosiyob, Sharq poyezdlarigayam yo`q. Ularda chegirma yo`q, ammo shulargayam birorta bilet topib bo`lmaydi. Samolyotgaku umuman yo`q, balki chegirma e`lon qilingan soniyadayoq tur-firmalar chiptalarni sotib olishgandir, bilmadim. Reyslarni ko`paytirish, qo`shimcha avtobuslar qo`yish kerak hech bo`lmaganda bayram kunlari. Axir hammaning ham imkoniyati yo`q, samolyotdan ham qimmatroq taksilarda ketishga. Aksariyat talabalar, ishchilar, xizmatchilar. Imkoniyati borlarning o`z mashinasi bor, avtobuslarda ketish uchun ko`chalarni to`ldirib turganlarning mablag`lari rejali.

- Men 10 mart kuni bayram ta`tili vaqti uchun Qarshiga poyezd uchun chipta olishni reja qilgandim, lekin o`sha vaqtdayoq bu kunlarga chipta yo`q edi,- deydi Rustam Nabiyev. -  Chegirmalar esa 14 martda e`lon qilindi. Demak, eng ko`p ehtiyoj  bor yo`nalishlarga bu imtiyozlarning daxli ham yo`q. Chiptalar olib bo`linadi va keyin imtiyozlarni e`lon qilishadi.  

Ma`lumot uchun, Toshkent avtovokzalida uzoq viloyatlarga har kuni kechki payt qo`shimcha avtobuslar qo`yilmoqda. Ammo ularni avvaldan bilishning, onlayn xarid qilishning, qaysi soatda qo`yilishini avvaldan aniqlashning, o`zi umuman shu kuni ma`lum bir hududga qo`shimcha avtobus qo`yiladimi yo`qmi bilishning deyarli imkoni yo`q, avtovokzalda o`tirib qo`shimcha reys qo`yilishini kutib turish kerak.

Qo`shimcha avtobuslar qo`yilishi ba`zan bir necha soat avval, ba`zan esa bir necha daqiqa avval e`lon qilinishi mumkin. Qo`shimcha avtobuslar asosan kechki paytlarga qo`yiladi, bu esa yana biroz noqulaylik tug`diradi.

Masalan, bugun – 24 mart kuni Toshkentdan Jarqo`rg`onga 17.00 da qo`shimcha reys qo`yilgan, bu haqda soat 16.42 da e`lon qilindi.

Shuningdek, soat 18.00, 20.30, 22.00 da Toshkentdan Buxoroga qo`shimcha reyslar qo`yilgani haqida 16.46 e`lon qilingan.

Temiryo`llar va Havo yo`llarida ham bir nechta qo`shimcha reyslar qo`yilgan, ammo aholi soni, ichki turizmni rivojlantirish yo`lidagi sa`y-harakatlar kabi bir qancha holatlarni hisobga olganda ularning qo`shimcha reys ekanligi sezilmas darajada kam deyish mumkin.
 

Ta`tilning birinchi va oxirgi kuni (19 va 23 mart)dagi viloyatlararo magistral yo`llardagi bir necha kilometrlab cho`zilgan tiqilinch (probka)larni esa, aytmasa ham bo`ladi. Soatlab tiqilinchda turgan mashinalar karvoni 5, hatto 8 kilometrgacha yetdi.

Endi bunday tirbandlikni yana qachon ko`ramiz, 9 maydami yoki universitetlarda o`qish tugab talabalar viloyatlarga qaytayotganidami?

Transport vazirligi bayramlardagi bunday tirbandliklar muammolarini yechishga oldinroq tayyorgarlik ko`rsa, xavfsiz yetib borish uchun chegirmasiz ham chipta olishga tayyor yo`lovchilar soni albatta ko`pchilikni tashkil etadi. Siz faqat transport bilan ta`minlang, xolos!

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
25.03.2022 12:28
Бу ерда жуда тугри муаммо кутарилибди. Хакикатдан хам, худди шунака ахвол хар байрам ёки хар кандай таътил вактида кузатилади. Сабаби - узимизда. Факатгина узимизда одамларимиз ичида юлгичлар, харом лукма билан оиласини бокишга куркмайдиган киракашлар борлиги учунгина ушбу муаммо йуколмайди. Ман узи талабаман ва ман бир нарсага тушунмайман. Уша йул, уша бензин ёки метан нархи узгармай тургани холда кира нархи узгариб колиши - бу факат ва факат уша киракашларни инсофу-диёнатига хавола. Зеро, одамларга кулайлик яратаман деб хукумат канча харакат килмасин мана шунака ноинсоф, пул деса якин кариндошини хам сотворадиган киракашлар бор экан хеч качон бирон бир ижобий натижага эришолмаймиз.