Uy-joy bozori tahlili: Qashqadaryoda eng ko`p oldi sotdisi qayd etilgan, Toshkentda esa aksincha bu ko`rsatkich kamaymoqda

22.02.2022 14:25

Har kuni yangi uylar qurilayotgani haqida e`lonlarni ko`ramiz. Oyliklarni o`sish ko`rsatkichi sekin asta oshsada, uy joy olish imkoni oddiy odam uchun ancha kamayib borayapti. Chunki, uy joy bozorida yildan yilga narxlar ortishi kuzatilmoqda. Ko`chmas mulk bozoridagi vaziyat, uy-joy sotib olish masalasida vaziyat qanday? Uy-joy sotib olishni rejalashtirganlar qaysi paytda xarid qilganlari ma`qul?

Aniq ma`lumotlarga ko`ra, har yil boshida va yoz oyining o`rtalarida O`zbekistonda uy-joy sotib olishga bo`lgan talab sezilarli darajada pasayadi. Uy sotib olishni rejalashtirgan xaridorlar aynan shu paytda ko`chmas mulk sotib olish orqali xaridorlar pulni tejashlari mumkin.

Bahor oylarida esa, odatda uy-joy savdosi avj oladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ko`chmas mulk bozoridagi vaziyatni doimiy ravishda tahlil qilib kelmoqda.

Markazning navbatdagi e`lon qilgan tadqiqotiga qaraganda, 2022 yil yanvar oyida respublika bo`yicha 17,7 mingta ko`chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirilgan.

Bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 2,4%ga kamroq.

Eng yuqori o`sish sur`atlari Qashqadaryo (36,4 %), Farg`ona (16 %), Surxondaryo (11,1 %) viloyatlarida kuzatilgan.

Toshkent (-17,6 %) viloyati, Qoraqalpog`iston (-14,4 %) va Toshkent shahrida (-6,7 %) esa sezilarli kamayish qayd etilgan.

Ikkilamchi bozorda vaziyat qanday?

Markazga ko`ra, yanvarda ikkilamchi bozorda uy-joyning o`rtacha narxlari o`tgan oyga nisbatan 1,4 %ga o`sgan. Solishtirish uchun, narxlar 2021 yil dekabrda o`zgarmagan, noyabrda 1,2 %ga ko`tarilgan edi.

Narxlarning eng yuqori o`sish sur`atlari Farg`ona (5,2 %), Andijon (5,0 %) va Navoiy (4,5 %) viloyatlarida kuzatilgan.

Jizzax (-4,2 %), Surxondaryo (-3,1 %), Namangan (-2,3 %) va Sirdaryo (-2,1 %) viloyatlarida esa narxlarda pasayish qayd etilgan.

Toshkent shahrida uy-joy narxlari 2,4 %ga o`sgan.Eng katta o`sish Mirzo Ulug`bek (5,0 %) Mirobod (4,5 %) va Yashnobod (4,3 %) tumanlarida kuzatilgan bo`lsa, Uchtepa (-1,4 %) va Olmazor (0,7 %) tumanlarida uy-joy narxlari pasaygan.

Uy-joy savdosida tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan ipoteka kreditlarining hissasi katta.

Xususan, Markaziy bank xabariga ko`ra, 2021 yilda tijorat banklari tomonidan 59 570 nafar fuqaroga qariyb 9,8 trln so`m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu 2020 yilga nisbatan 700 mlrd so`mga ko`proq hisoblanadi.

Oxirgi 5 yilda tijorat banklari tomonidan jami 35,6 trln so`mlik ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu ko`rsatkichni o`tgan yillardagi holat bilan solishtirganda, farqlar yaqqol ko`zga tashlanadi:

2020 yilda — 9,1 trln so`m;

2019 yilda — 7,9 trln so`m;

2018 yilda — 4,8 trln so`m;

2017 yilda — 4 trln so`m.

Shuningdek, 2022 yil 1 yanvar holatiga ko`ra, ipoteka kreditlari qoldig`i 35,8 trln so`mga etgan.

Eng ko`p kredit Toshkent shahri (2,67 trln so`m), Samarqand (883,6 mlrd. so`m), Andijon (780,8 mlrd. so`m) viloyatlari hissasiga to`g`ri keladi.

Eng kam ipoteka kreditlari esa Jizzax (252,6 mlrd so`m) va Sirdaryo viloyatlarida (259,7 mlrd so`m) ajratilgan.

Ajratilgan kreditlarning 7,35 trln so`mi yoki 78 foizi birlamchi bozordagi uylarga, 2,44 trln so`mi yoki 22 foizi ikkilamchi bozordagi uylar uchun yo`naltirilgan.

2021 yilda ajratilgan ipoteka kreditlarining moliyalashtirish manbalari orasida asosiy ulush Moliya vazirligi mablag`lari (6,97 trln so`m) hisoblanadi. Shuningdek, O`zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag`lari (1,96 trln so`m) hamda banklarning o`z mablag`lari (867,1 mlrd so`m) ham moliyalashtirish manbalari hisobiga kiradi.

O`tgan davr ichida ikkilamchi uy-joy bozorida ipoteka kreditlarini ajratish hajmi 10 barobardan ko`proqqa oshdi.

Solishtirish uchun, 2020 yilning birinchi olti oyligida ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlarining jami ajratilgan ipoteka kreditlaridagi ulushi 1,3 foizni (63 mlrd. so`m) tashkil etgan bo`lsa, 2021 yilning birinchi yarim yilligida bu ko`rsatkich 18,6 foizgacha (656 mlrd. so`mga) o`sgan.

2017-2021 yillar davomida ipoteka kreditlari qoldig`i 3,6 barobarga, ipoteka shartnomalari soni esa qariyb 2,2 barobarga oshgan.Uylar kreditga olish ko`paymoqda. 

Ikkilamchi bozordan uy sotib olish nega to`xtatilgandi?

Ma`lum bo`lishicha, hozirda har oltinchi kvartira ipotekaga sotib olinmoqda.

Joriy yil yanvar oyi oxirida ikkilamchi bozor uchun kreditlarga talab yuqori bo`lganligi bois OTBning 150 mln dollarlik mablag`lari muddatidan oldin o`zlashtirilgani sababli, ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ajratiladigan maqbul ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish vaqtincha to`xtatildi.

Aholi talabining o`ta yuqoriligi sababli, OTBning 150 mln dollar miqdoridagi bosqichma-bosqich 2023 yilning birinchi choragi yakuniga qadar o`zlashtirilishi rejalashtirilgan qarz mablag`lari muddatidan avval, ya`ni 2022 yilning birinchi choragi davomida o`zlashtirib bo`linishi kutilganligi sababli, qayta moliyalash to`xtatib turildi.

Ammo fevral oyida 2022 yilning birinchi choragida tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari 42 mln dollar miqdorida Moliya vazirligi mablag`lari hisobidan qayta moliyalashtirilishi ma`lum qilinib, «O`zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ o`z faoliyatini tikladi va ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni davom ettirmoqda.

Ma`lum bo`lishicha, 2022 yil davomida kompaniya taqdim etgan mablag`lar hisobidan ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun 2 trln so`m miqdorida ipoteka kreditlari ajratiladi. Solishtirish uchun, 2021 yilda bu miqdor 1,9 trlnni tashkil qilgan. Shuningdek, Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga birlamchi bozordan uy-joy sotib olish maqsadida aholiga ipoteka kreditlari berish uchun 12,8 trln so`m mablag` ajratilishi rejalashtirilgan, 2021 yilda bu ko`rsatkich 5,0 trln edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
22.02.2022 20:15
Уй-жой Учтепа (-1,4 %) ва Олмазор (0,7 %) туманларида уй-жой нархлари пасайган деб айтиб бўлмайди. Чунки ўтган йилги нархлар билан бу йилги нархлар ўртасида фарқ 10 минг долларни ташкил қиляпти. Мисол учун, 2-хонали квартира Учтепа туманида 27-28 мингдан 30 минг долларгача эди, ҳозирда 36 мингдан 41 минг долларгача. Олмазор туманида ҳам фарқ шундай. Яккасарой, Миробод туманларида фарқ ўтган йилга қараганда 15-20 мингни ташкил этмоқда. Бунинг барчасига, (2021 март ойидан)қонунан таъқиқланганлигига қарамасдан ҳамон янги уйларни коробка ҳолатида сотиш тўхтамаганлигини сабаб қилиб кўрсатиш мумкин. Шуни бир ўрганиб чиқсаларингиз жуда миннатдор бўлар эдик.