Lukashenkoning tahdidona so`zlariga javob qaytarmagan amaldorlar qo`rqqan edimi?

19.02.2022 08:49

Siyosatda amaldorlar blogerlar orqali javob beradigan yangi usul paydo bo`ldimi?

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov savollarga javob berdi.

Joriy yil yanvar oyida Qozog`istonda yuz bergan voqea ortidan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O`zbekistonga qaratilgan «tahdidona» gaplarini aytgan edi. Mana shu vaqtda O`zbekistonda amaldorlar bu vaziyatga hech qanday munosabat bildirmagan. Aksincha, blogerlar bu vaziyatga turli xil fikrlar bildirgan edi.

Aynan mana shu vaziyat nimaga bu tarzda o`tganligini siyosiy jihatdan sharhlashi uchun Rost24.uz muxbiri siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

Lukashenko 2 marta O`zbekistonga nisbatan tahdidona so`zlarini aytdi. Lekin bunga nisbatan O`zbekiston amaldorlari hech qanday javob bermadi. Buni siz qanday baholaysiz? Aksincha bu vaziyatda ijtimoiy tarmoqlarda bloger va jurnalistlarning fikrlarini ko`rdik. O`zbekiston rasmiylari blogerlar orqali javob bermoqdami? Yoki siyosatda shunday usul ham bormi? Nima deysiz bunga?

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bu savolga quyidagicha javob berdi:

«Birinchi marta Lukashenko O`zbekiston xulosa chiqarishi kerak deganda, bizning hokimiyatimiz bir hafta o`tganidan keyin ohistakorlik bilan ism familiyasini aytmasdan munosabat bildirdi. Endi savolingizga javob beraman, bu erda geosiyosiy kontekst mavjud. Sababi O`zbekiston hokimiyati xulosa qilyaptiki, Lukashenkoning bu gaplari orqasida rasmiy Kreml - Moskva yoki Putin turibdi degan. Shuning uchun rasmiy Toshkent, O`zbekiston Rossiya bilan yoki rasmiy Moskva bilan to`qnashmasligi uchun ichkarida shakllangan va keyingi 5 yilda yig`ilib qolgan sovuq munosabatlarni rasmiylashtirmaslik maqsadida bu narsaga alohida urg`u bermayapti.

Qanday sovuq munosabatlar? Rossiya kutgan ediki, biz Evrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kiramiz va ma`lum bir muddatdan keyin Rossiya ikkinchi qadamni tashlab, O`zbekistonni KXShTga a`zo qilish niyati bor edi. Bu ikkala loyiha Rossiyaning strategik loyihalari. Ya`ni bu loyihalar orqali O`zbekistonni geostrategik nazorat qilish, ya`ni butun bir mintaqani nazorat qilish maqsadi qo`yilgan edi.

Demak, 2016 yilga qadar O`zbekiston bilan Rossiya geosiyosiy darajada anchagina ochiq edi. Buni sababi 1999 yil oliy hokimiyatni topshirayotgan Elsin Karimov munosabatlari Putin Karimov munosabatlariga ko`chib o`tdi. Lekin, Karimov vafot etganda 2016 yilda Putin juda katta postsovet dunyo darajasidagi katta monstr edi. Oldingi munosabatlarni «Yangi O`zbekiston»da ikkinchi ma`muriyatda davom ettirish imkoniyatlari ancha cheklangan edi. Bugungi postsovet hududidagi, ayniqsa, Markaziy Osiyodagi Rossiyaning tashabbuslariga, Rossiyaning u yoki bu provokasion chiqishlariga asosiy munosabat bu ehtiyotkorlik. Ya`ni, agar O`zbekiston jizzakilik bilan siyosiy idealizmdan kelib chiqib munosabat bildiradigan bo`lsa, yashirinib yotgan munosabatlar rasmiylashib boshlaydi. Natijada xuddi Gruziya,  Ukraina bilan yoki umuman boshqa mamlakatlar bilan bo`lgan sovuq munosabatlar O`zbekistonga tushib qolishi mumkin, degan xavotir mavjud».

«Sizningcha, bu to`g`ri yo`l bo`ldimi» degan savolga Kamoliddin Rabbimov bu to`g`ri yo`l deya ta`kidladi.

«Mening nazarimda bu to`g`ri yo`l. Siyosatshunos sifatida bugungi Putinning shaxsiyati va uning xalqaro darajadagi ancha marginallashgan holatlarini, tajovuzkorligini inobatga olinganda, siyosiy nuqtai nazardan to`g`ri. Lekin, masalaning huquqiy va diplomatik tomoni ham bor. Ya`ni ayni vaqtda uchta vazifani qondirib javob berish anchagina cheklangan edi».

Buni qo`rqoqlikka ham yo`yish mumkinmi, qaysidir ma`noda?

«Yo`q, mening nazarimda qo`rqoqlik emas. Chunki siyosat bu shunday murakkab fenomenki, uni oldindan qonun-qoidasi to`laqonli yozilgan bo`lmaydi. Ya`ni, O`zbekistonning geosiyosiy mustaqilligini saqlash vazifasi qo`yilganmi, geosiyosiy masofa saqlash vazifasi qo`yilganmi, demak mana bunga etishish uchun o`sha idealizmga berilmaslik, realizm bilan ehtiyotkorlik bilan va ba`zan pauzalar bilan javob berish maqsadga muvofiq bo`ladi deb, o`ylayman men»,- deya so`zini yakunladi siyosatshunos.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
19.02.2022 14:14
Вазминлик яхши'тугри