Bugun Lal Bahodir Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi tomonidan o`tkazilayotgan Bobur asarlari qo`lyozmasining Hindiston nusxalari foto ko`rgazmasining ochilish marosimidan so`ng, Rost24.uz muxbiri La`l Bahodir Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi direktori Dr.Chander Shekxardan ushbu savolga izoh so`radi.
Bu savolga javob berar ekan, Dr.Chander Shekxar ayrim nashrlar tomonidan Hindistonda Bobur va Boburiylar ismlari bilan nomlangan ko`chalarning nomi o`zgarayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Shu bilan birgalikda, O`zbekistondagi Bobur nomi bilan ataluvchi tarixiy binolarning kamligidan hayratdaligini bildirdi.
- «Boburiylar davrida juda ko`p tarixiy binolar saqlanib qolgan va hozirgacha biz ularni saqlab kelmoqdamiz. Lekin ob-havo ta`siri va yillar, asrlar oshgani uchun ba`zi binolar o`z ko`rinishini yo`qotgan. Ulardan biri Akbarshoh maqbarasi. Uning ko`rinishi ancha eskirgani bois biz uni qaytadan tikladik. Shu jumladan juda ko`p tarixiy binolar hozirgacha saqlanib kelmoqda va eskirgan qismlarini biz qaytadan tiklaganmiz. Sizga savol tariqasida gapimni shu bilan yakunlamoqchimanki, aytingchi Hindistonda Bobur nomli juda ko`p bino va inshootlar bor. Sizlardachi ayta olasizmi, Bobur nomi bilan nechta, nimalar qurilgan? Nafaqat bino, qaysi universitet yoki shahar Bobur nomi bilan ataladi?»
Biz albatta bu savolni ochiq qoldirmaymiz, ma`lumot o`rnida keltirish lozimki, to`g`ri biron yiik shahar nomi Bobur ismi bilan aytilmasada, bugun yurtimizda uning xotirasiga hurmat bilan qaraladi. Andijon shahrida Zahiriddin Muhammad Bobur nomida universitet (AnDU), teatr, kutubxona, milliy bog` («Bog`i Bobur») bor. Bobur milliy bog`i majmuasida «Bobur va jahon madaniyati» muzeyi, shoirning ramziy qabr maqbarasi bunyod etilgan. Shahar markazida (muallifi Ravshan Mirtojiev) va Bobur bog`idagi yodgorlik majmuida (muallifi Qodirjon Salohiddinov) shoirga haykal o`rnatildi. Andijondagi markaziy ko`chalardan biriga, shuningdek Toshkentdagi istirohat bog`i va ko`chaga, Andijon viloyati, Xonobod shahridagi istirohat bog`iga Bobur nomi berildi. Shuningdek, O`zbekiston Fanlar akademiyasining Bobur nomidagi medali ta`sis etilgan.
O`zbekistondagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda o`tkazilayotgan tadbirdan «Boburiylar sulolasi: tarixi, adabiyoti, madaniyati» mavzuidagi ilmiy seminar ham o`rin olgan bo`lib, unda ishtirok etgan Ozarbayjon vakili ushbu kunni uning mamlakatida ham o`tkazilganini qayd etdi.
- «Ozarbayjonda ham bu kun Bobur tavalludi sifatida keng nishonlanadi. Ozarbayjon Fanlar akademiyasi huzuridagi adabiyot institutida O`zbekiston-Turkmaniston kafedrasida Bobur ijodiga bag`ishlangan tadbirlar, seminarlar tashkil qilindi. Shuningdek, ozarbayjonlik olimlarning Bobur ijodi haqidagi asarlari muhokama qilindi. Biz Muhammad Boburning ijodiga doim katta e`tibor beramiz va bu ish davom etmoqda»- dedi Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov.