O`zbekiston Ukrainani qo`llasa, o`zbek migrantlariga qiyin bo`ladimi?

03.03.2022 18:58

Bugungi Rossiya va Ukraina mojarosida rasmiy O`zbekiston Ukraina tarafni qo`llashi, o`zbek migrantlari uchun muammo bo`lishi mumkinmi?

Ayrim hukumat vakillari hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari O`zbekistonning Rossiya bilan munosabatlari sovuqlashishi RF hududidagi o`zbek muhojirlariga salbiy ta]sir qilishini taxmin qiladi. Xususan, Moskva shahrida bir necha yildan beri migrantlar himoyasi bilan shug`ullanib kelayotgan huquqshunos Botir Shermuhammadga ko`ra, Rossiya hukumatining migrantlar orqasidan Markaziy Osiyo hukumatiga «shantaj» qilish holatlari bor narsa» Lekin, shunga qaramay Rossiyaning Markaziy Osiyo muhojirlariga ehtiyoji katta, shunday ekan O`zbekiston manfaatlaridan voz kechish to`g`ri emas.

Moskva shahrida o`zbek muhojirlari bilan 10 yildan buyon ishlab kelayotgan huquqshunos, «Migrant» portali muallifi Botir Shermuhammad bu boradagi fikrlarini quyidagicha bayon qildi:

«Rossiyada shunday narsa borki, agar, Markaziy Osiyo davlatlari ichida bir-biri bilan konflikt bo`lsa, albatta migrantlardan foydalanadi. Buni Tojikiston, Qirg`iziston misolida ko`p ko`rganmiz. Masalan, Tojikiston hukumati bundan bir necha yil oldin, Rossiyaning ikkita samolyotini musodara qilgandi. Shunda Rossiya shu kunning o`zidayoq kamida 300 nafar Tojikiston fuqarosini «deport» qilgandi. Gruziya bilan konflikt bo`lganda aynan Gruziya fuqarolarini shunday qilgan edi. Bu narsalar bor. Ushlab turib sen O`zbekiston fuqarosimisan, yo Tojikiston «Bor ketaver», degan hodisalar bo`lgan. Masalan, millatiga yoki fuqaroligiga qarab shunaqangi sanksiyalar qo`llanganligi bor. Shuning uchun Rossiya hukumati bunaqangi migrantlarni orqasidan Markaziy Osiyo hukumatiga «shantaj» qilish holatlari bor narsa. Lekin, biz qo`rqmasligimiz kerak. Hukumatimiz bunga yo`l qo`ymasligi kerak. Biz tushunishimiz kerakki, migrantlar bizdan ko`ra, Rossiyaga ko`proq kerak. Shu narsani diplomatlarimizga tushuntirish qiyin bo`lyapti. Tushunishlari kerak. Rossiya o`zini siyosatchilari tili bilan kirgizmaslik kerak deyaveradi. Agar tahlil qiladigan bo`lsak, Rossiya iqtisodini rivojlanishida mehnat muhojirlari kerak. Eng ko`p mehnat muhojirini faqat O`zbekiston, Tojikiston, Qirg`iziston bera oladi. Boshqasi berolmaydi. Shuning uchun ularga aytish kerak, «yaxshi, bo`lmasa chegarangni yop», deb aytish kerak. Biz boshqa joyga boramiz. Yo`lini qilsa bo`ladi. Lekin hech, qachon mehnat muhojirlarini, deb O`zbekiston o`z manfaatlaridan voz kechishi kerak emas.

Bilagida kuchi bor yosh-yosh yigitlarimiz, fuqarolarimiz boshqa davlat iqtisodiyoti rivojlanishiga hissa qo`shmoqda. Ular O`zbekistonda ham shu narsalarni qurishi mumkin edi. Lekin, shuni imkoniyat yo`qligidan qilyapti. Rossiya bundan juda katta foyda ko`rmoqda. Shuning uchun bu erda kimga ko`proq foyda degan savol tug`iladi.

Bizda ijtimoiy tarmoqda yoki qaerdadir Rossiya tanqid qilinsa, Rossiya tomonidan tazyiq qilingan holatlar ham bor.

O`zining bir qancha ko`zga ko`ringan faollariga ham hatto taqiq qo`yganini ko`rdik. Biz bilan ham bo`lishi mumkin bu. Bir qancha OAVga urushni Rossiya hukumati bergan rasmiy talqin qilmagani uchun  sanksiyalar qo`llanilmoqda. Masalan, "Dojd" yoki "Exo Moskv" yopib qo`yildi.
O`zbekiston fuqarolari, mehnat muhojirlari bunday siyosatga aralashmasdan, ko`proq o`zimizni manfaatimizni o`ylashimiz kerak. "Ikkita davlat urishmoqda mehnat muhojirlari nima qilishi kerak?", degan savolni berish kerak. 

Muhojirlarimizda bitta noto`g`ri tushuncha bor: davlat ish o`rni yaratib berishi kerak. Balki, qaerdadir shundaydir, lekin mening fikrimcha, o`zi biror joyda  umrida yangi ish tashkil qilmagan amaldor, qanday qilib ish o`rinlari tashkil qiladi. Bilasiz, odatda ish o`rinlarini tadbirkorlar tashkil qiladi. Davlat bu o`rinda faqatgina xalaqit bermasligi, ularni qiynamasligi kerak. Lekin davlat katta miqiyosda ish o`rinlarini yaratishiga ishonmayman. Shuning uchun davlat agar migrantlarimizga shu ishni qilolmayotgan bo`lsa, biz o`zimiz tadbirkorlik bilan shug`ullanishimiz kerak. Yaxshi mutahassis bo`lish kerak. Borgan davlatlarimizdagi yaxshi-yaxshi texnologiyalarni o`rganib, keyin shu narsadan foydalanishimiz kerak. Ya`ni kutib o`tirib davlat bizga qilib beradi, deb o`tirish noto`g`ri. Davlat shuncha yildan beri nima qilayotganini ko`rdik. Davlat mehnat muhojirini hayotini keskin o`zgartiradigan ish qilolmaydi. Biz ko`pmiz, amaldorlar kam. Byudjetimiz imkoniyatlari ham kam. Muhojirlarimizni maqsadlarini to`g`rilashimiz kerak. Amerikaga borib, katta miqdorda pul to`plagan muhojirlarimiz ham o`sha pulni nimaga sarflashni bilmaydi. Katta pul topgan, lekin uni nima qilishni bilmaydi. Nima qilasan degan savolga mashina olaman, kira qilaman, to`y qilaman deb javob beradi. Ha, ishlab chiqarish qilaylik, foydali ishlar qilaylik, ya`ni hayotda qiladigan ishlar judayam ko`p.

Yaxshi maosh olaman, degan odam, albatta o`zi yaxshi mutaxassis bo`lishi lozim. Shunda istalgan davlatida, unga xaridor, ish beruvchi topiladi, yaxshi pul ham topadi», deydi huquqshunos Botir Shermuhammad.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар