Iqlim o`zgarishi sababli avval uchramagan hududlarda ham yashin urishi kuzatilmoqda. Bizda undan himoya tizimlari bormi?

12.03.2022 00:57

Ayni kunlarda O`zbekistonda seryog`in ob-havo hukmron, O`zgidromet dam olish kunlarida ham yomg`ir va kuchli shamol bilan o`tishi, tog`li hududlarda qor yog`ishi, qor ko`chishi va sel kelishi xavfidan ogohlantirdi.
10 mart kuni Qashqadaryoda uch kishini yashin urib, ulardan biri vafot etdi.

O`zbekistonda yashin urishi hodisasi tez-tez takrorlanadimi?

Bunday holat shaharlarda ham yuz berish ehtimoli qay darajada, bizda yashin qaytaruvchi uskunalar mavjudmi? Ularning holati qanday, ular yashin urishidan qanchalik saqlaydi?

Ma`lum bo`lishicha, yashin urishi O`zbekistonning tekislik hududlarida kamdan kam kuzatiladigan hodisa hisoblanadi. Gidrometeorologlar bu holatning iqlim o`zgarishi bilan bog`liqligini ta`kidlamoqda.

Butunjahon Meteorologiya tashkilotining ma`lumotlariga ko`ra, Er sayyorasining (boshqa sayyoralarda ham chaqmoq urish hodisasi kuzatilgan) atmosfera qatlamida har sekundda 40-45 marta chaqmoq urish hodisasi kuzatiladi, ya`ni bu ko`rsatgich yil davomida hisoblanganda 1,4 milliard martaga to`g`ri keladi. Har yili er yuzida chaqmoq urishidan 6000-24000 odam halok bo`ladi va 240 000 dan ortiq odam jabrlanadi. Jami chaqmoq urgan odamlardan 9-10% qismining taqdiri o`lim bilan yakunlanadi.

Yashin urishi hodisasini mukammal o`rganish juda mushkul jarayon, sababi chaqmoq qaysi vaqtda va qaerda urishini aniq aytib berishning imkoni yo`q. Chaqmoq urishi natijasida hosil bo`lgan zaryadning tok kuchi 10-500 ming ampergacha, kuchlanishi esa 10 milliondan bir necha milliard voltgacha etishi mumkin.

Yashin qaytarish tizimlari bizda mavjudmi?

FVV matbuot kotibi Murod Sodiqovga ko`ra, bunday moslamalar baland binolar va inshootlar, minoralarga o`rnatiladi. Shu sababli ham, shaharlarda chaqmoq urishi hodisasi deyarli uchramaydi. Sababi, bu erda baland binolar va inshootlar bor. Masalan, Toshkent teleminorasiga yashin qaytarish moslamasi o`rnatilgan, yashin kelib urilganda ham uskuna tokni erga o`tkazib yuboradi va yashin hodisasi yuz berganda hatto bu erda turganlar ham sezishmaydi.

Yashin qaytargich bino va inshootlarni yashin urishidan saqlaydigan qurilma bo`lib, u odatda himoya qilinadigan ob`ektning ustiga o`rnatiladi. Yashin qaytargichning ishi atmosferada momaqaldiroq bo`lgan vaqtda hosil bo`ladigan kuchli elektr maydon zaryadlari bino oldida to`planishiga yo`l qo`ymay, ularni erga o`tkazib turadi va binoni yashin zarblaridan saqlaydi.

Tunukasi erga ulangan tunuka tomli binolar, markaziy suv bilan isitiladigan, vodoprovod va er ostidan elektr o`tkazilgan binolar yashindan etarlicha saqlangan bo`ladi va ularga yashin qaytarish moslamasi o`rnatilmaydi.

FVV matbuot kotibining ma`lum qilishicha, ayni vaqtda O`zbekistonda yashin qaytargich tizimli uskunalar soni qanchaligi aniq emas, ammo ularning barchasi baland bino va inshootlarga, minoralarga o`rnatilgan. Ya`ni, tumanlarda, tog` va tog` oldi hududlarida bunday uskunalar o`rnatilgani haqida ma`lumotlar yo`q.

Yashin urishi hodisasi asosan tog`li hududlarga xos hisoblanadi, yalanglikda chaqmoq urishi kamdan kam yuz beradi. Ammo so`nggi yillarda ushbu hodisa tez tez takrorlanmoqda va olimlar bunga sabab sifatida iqlim o`zgarishini ko`rsatishyapti.

Mutaxassisdan eslatma: Chaqmoq urishidan himoyalanish uchun chaqmoq paytida imkoni bo`lsa tashqariga chiqmang, agar tashqarida bo`lsangiz tezroq yopiq bino ichiga kiring. Avtomobilda bo`lsangiz to`xtab, chaqmoq tugagunicha ichkarida bo`lib turing. Agar tog`da, dala-dashtda bo`lsangiz yakka turgan daraxt tagida berkinmang. Ochiq va imkon qadar pastqam, metall buyumlardan uzoqroq, quruq joyda boshingizni tizzalar orasiga olib, bosh ustini qo`l bilan berkitib, o`tirib oling. Yopiq binolar va avtomobil saloni chaqmoq urishidan yaxshi himoya joyi bo`lishi mumkin, biroq bino ichidagi erga ulangan metall qismlar va avtomobilning metall qismlariga aslo tegish mumkin emas.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар