Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Zarifboy Ibodullaev Facebookdagi sahifasi orqali ilmiy jamoatchilikka murojaat bilan chiqqan edi. Murojaat keng jamoatchilikning va qator ommaviy axborot vositalarining e`tiborini tortdi. Murojaatning ayrim jihatlarini ko`rib chiqaylik.
MUROJAATDAN IQTIBOSLAR
“Keling, haqiqatga tik qaraylik! O`zbekiston ilm-fani tobora jar yoqasiga yaqinlashmoqda. Ilmga kirib kelayotgan yosh olimlar orasida plagiatlik avj oldi. SCOPUSda maqola chiqarish xuddi Sho`rolar davrida qanday bo`lmasin paxta planini bajarish kabi bo`lib bormoqda. Ilmiy Kengashda Rektorlar kafedra mudirlariga ochiqdan-ochiq «Ko`proq maqola yozinglar va bizning institut TOP 1000talikka kirishi kerak» deb qayta-qayta yoshlar oldiga rejalar qo`yib tashlamoqda. Natijada deyarli 80−90% ilmiy maqola havodan olib yozib tashlanmoqda.
Ilm qila oladigan xodim ham, qila olmaydigani ham dissertasiya yoqlashga undalmoqda. Mana 30 yildirki, hech kim kafedralar moddiy-texnik bazasini yaxshilash haqida qayg`urmaydi yoki yolg`ondan qayg`uradi.
Yana qaytarib aytaman: ilm-fanda plagiatlik ochiqchasiga avj oldi va eng achinarlisi bundan hech qaysi Ustoz va hech qaysi shogird uyalmayapti. Plagiatlik oddiy holga aylanib qolmoqda.
O`zbekiston taqdiri va uning kelajagini hokimlar yoki siyosatchilar emas, ilm-fan belgilab berishini bizdan yaxshi biladiganlar bo`lmasa kerak. Ko`rib turganingizdek, Davlatni talon-taroj qilgan, yurtga milliardlab talofatlar keltirgan va oddiy halqni uy-joydan mahrum qilgan bu siyosatchilar o`zlarining jirkanch kirdikorlarini yopdi-yopdi qilish maqsadida Fanlar Akademiyasi xodimlarini tulki va ko`rsichqon inini izlab topishga yuborishgan. Bu voqeani men misli ko`rilmagan bedodlik va sharmandalik deb hisoblayman. Bundaylar uchun na olimning, na ilm-fanning qadri bor.
Biz olimlar tokaygacha indamay kelamiz? Barcha yo`nalish olimlari uchun ishlar tiqilib yotibdi-ku! Ularni nega dadil-dadil Prezident Ma`muriyatiga olib chiqmaymiz? Fanlar Akademiyasi nega uxlab yotibdi? Fanlar Akademiyasi meni fikrimcha allaqachon qariyalar uyiga aylangan! Birorta olamshumul yangi kashfiyot yo`q! O`zbek olimlari nega bu ahvolga tushib qoldi? Qani Yahyo G`ulomovlar? Qani Ibrohim Mo`minovlar? Qani Obid Sodiqovlar? Qani Habib Abdullaevlar? Qani O`ktam Oripovlar? Qani Komiljon Ahmadjonovich Zufarovlar? Qani Vosit Vohidovich Voxidovlar? Qani Sa`di Sirojiddinov va Toshmuhammad Sarimsoqovlar?! Qani Yorqin To`raqulovlar? Qani Hamid Sulaymonovlar? Qani Xadicha Sulaymonovalar? Qani Bo`rivoy Ahmedovlar? Qani Po`lat Qirg`izboevich Habibullaevlar?
Nega shunday muqaddas yurt taqdirini bir hovuch laganbardor, korrupsioner va halq oldida bir pullik obro`si yo`q ba`zi hokim va vazirlarga topshirib qo`ydik? Viloyat hokimi qaysidir tuman aholisi unga yoqmagani uchun, ushbu tumanni xaritadan o`chirib tashlayman desa, yana biri o`zi haqida she`r ayttirsa, yana biri prezidentga yoqish uchun bir muddat temir vagonga kirib yashasa, boshqa biri o`qituvchilarni butun yurtga kalaka qilsa, boshqa biri piyoda yursang Dubayga yuboraman desa va h.k. va h.k. Qani siyosiy ilm? Qani fahm-farosat? Qani mantiq? Hamma yoqni yolg`on bosdiku! Uyalmaysizlarmi?
O`zbekiston faqat mahalladan iborat emas-ku axir! Ilm-fan degan narsa ham bor-ku axir! Barcha soha olimlari uchun echimini kutib yotgan va o`sha muammolar echilmasa, yurt ravnaqi haqida gapirmasa ham bo`ladigan achchiq-achchiq haqiqatlar bor. Iltimos! Hurmatli olimlar! Siyosatga qul bo`lmaylik, yurt ravnaqi uchun xizmat qilaylik! Bor haqiqatni prezidentga etkazaylik. Biz noto`g`ri yo`ldan ketmayapmiz-mi?”
MUROJAATGA MUNOSABAT
Jamiyat bu muammolar haqida fikrlashga tushdi va aksariyat xalq, jumladan ilm ahli xalqimizning chekiga tushgan tabiiy va texnogen fojealar davrida ham olimning qilgan fidoiyligini, kuyunchakligini, og`ir pandemiya davrida ham muhim muammolarni ko`targanini esladi.
Ammo, tanqid qilinadigan barcha sohalar ma`muriyatida bo`lgani kabi ilm-fan tepasidagi mansabdorlar olimga qarshi inkvizisiyani boshladi.
Eslaylik, xalq ta`limi vazirligining olim Mahmud Sa`diyga, bloger Qobul Do`stovga qarshi qo`zg`atgan sud jarayonlarini, Ichki ishlar vazirligining, Sog`liqni saqlash vazirligining, Adliya vazirligining, boshqa qo`mita va agentliklarning barcha bayonot, raddiya, tavsiyanoma, taqdimnomalari intihosidagi “Barcha jurnalistlarni va blogerlarni ogohlantiramiz – tuhmat va haqorat uchun jazo bor” degan taxdidlarini xotirga olaylik. Nimagadir ularning barchasining miyasiga jurnalistlarga qarshi qonun moddalari keladi, ammo jurnalistlarning kasb faoliyatini kafolatlovchi moddalar kelmaydi.
Zarifboy Ibodullaevning maqolasi katta rezonans berganidan, qator saytlar ko`chirib bosganidan so`ng, O`zbekiston Fanlar akademiyasi ham tibbiyot fanlari doktori Zarifboy Ibodullaevning murojaatiga munosabat bildirdi. Maqolaga javob bo`lishi tabiiydir. Faqat bayonotdagi tahdid va undan so`ng boshlangan harakatlar – Fanlar Akademiyasi tizimidagi turli institut va universitetlarda majburiy majlislar uyushtirish, olimga qarshi murojaatlar qabul qilish, “oddiy mehnatkashlarning nafrati”ni tashkillashtirish jarayonlari sobiq sovet tuzumining 37-yillardagi jadidlarga, 50-yillardagi “kosmopolit”larga va tuzum intihosidagi Andrey Saxarovga qarshi uyushtirgan tashviqot va qatag`on mavsumlariga o`xshaydi.
FANLAR AKADEMIYaSI MUNOSABATIDAN IQTIBOSLAR
“Maqola muallifi, «kuyinchaklik» bilan etarli darajada asoslanmagan shaxsiy xulosasini ijtimoiy tarmoqqa chiqib, jar solishi, nazarimizda, ilmiy etikaga to`g`ri kelmaydi.
Keling, haqiqatga tik qaraylik! O`zbekiston ilm-fani tobora jar yoqasiga yaqinlashmoqda», deb yozadi muallif. Biroq mazkur fikrni asoslovchi biror fakt keltirmaydi. Agar real faktlarga, mavjud statistika va raqamlarga suyanadigan bo`lsak, so`nggi besh yilda O`zbekiston ilm-fani yangi pog`onaga ko`tarilayotgani, aniq va ijtimoiy-gumanitar fan kesimlarida olimlarimiz, ayniqsa, yoshlar katta muvaffaqiyatlarga erishayotganining guvohi bo`lamiz.
Ilmga kirib kelayotgan yosh olimlar orasida plagiatlik avj oldi» deb yozadi olim. Agar muallifning fikri asosli bo`lsa, o`z iddaosiga aniq dalillar keltirishi lozim va bu faktlar O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda ko`rib chiqiladi.
Agar muallif so`nggi yillarda ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun davlat byudjetidan qancha mablag` ajratilayotgani, yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaxshiroq tanishib chiqishga harakat qilganda edi bu murojaatni yozmagan bo`lar edi.
Birgina Fanlar akademiyasiga so`nggi 3 yilda davlat byudjetidan deyarli 800 milliard so`m ajratilgan.
Birorta olamshumul yangi kashfiyot yo`q!», deb qo`shimcha qiladi muallif. Bunday iddaodan oldin hech bo`lmaganda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berib borilayotgan ilmiy yangiliklar bilan tanishib borish kerak. Masalan, 17 fevral kuni e`lon qilingan «Yangi yulduzdan – Kofirqal`agacha. O`zbek olimlarining so`nggi o`n yillikdagi eng muhim 10 kashfiyot va ixtirolari» maqolasini e`tiboringizga havola qilamiz va qo`shimcha qilish mumkinki, ilmiy ishlarning natijalari haqidagi batafsil ma`lumotlarni kichik bir maqolaga sig`dirish qiyin.
Demak, Fanlar akademiyasini «uxlashda» va «yangi Yahyo G`ulomovlar»ning yo`qligida ayblashdan oldin «uyqudan uyg`onish»ni va ilmiy sohada erishilayotgan yutuqlar bilan, hech bo`lmaganda, kundalik berilayotgan yangiliklar orqali tanishib chiqishini tavsiya qilamiz”.
Shu tariqa O`zbekiston Fanlar Akademiyasi bayonotida “yutuq va muvaffaqiyatlar” sanog`idan keyin ilm-fanda mavjud birorta muammo tilga olinmagan va bevosita professor Zarifboy Ibodullaevdan siyosiy dushman yasashga o`tiladi va unga sobiq tuzumni qo`msash va uni tiklashga urinuvchilarga sheriklikda ayblashga o`tiladi, ya`ni “siyosiy tomondan” kelinadi:
“Muallifning bu murojaatni yozishdan asl maqsadi boshqa ekani, keyingi jumlalardan yanada oydinlashadi: «Axir bunday insonlar sizlar yomonlaydigan Sovet O`zbekistonida etishib chiqqan edi-ku». Fanlar akademiyasida hech bir olim muallif urg`ulayotgandek, «Sovet O`zbekistoni»ni yomonlamagan, qoralab maqolalar yozmagan. Faqat sho`ro tuzumi siyosatini qoralagan, buning farqiga borish kerak.
Keyingi vaqtlarda qo`shni davlat hamda Sobiq ittifoq mamlakatlarida bo`lib o`tayotgan voqealar oqimiga nazar tashlaydigan bo`lsak, muallif bu kabi savollarni bekorga o`rtaga tashlamayotganini sezish unchalik qiyin emas. Sobiq ittifoq davridagi hayotni ulug`lash, unga mahliyo bo`lish va yana qaytib ana shu ittifoq tarkibiga kirishga undashga chaqiruvchi bunday murojaatlar oldin ham bo`lgan, bundan keyin yanada avj olishi ehtimoldan xoli emas”.
Afandiga: “Nega devordan oshib tushgan olmamizni terib, qo`yningizga solyapsiz deyishsa, u: “O`zingiz nega xotiningizga kovush olib bermaysiz?!” degan ekan. Yoki paxta yakkahokimligi paytida: “Nega murg`ak maktab bolalarini ilmdan qoldirib paxtaga olib chiqyapsiz?” deyilsa, amaldorlar: “Paxta – bu siyosiy masala, qamalib ketasan bu gaplar uchun”, - deyishardi. Shu kabi olimga “siyosiy” taxdid o`rinsizdir. U real o`sha davr olimlarini o`rnida keltirgan.
“Muallif murojaatidagi «Nega shunday muqaddas yurt taqdirini bir hovuch laganbardor, korrupsioner va xalq oldida bir pullik obro`si yo`q ba`zi hokim va vazirlarga topshirib qo`ydik» kabi jumlalar nafaqat o`zbekona odob-axloq madaniyati, balki mavjud me`yoriy qonunlarga ham zid keladiki, bu iddaoni muallif yo aniq faktlar asosida isbotlab berishi yoxud qonun oldida javob berishiga to`g`ri keladi”.
O`zbekistonda korrupsiya mavjudligini va hatto oxirgi yillarda kuchayganini O`zbekiston Prezidenti biladi va Toshkent viloyatidagi chiqishida ta`kidladi. Har kuni xabarlar tasmalarida u yoki bu mansabdor milliardlab mablag`ni o`zlashtirgani, qarindoshlarining firmalariga bergani, pora bilan qo`lga tushgani xabarlari chiqadi. Odamlar ijtimoiy tarmoqlarda millionlab faktlarni keltirmoqdalar. Korrupsiyaga qarshi qonunlar va Davlat dasturlari qabul qilingan, Idoralararo komissiyalar tuzilgan. Korrupsiya mavjudligini inkor qiladigan va bu haqda gapirgan o`z hamkasbini “o`zbekona odob-axloq madaniyati”ga, “mavjud qonunlarga zid” deb biladigan birgina muassasa Fanlar Akademiyasi bo`lsa kerak.
“Nazarimizda, uning bu kabi murojaatnoma bilan chiqishidan oldin mamlakatimizdagi mavjud qonunlar bilan yaxshilab tanishib chiqishini, asossiz tuhmat, jamoatchilik oldida beobro` qilish uchun javobgarlik belgilanganini unutmaslik kerakligini eslatib qo`yishni joiz deb bilamiz”.
Qonunlar borligini hammamiz bilamiz va uning tanlab jurnalistlar va blogerlarga nisbatan qo`llanilayotganini, jurnalistlarga qarshilik ko`rsatishga qarshi moddalar mamlakat rahbari besh yildan beri talab qilsa-da qabul qilinmayotganligini, shu bilan birga mavjud “tanqid uchun ta`qib” degan qonuniy me`yorlar ham borligini, lekin ishlamayotganini ko`rib turibmiz.
“E`tiborli jihati, biror muammoni ko`tarib chiqish, kamchilikni ko`rsatish oson, lekin negadir professor o`z chiqishlarida muammoni ko`targan-u, unga echimni taklif qilmagan. Ilm-fan sohasining vakili o`laroq fan rivoji uchun o`zi biror yangilik qilganmi, degan savol tabiiyki barchada uyg`onadi”.
Tanqidni, fikrlashni bo`g`ishga qaratilgan, keng tarqalayotgan da`volardan biri shu “tanqid qiladi-yu, echimini ko`rsatmaydi” degan da`vodir. Tanqidning o`zi alohida mehnatdir, bizning davrda hatto jasoratdir. Tanqid qanchalik ko`p bo`lsa, uning ustida ko`plab onglar ishlasa, turli nuqtai nazarlar mushohada qilinsa, shunda echimlar topiladi va ko`plab onglar ishlagani uchun u echim to`g`riroq bo`ladi. Har tanqid qilgan, fikr aytganning og`ziga urilsa, mamlakatda tafakkur so`nadi.
Zarif Ibodullaev muammo qo`ysa, Fanlar Akademiyasi u bilan birlashib echim izlasin, fikrlasin.
ILM-FANNING MAVJUD MUAMMOLARI
Men yuqorida keltirgan va yana boshqa qator muammolarni “xalq dushmanlari”, “muvaffaqiyatlarni ko`rolmaydigan jurnalist va blogerlar” maqolalaridan emas, O`zbekiston Prezidenti Farmoni bilan qabul qilingan “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi”dan Fanlar Akademiyasi tanishib chiqishi uchun oldim.
SO`Z VA FIKR ERKINLIGI HAMDA QONUNChILIK
So`z va fikr erkinligi nega kerak?
Talaba mutaxassisligi bo`yicha axborot oladi va malakali mutaxassis bo`ladi. Olim ilmiy yo`nalishi bo`yicha har kuni jahonda bo`layotgan yangiliklarni olishi kerak, shunda u sohasida etakchi olim bo`ladi. Dehqon va fermer sohasi, ekayotgan ekini, uni parvarishlash, kimyoviy o`g`itlar ta`siri haqida ma`lumotlarni olishi va hatto ob-havo ma`lumotlarini bilishi hamda fikrlashi kerak... Saylovchi xalq nomzodlarini bilishi, ularning faoliyatini kuzatishi va o`zi istagan odamlarga ovoz berishi kerak, shunda uni yaxshi insonlar boshqaradi va farovonlik hamda adolat keladi. So`z va fikr erkinlashsa, yurt rivojlanadi, farovonlashadi va hamma rozi bo`lgan barqaror o`lkaga aylanadi, noroziliklar kelib chiqmaydi, chunki noroziliklarga sabab bo`lishi mumkin bo`lgan muammolar haqida gapiriladi va echiladi. Fikr rivojlangan yurt taraqqiy qiladi, fikr bo`g`ilgan yurt parokandalikka, qoloqlikka yuz tutadi.
Mana, so`z erkinligi, fikr erkinligi nega kerak!
Jurnalistlarga qilinayotgan da`volarning aksariyatini ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat va haqorat qilganlikda, sha`n, qadr-qimmat va ishchanlik obro`sini pastga urganlikda ayblovlar tashkil etadi. Agar biz da`vogarlarning ijtimoiy-huquqiy maqomiga nazar tashlasak, g`alati bir qonuniyatga duch kelamiz: ommaviy axborot vositasida o`zini haqoratlangan, tahqirlangan hisoblayotganlarning aksariyati davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining vakillari, huquq-tartibot organlarining xodimlari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik tashkilotlarining vakillaridir.
Ko`rinib turibdiki, «haqoratlangan va xo`rlanganlar»ning asosiy qismi muayyan ijtimoiy mavqe`ga ega bo`lgan shaxslar – davlat va jamoat tashkilotlari, vazirlar, mansabdorlar, deputatlar, nomzodlar, shou-biznes vakillari bo`lib, ularning matbuotning e`tiborida turishi, xalqning bu toifa shaxslarning hayoti va faoliyatiga qiziqishi va hatto savolu hisobot so`rashi, tanqid qilishi tabiiydir.
Bir tomondan, odamlarning o`z sha`nini, qadr-qimmatini va ishchanlik obro`sini ommaviy axborot vositalari orqali qilinadigan tuhmat va haqoratdan qonuniy yo`l bilan himoyalana boshlagani kishini quvontiradi, odamlar o`zligini anglay boshlaganday taassurot qoldiradi, ammo, ikkinchi tomondan, o`z sha`ni va qadr-qimmatini matbuot orqali «haqorat» va «tuhmat»dan asrashga harakat qilayotganlarning aksariyati amaldorlar ekani, davlat va boshqaruv idoralarining u yoki bu pog`onasida ishlayotganligini ko`rib, ko`tarinkilik uchun sabab topolmaysan. Albatta, amaldorlar ham qadr-qimmatini, sha`nini sud orqali himoya qilishi mumkin. Bu har bir kishining konstitusiyaviy huquqidir. Davlat va jamoat arboblarining shaxsiy hayoti ham boshqa fuqarolarning hayoti kabi himoya qilinishi lozim. Ammo davlat va jamoat arboblarining, siyosatchilarning, amaldorlarning shaxsiy hayotidagi u yoki bu holatlarning ijtimoiy ahamiyai mavjud bo`lgan hollarda masalaga demokratik tamoyillar nuqtai nazaridan kelib chiqib yondoshmok kerak. Siyosat maydoniga kirgan, davlat va boshkaruvning yuqori mansablarida turgan shaxslar ommaviy axborot vositalarining, jamoatchilik fikrining diqqat markazida turganliklariga, ularning harakatlariga qiziqish katta bo`lishiga ko`nikishlari lozim.
Jahonning demokratik mamlakatlari sudlari amaliyotini tahlil qilsak, sudlar davlat va jamoat arboblari sha`niga aytilgan keskin fikrlarga kengroq munosabatda bo`lganlarini ko`ramiz. Demokratik tizimga o`tish bosqichidagi postkommunistik davlatlarda hali amaldorlar so`z erkinligiga unchalik ko`nikmaganlar. Ko`pincha kommunofashizm davridagidek matbuotning, radio va televideniening ozroq tanqidiga jizillab ketish, ma`muriy yo`llar bilan tazyiq o`tkazish hollari uchrab turadi. Jurnalist yoki blogerning amaldorlar ish faoliyatini qilgan tanqidlari ularga ularning «sha`ni, qadr-qimmatini pastga urganlik» bo`lib tuyuladi. Bu ko`pincha ularning o`z qadr-qimmatlarini anglaganlari uchun emas, hali hurfikrlikka, oshkoralikka ko`nikmaganlari tufayli yuz bermoqda.
Ko`pincha ommaviy axborot vositasidagi u yoki bu xabarni «qadr-qimmatlarini pastga uruvchi» deb bilgan amaldorlar jurnalistlarni sudga beradilar va «etkazilgan ma`naviy zarar» sifatida juda katta miqdordagi mablag`larni ko`rsatadilar. Holbuki, ularning ma`naviy qoniqishlari uchun undiriladigan pul miqdori katta bo`lishi shart emas, qolaversa, qonunchilikda ularning sudlashib, jazo talab qilishdan ko`ra, o`sha ommaviy axborot vositasida raddiya yoki javob yozib chiqish yo`lidan foydalanish imkonlari ham bor. Ularning albatta jurnalistlarni jazolashga va katta mablag` talab qilishga urinishlari so`z erkinligiga ko`nikmaganlarini, maqsadlari «adolatni tiklash», qadr-qimmatlarini «o`rniga qo`yish» emas, ommaviy axborot vositasi yoki muayyan jurnalistni «ado qilish» ekanini ko`rsatadi.
Jurnalistning tanqidiy chiqishiga sabab bo`lgan amaldorning faoliyatidagi kamchiliklar aslida muhokama qilinishi va tuzatilishi kerak. Buning o`rniga jurnalistning maqolasi, ko`rsatuvi yoki eshittirishi muhokama qilinadi. Xalq mulkini o`margan amaldor aybdor emas, bu haqda maqola yozgan jurnalist aybdor bo`lib chiqadi. Tanqidiy maqola yozgan jurnalist va uni chop etgan ommaviy axborot vositasi tanqid qilingan amaldor bilan uzoq, tinkaquritar tortishuvga kirishadilar. Janjaldan nari bo`lish uchun muharrirlar imkon qadar tanqidiy chiqishlarga yo`l bermaslikka harakat qila boshlaydilar.
Uch xil holatda biz sha`n, qadr-qimmat va ishchanlik obro`sini u yoki bu shaklda pastga urishni ko`rishimiz mumkin. Birinchisi – haqiqatga to`g`ri kelmaydigan va sha`n, qadr-qimmat va ishchanlik obro`sini pastga uruvchi ma`lumotlar tarqatilgan holatlar. Ikkinchisi – yolg`on ma`lumotlar tarqatilgan, ammo bu ma`lumotlar badnom qiluvchi shamoyilga ega bo`lmagan holatlar. Uchinchisi – haqorat qilingan holatlar.
Ko`rib o`tganimizdek, har uch holatda ham bir narsa ko`zga tashlanadi – tarqatilgan ma`lumotlar muayyan shaxsga tegishli bo`lishi kerak. Bunda gap muayyan shaxs haqida borishi mumkin yoki butun guruh haqida so`z boradi va ma`lumot guruhning barcha shaxslariga bevosita taalluqli bo`ladi. Agar gap guruhning barcha ahzolariga taalluqli ekanini aniqlash imkoni bo`lmasa, bunday holatlarda da`vo qilish mumkin emas.
Haqorat faqat jismoniy shaxsga tegishli bo`lishi mumkin, yuridik shaxsni, masalan, Fanlar Akademiyasini yoki “barcha olimlarni” haqorat qilish mumkin emas. Yuridik shaxsning sha`ni, qadr-qimmati bo`lishini, uning ma`naviy azob chekishini tasavvur qilib bo`lmaydi. Fuqaro o`z sha`ni, qadr-qimmatini va ishchanlik obro`sini hamisha himoya qilishi mumkin. Hatto o`lgan kishining sha`ni va qadr-qimmati himoya qilinishi mumkin (O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-moddasi 3-qismi).
Yuridik shaxslar faqat o`zlarining ishchanlik obro`larini himoya qilishlari mumkin. Faoliyatining asosiy maqsadi tadbirkorlik bo`lgan tijorat tashkilotlari tarqatilgan har qanday axborotga nisbatan o`zlarining ishchanlik obro`larini himoya qilishlari mumkin. Notijorat tashkilotlar esa tarqatilgan axborot ularning tadbirkorlik faoliyatiga bog`liq bo`lgan taqdirda ishchanlik obro`sini himoya qilish to`g`risida da`vo qilishlari mumkin. Agar axborot davlat va jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar yoki jamoatchilik tashkilotlarining faoliyati, dasturiy tashviqotlari, mafkuralariga, diniy qarashlariga va hakozolarga tegishli bo`lsa, ishchanlik obro`sini himoya qilish to`g`risida da`vo qilish mumkin emas.
Haqorat jinoyati beodoblik bilan qasddan tahqirlashda, ya`ni jabrlanuvchiga nisbatan sodir etilgan har xil harakatlarda, masalan, uyat gaplar bilan so`kish, turli haqoratli so`z va iboralarni yozish, betga tupurish va hakozolarda ko`rinadi. Uyatsiz shakl deganda aytilgan so`zlaru iboralar yoki qilingan harakatlarning kishilar o`rtasidagi muomalada ifodalanadigan umume`tirof etgan odob qoidalariga mos emasligi tushuniladi.
Agar gap sha`n, qadr-qimmat va ishchanlik obro`sini himoya qilish yoxud tuhmat to`g`risida borsa, aniqlanishi kerak bo`lgan narsa aynan ma`lumotlar, ya`ni faktlar bo`ladi, aslo bu faktlarning qanday baholangani, qanday mulohaza qilingani bo`lmaydi.
Zarif Ibodullaev maqolasida faktlar keltirilmaganini Fanlar Akademiyasining bayoni ham tilga oladi. Zarifboyning maqolasi esa fikrlardan iboratdir.
Zero ommaviy axborot vositalarida biz fikrlar, mulohazalar, talqinlar, baholarga duch kelamiz, ularning haqiqatga to`g`ri kelish-kelmasligini bevosita tekshirish, haqqoniy voqelik bilan solishtirish yoki guvohlar yoxud hujjatlar vositasida dalillash mumkin emas.
Fikrlar, mulohazalar, inonchu e`tiqodlarni ifoda etuvchi axborotlar - mafkuralar, g`oyalar, nazariyalar, konsepsiyalar, dasturlar, rejalar, taxminlar, baholar va hakozolar mohiyat e`tibori bilan haqqoniy yoki yolg`on bo`lolmaydi, ularning haqiqatga to`g`ri kelish-kelmasligi tekshirilishi mumkin emas. Bu fikrlar foydali yoki zararli bo`lishi mumkin, to`g`ri yoki noto`g`ri, asosli yoki asossiz, ishonchli yoki bahsli, taraqqiyparvar yoki johilona bo`lishi mumkin. Ammo ularni aytgani yoki yozgani uchun jurnalist va bloger, yoxud chop etgani, oshkor qilgani uchun ommaviy axborot vositasi javobgar bo`lishi mumkin emas.
Sha`n – shaxsning ijtimoiy bahosi, shaxs fazilatlarining, sifatlarining jamoatchilik ongidagi aksi demakdir. Qadr-qimmat – shaxs fazilatlarining uning o`z ongida aks etishidir. Ko`rinib turibdiki, sha`n va qadr-qimmat faqat shaxsga tegishli bo`lishi mumkin. O`zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida ham ular shaxsiy nomoddiy huquqlar sifatida tilga olingan (99,100-moddalar) bo`lib, shaxsning sha`ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro`si haqida so`z boradi.
Demak, sha`n va qadr-qimmatning sud orqali himoyasiga faqat fuqaro da`vo qilishi mumkin, aslo tashkilot yoki idora emas. Davlat idorasi, jamoat birlashmasi, jamoa yoki mahalla bu huquq sub`ekti bo`lishi mumkin emas. Agar e`lon qilingan materialdan muayyan shaxsni tanish (identifikasiyalash) mumkin bo`lsa hamda bunda uning sha`ni va qadr-qimmati pastga urilgan bo`lsa, aynan shu shaxsning sha`ni va qadr-qimmati himoya qilinishi mumkin.
Afsuski, amaliyotda ba`zan “akademiyaning sha`ni”, «tashkilotning sha`ni»ni, «jamoaning obro`si»ni, «millatning qadr-qimmati»ni himoya qilishga urinishlar uchraydi. Tashkilot odam emas, yuridik shaxsdir, uning sha`ni bo`lmaydi. Tashkilotning, muassasaning, idoraning mavqei, obro`si bo`lishi mumkin, ammo bular fuqaroviy-huquqiy ahamiyatga ega emas.
Agar tashkilot to`g`risida tarqatilgan ma`lumotlar haqiqatga to`g`ri kelmasa, ma`lumotlarga «Ommaviy axborot vositalari to`g`risida» Qonunning 27-moddasida ko`zda tutilgan tartibda ommaviy axborot vositasi orqali javob yoki raddiya berish huquqidan foydalanish mumkin, ammo tashkilot fuqaroviy huquqda ko`zda tutilgan tartibda o`z sha`ni va qadr-qimmatini sud orqali himoya qilishi mumkin emas. Oddiyroq tushuntirganda, biror-bir idora, deylik, prokuratura yoki sartaroshxonaning qadr-qimmati erga urilganidan qiynalishini, asabiylashishini yoki infarktga uchrab cho`zilib yotishini tasavvur qilib bo`lmaydi. Shuning uchun unga ma`naviy zarar etkazilishi ham mumkin emas.
O`zbekiston Respublikaksi Fuqarolik kodeksining 100-moddasida aytilishicha, o`zining sha`ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi ma`lumotlar tarqatilgan fuqaro bunday ma`lumotlar rad etilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida etkazilgan zararlar va ma`naviy ziyonning o`rnini qoplashni talab qilishga haqlidir.
Qonunchilikda, ko`rib o`tganimizdek, ma`naviy zarar etkazish deganda jismoniy va ma`naviy azoblar etkazish tushunilishi belgilab qo`yilgan. Jismoniy va ruhiy azoblarni chekishga faqat inson qodirdir. Yuridik shaxslar – tashkilotlar, muassasalar, korxonalar, idoralar va hakozolarning tanasi ham, ongi ham mavjud emas, shuning uchun «Fanlar Akademiyasi azob chekdi», «tashkilotning yuragi siqildi» deb bo`lmaydi. Bu ko`rinib turgan haqiqat bo`lsa-da, amaliyotda ba`zan sudga tashkilotning «sha`ni va qadr-qimmatini himoya qilish» so`ralgan, eng qizig`i, muassasaga, idoraga etkazilgan «ma`naviy zararni qoplash» haqida da`volar ham qilinadiki, bu g`ayriqonuniydir.
Qonunchilikda o`z sha`ni, qadr-qimmatini ommaviy axborot vositasidagi u yoki bu chiqish tufayli erga urilgan, haqoratlangan yoki tahqirlangan hisoblovchi shaxslar uchun o`z nomini va sha`nini o`sha ommaviy axborot vositasida raddiya yoki javob berish orqali tiklash imkoni ko`zda tutilgan bulsa-da, amaliyotda bu usuldan foydalanish yo`q hisobi. Ayniqsa, javob berish imkonidan deyarli foydalanilmaydi.
Zarifboy Ibodullaev maqola yozdi, Fanlar Akademiyasi javob qildi va bu tabiiy hamda qonuniydir. Tanqid uchun ta`qib qilish, institutlarni to`plab sazoyi qilish ko`rinishidagi majlislar qilish yoki fikr uchun sudga berish fikrni bo`g`ishdir.
Xulosa qilishimiz mumkinki, raddiya faktik mazmunga ega bo`lgan ma`lumotlarga – haqiqatga to`g`ri kelish-kelmasligi aniqlanadigan ma`lumotlarga beriladi. Fikrlar, mulohazalar, baholar va hakozolarga esa javob beriladi. Bahsga sabab bo`lgan fikrlar aytilgan ommaviy axborot vositasida chop etiladigan sharhlar, luqmalar, tushuntirishlar ham javoblar sirasiga kiradi. Fikrga fikr bilan javob beriladi, fikrlar rad qilinmaydi, muhokama qilinadi. Fikr yo`qotilmaydi, bahslashiladi.
Fikrlashda turli fikrlar aytilishi, goho xato, sub`ektiv fikrlar ham aytilishi mumkin. Fikrlash maydoni kengroq bo`lmasa, yurt rivojlanmaydi, xalqning dardi ichga yutiladi va bir kun otilib chiqadi.
Konstitusiyaviy huquq bo`lgan e`tiqod, fikr va so`z erkinligi talablariga ko`ra insonni fikridan kechishga majbur qilish mumkin emas. Real voqealar, xodisalar, faktlar haqidagi ma`lumotlarning haqiqatda bo`lgan-bo`lmaganligi aniqlanishi va ular haqiqatga to`g`ri kelmasa, rad qilinishi mumkin. Fikrlar esa rad etilmaydi, mulohaza etiladi.
Shuning uchun sudlarning ayrim qarorlarida uchraydigan «tahririyatga da`vogardan kechirim so`rash majburiyatini yuklash», «fikrini qaytarib olish», «aytgan mulohazasidan voz kechish» talablari umuman huquqiy jihatdan asossizdir, hech qaysi qonunda ko`zda tutilmagandir.
Aytishimiz mumkinki, amaldagi konstitusiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborotlarni va qonun bilan cheklangan davlat siri hamda boshqa sirlarga taalluqli axborotlarni istisno qilgan holda, har kimning fikrlash, so`z va e`tiqod erkinligi kafolatlangan, mamlakatda ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Bu mening fikrim emas, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 29 va 12-moddadaridir.
P.S. Men dissertasiyamni yakunlayapman. Bu maqolam uchun ilmiy daraja olishimni qiyinlashtirmaslar, deb umid qilaman. Zero, ilmiy ishim ham so`z va fikr erkinligiga oiddir.
Karim BAHRIEV,
O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Jamoatchilik kengashi raisi.