Qonunchilikka ko`ra, qarorlar Adliya vazirligi xulosasi bo`lgandagina tegishli joyga imzo uchun kiritiladi. Administrasiya esa Prezident qarorlarining ijrosini tashkil etish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish va ko`maklashishga mas`ul. Shunday ekan bir-birini takrorlayotgan, zamon talabiga javob bermaydigan qarorlar uchun kim javobgar?
Professor Akram Habibullaev deyarli bir mazmunga ega bo`lgan 2 qarorni tanqidiy tahlil qildi.
Shu yil 10 fevral kuni O`zbekiston Prezidenti PQ-126-sonli Qarorga imzo chekdi. Qaror “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” deb nomlangan. Bundan besh yil oldin 2017 yil 24 may sanasida PQ-2995-sonli Qaror qabul qilingan edi. U “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ`ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”.
Ikkita Qarorning ham nomlariga diqqat qilsangiz, yangi qabul qilingan Qarorga binoan qadimiy yozma manbalar endi targ`ib qilinmas ekan, degan xayolga borishingiz tabiiy. Chunki, yangi Qarorning sarlavhasida “targ`ib” so`zi yo`q. Undan ham qizig`i, besh yil oldingi Qaror tizimni “yanada takomillashtirish” haqida edi. Bu galgisi esa faqat “takomillashtirish” haqida, xolos. Besh yil oldin mukammal tizimni “yanada takomillashtirish”ga harakat bo`lgan-u, ammo ishlar rasvo bo`lib qaytadan “takomillashtirish”ga ehtiyoj tug`ilgandir, balki? Nimagadir yangi Qarorda bular haqida ham, eski Qaror haqida ham hech gap yo`q. Go`yoki, Qaror birinchi marta qabul qilinayotganday.
Yangi qaror, eskicha yondashuv
Yangi qabul qilingan Qarorda qo`lyozmalarni saqlash, mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish, xorijiy tashkilotlar bilan aloqa o`rnatish kabi ancha-muncha foydali va kerakli rejalar nazarda tutilgan. Shu bilan bir qatorda ba`zi mulohazali moddalar ham yo`q emas. Masalan, Qarorning 2-, 3-bandlaridagi ba`zi rejalarning bajarilishiga Islom sivilizasiyasi markazi mas`ul davlat muassasasi etib belgilangan. Unga muvofiq, yozma manbalarning Davlat reesteri shakllantirilar, undan keyin esa shu reestr asosida manbalarning kataloglari va elektron nusxalari yaratilar ekan. Ushbu reja balki bundan 40-50 yil oldin tuzilganida tushunsa bo`lar edi. U paytlarda avval manba haqidagi ma`lumot inventar daftarga yozilardi, keyin kartotekali katalog, undan keyin bosma kitob holidagi katalog tuzilardi va hokazo. Lekin, bugun XXI asrning birinchi choragini ham tugatishga yaqinlab qolgan vaqtimizda, bunday bosqichma-bosqichlik shart emas. Bitta yagona elektron ma`lumotlar bazasi ham reestr, ham katalog, ham yozma manbaning raqamli surrogatini joylashtiradigan kutubxona vazifasini bemalol bajarishi mumkin.
Yangi Qarorda belgilangan rejalardan bittasi, “xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspedisiyalar uyushtirish orqali ... qadimiy yozma manbalarning kataloglarini va elektron nusxalarini aniqlash, Markaz fondiga olib kelish ...” ekan. Haqiqatni aytadigan bo`lsak, bu rejani bajarish uchun bugungi kunda xorijga borish umuman shart emas. Internetingiz yaxshi ishlab tursa, kerakli vebsahifalar bloklanmagan bo`lsa, hamda ingliz, arab va fors tilini sal-pal bilsangiz, shuning o`zi etarli. Elektron nusxani olib kelish ham, allaqachon kompyuter orqali osongina uydan chiqmay turib, bajarsa bo`ladigan vazifaga aylangan.
Yangi Qarorda belgilangan rejalardan yana biri haqida fikr bildirmaslikning iloji yo`q. Unga binoan, ikki oy muddatda davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni Islom sivilizasiyasi markazi tasarrufiga o`tkazish bo`yicha reja tasdiqlanib, bosqichma-bosqich amalga oshirish ko`zda tutilgan. Bu rejadan ba`zi viloyat kutubxonalari nima qilarlarini bilmay, tashvishga tushib qolgan emish. Qarorga qarshi chiqishga xukumatdan cho`chishadi. Jim turay desalar, yillar davomida ko`z qorachig`iday saqlab kelayotgan boyliklaridan ajrab qolishadi.
Poytaxtga ko`chirish to`g`ri bo`ladimi?
Markaziy Osiyoning Buxoro, Samarqand, Nasaf, Termiz, Xiva, Urganch kabi shaharlari nafaqat yirik allomalar tavallud topgan zamin, balki ilm-fan, ma`rifat o`chog`i sifatida ham mashhur bo`lgan. Ularda, madrasalar va boshqa ta`lim muassasalari bilan bir qatorda yirik-yirik kutubxonalar ham faoliyat ko`rsatgan. Masalan, Ibn Sino o`zining tarjimai holida Buxorodagi kutubxonadan hayratlanib, boshqa xech qaerda ko`rmagan kitoblarini u erda o`qiganligini zavq-shafq bilan hikoya qiladi. Yoki, XIII asr boshlarida Xorazmga siyohat qilgan arab tarixchisi Yoqut Hamaviy, bitta Jurjoniya shahrining o`zida o`ntacha kutubxona borligini yozgan. Qadimiy shaharlarimizning o`rta asrlardagi o`sha ko`rki, ahamiyati va shuhratini iloji boricha saqlashga, yo`qotib qo`ymaslikka harakat qilinishi lozim.
Bugun mamlakatimizga keladigan sayyoh zamonaviy Toshkentni emas, balki o`sha qadimiy shaharlarni, ularda saqlanib qolgan qadimiy yodgorliklar, osori atiqalar, jumladan noyob kitoblarni ham joyida ko`rishni xohlaydi. Ular, Buxoroning qadim madaniy va ma`naviy boyliklarini Toshkentga kelib emas, balki Buxoroning o`zida, turgan joyida ko`rishni istaydilar va undan ko`proq taassurot oladilar. Shuning uchun ham Islom sivilizasiyasi markazi viloyat kutubxonalaridagi nodir va noyob qo`lyozma kitoblarni markaz Toshkentga olib kelgandan ko`ra, ular turgan joydagi sharoitni yaxshilashga, ularni raqamlashtirish, asl nusxalarini esa noyob eksponatlar sifatida namoyish qilish uchun sharoit yaratishga ko`maklashgani ma`qul. Islom sivilizasiyasi markazi viloyatlardagi aholi qo`lida majud bo`lgan qo`lyozmalarni sotib olib Toshkentga ko`tarib kelmasdan, shu erdagi mahalliy kutubxonalarga topshirsa yanada foydaliroq bo`ladi. Bu ham viloyatlarda ilm-fan va madaniyatning rivojiga qandaydir darajada turtki berishi shubhasiz. Viloyatlar va chekka qishloqlarni ham har tomonlama rivojalantirish zarur. Ulardan biron narsani tortib olish emas, balki ularga ko`mak qo`lini cho`zish, yordam berish, lozim.
Akram Habibullaev, professor
* * *
Eslatib o`tamiz: Normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Vazirlar Mahkamasiga, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti administrasiyasiga faqat huquqiy ekspertiza yakuni bo`yicha ularni qabul qilishning maqsadga muvofiqligi haqidagi O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining xulosasi mavjud bo`lgandagina kiritiladi. (PQ-3666-son)
Mutaxassis tahlil qilgan PQ-126 raqamli Qaror ijrosi nazorati O`zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo`yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilovga yuklatilgan.