Yoki har bir qilinmagan ish uchun “noqulay kelgan ob-havo” deb tabiat in`omini aybdor qilishda davom etaveramizmi?
Har bir qarichigacha yangi imoratlar qurib sotilayotgan shaharlarning chirigan tagini ham kimdir o`ylaydimi?
Mart oyi boshidan buyon, xususan o`tgan hafta davomida O`zbekistonda yog`ingarchilik oqibatida bir qancha vayrongarchiliklar kuzatildi.
Yog`ingarchiliklar chindan ham shu darajada vayronkor edimi yoki bizda kanalizasiya tizimi etarlicha mukammal emasmi?
Ko`chalarda suvlar to`planib harakatga xalaqit berishi, avtomobillar va piyodalar o`tib bo`lmas holga kelishi, yangi qurilgan tunnellar, ko`priklar, qadimiy inshootlarning yog`ingarchilik oqibatida qulashi, yo`llardagi ariqdan oqqan kabi oqayotgan oqava suvlar nafaqat chekka hududlar, balki poytaxt uchun ham oddiy holga aylandi.
O`tgan hafta davomida yog`ingarchilik oqibatida poytaxt ko`chalari kun davomida tinimsiz yoqqan yomg`ir sabab suvga to`ldi. Er tagidagi quvurlar orqali oqishi kerak bo`lgan yomg`ir suvlari er ustidan shahar bo`ylab o`z yo`lini topib keta olmayapti;
Qashqadaryoda uch kishini chaqmoq urdi, ulardan biri halok bo`lgan;
Samarqand viloyatining Kattaqo`rg`on shahri, Qoraqalpog`iston poytaxti Nukus shahri, shuningdek, Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahri, Andijon shaharlaridagi bir qator ko`p qavatli uylar va ma`muriy binolarning tom qismi kuchli shamol oqibatida qulab tushdi;
Qamchiq dovonida yog`ingarchilik sabab o`pirilish va qor ko`chishi kuzatildi, qatnov to`xtatildi;
Toshkent viloyatining bir qator tumanlarida, boshqa viloyatlarda ham yomg`ir tufayli elektr ta`minoti uzilishi holatlari ro`y berdi, shuningdek Toshkent shahrining bir qancha tumanlarida ham elektr ta`minotida nomuntazam uzilishlar kuzatildi;
Taxtaqoracha dovonida yog`ingarchilik oqibatida o`pirilish yuz berdi, yo`lning dovondan o`tgan qismi ma`lum muddatga yopib qo`yildi;
Buxoroda tinimsiz yog`ingarchilik oqibatida qadimiy Talipoch qal`asini devorining bir qismi o`pirilib tushdi;
Marg`ilondagi Safed to`da masjidi devori ham tinimsiz yomg`ir sababli qulab tushdi;
Respublikaning bir qancha tumanlarida, jumladan Forish, Angren, Qo`shrabot, Kitob tumanlarida kuchli sel kelishi oqibatida bir qancha ob`ektlar, xususan ko`priklar buzilib, ko`chalarga to`lgan suvlar aholining hovlilari tomon oqqan.
Qadimda Afrosiyobda kanalizasiya tizimi nihoyatda yaxshi tashkil etilgan bo`lib, ustalar buning uchun sopol quvurlardan foydalanishgani ma`lum. Shu sababli qancha yog`ingarchilik bo`lsa ham, shahar ko`chalari va bozorda aslo suv to`planmagan, qurilgan bino va inshootlarga zarar etmagan. Bino va inshootlar ham me`morlar tomonidan shunday mukammal loyiha asosida qurilganki, ularga quyosh birdek tushishi, nam tortmasligi, ost qismiga suv to`planmasligi natijasida necha asrlar ilgari qurilgan bo`lsa-da, hamon mustahkamligicha qolgan.
Xo`sh, hozirda ketma-ket bir necha kun yog`ingarchilik bo`lishi nima uchun bu qadar ko`p vayrongarchiliklarni keltirib chiqarmoqda?
Ob`ektlarni quvurlash loyihasi hamma me`yoriy materiallarga, kanalizasiya tizimini tanlashga, oqova suvlar sarfini aniqlashga, kanalizasiya tarmoqlarining gidravlik hisobiga, kanalizasiya inshootlarini hisoblashga va tanlashga, tozalash inshootining texnologik shakli hisobiga asoslanganligi tufayli tashqi kanalizasiya tizimiga bir qancha tashkilotlar javobgar. Tashqi kanalizasiyani loyihalashni tashkillashtirish ichki tarmoqlar, ko`cha tarmoqlari, kollektorlar, truboprovodlar, quduqlar, nasos stansiyalari, lokal tozalash inshootlari, suv qabul qiluvchi va uzatuvchi uskunalar kabi bir qancha muhim jarayonlarni o`z ichiga oladi.
Bundan bir yil avval Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi tomonidan «Suv ta`minoti va kanalizasiya obe`ktlari qurilishi bo`yicha injiniring kompaniyasi» DUK faoliyatini ko`rib chiqilgan, uni yangi boshqaruv tizimiga o`tkazish masalasi ko`rilib, DUKning yangi ustavi tasdiqlangan va endilikda ushbu kompaniya unitar korxona (UK) sifatida faoliyatini davom ettirishi ma`lum qilingan edi.
Ammo O`zbekistonda tashqi kanalizasiya tizimi bilan bog`liq muammolar vaqt o`tgan sari ortib bormoqda, osmondan biroz yomg`ir tushishi bilan bu muammolar yanada yaqqol ko`zga tashlanib qolyapti.
Ma`lum bo`lishicha, bunga sohaga javobgar bo`lgan ko`plab tashkilotlarning o`z ishlarini mukammal bajarmasliklari sabab bo`lmoqda. Xususiy uy-joy qurilishi firmalarining er osti suvlari va kanalizasiya tizimini mukammal hisob-kitob qilmasdan binolar qurishlari, yo`l qurilishi sohasidagilarning kamchiliklari, oqava suvlar uchun maxsus quvur va ariqlarning talabga javob bermasligi kundan kunga muammolarni kattalashtirmoqda.
Sabablar bartaraf qilinmasligi oqibatida esa, FVV xodimlari va boshqalar oqibatlar bilan kurashishda davom etmoqda.
Hozirgi texnologiyalar bilan ham bu muammolardan chiqa olmayotgan ekanmiz, mutaxassislar balki qadim me`morlar tajribalarini sinchiklab o`rganib chiqishlari kerakdir? Har qalay bundan necha asrlar avval yaratilgan inshootlar holati mazkur fikrga kelishga sabab bo`ladi.
Darvoqe, O`zgidromet shu hafta davomida, xususan 17-20 mart kunlarida ham yog`ingarchilik va sel kelishi holatlari, havo haroratining -10 darajagacha sovishi haqida ogohlantirib shoshilinch axborot e`lon qildi. Ayni paytda Jizzax viloyatining ayrim tumanlariga kuchli sel kelgani aytilmoqda. Ma`lum bo`lishicha, sel Jizzax-Samarqand magistral yo`lini ham egallagan. Demak, katta ehtimol bilan yaqin kunlarda yana bir qancha yog`ingarchilik tufayli xarob holga kelgan ko`chalar, inshootlar, noxush holatlarga duch kelamiz.