Buyuk Britaniyaning mashhur «The Independent» internet-nashri 2022 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar o`ntaligini e`lon qilgan, reyting sayohatchilarning tavsiyalari asosida tuzilgan bo`lib, bu ro`yxatga Normand orollari, Shimoliy Irlandiya, Kanada, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Misr, Butan va O`zbekiston kiritilgan edi.
Sayohatchilar oqimidan katta daromad ko`radigan ushbu davlatlar reytingida O`zbekistonni ham ko`rish quvonarli albatta. Ammo biz katta ko`lamdagi sayohatchilarni qabul qilishga tayyormizmi? Sayohatchilar chindan ham O`zbekistonga sayohat qilishni tanlashadimi?
Yuqorida keltirilgan maqolada muharrir Xelen Koffi O`zbekistonga alohida e`tibor qaratib, mamlakat Ipak yo`lining markazida joylashganini, O`zbekiston bir necha yil avval Buyuk Britaniya pasporti egalari uchun viza talabini bekor qilgani va Britaniya fuqarolari mamlakatda 30 kungacha vizasiz qolishi mumkinligi ta`kidlagan.
Shuningdek, maqolada O`zbekistonga borishni rejalashtirgan sayohatchilarga 2022 yilda o`tkaziladigan xalqaro festival va boshqa yirik madaniy tadbirlar ro`yxati berilgan.
Ammo, shu paytgacha tashrif buyurgan ko`plab sayyohlarning O`zbekistondagi notekis yo`llar, pulli hojatxonalar yoki umuman topilmaydigan, topilsa ham talabga javob bermaydigan hojatxonalar haqidagi e`tirozlariga qaramasdan, ularni hal qilish yuzasidan hamon jiddiy qadamlar qo`yilmadi.
Jumladan, sayyohlarni jalb etuvchi ijtimoiy roliklar suratga olish, namoyish qilish, targ`ibot masalasi ham ko`ngildagidek emas. Ijtimoiy tarmoqlarda xorijliklarning ko`p hollarda O`zbekiston haqida deyarli tasavvurga ega emasliklariga duch kelamiz, buning asosiy sababi nimada?
Xorijlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini O`zbekiston haqidagi ba`zi fikrlarini eshitsangiz, bizda turizm rivojiga to`siq bo`layotgan qanday muammolar borligi yaqqol namoyon bo`ladi.
- O`zbekiston haqida faqatgina bundan ikki yil oldin, universitetda o`zbek talabasidan eshitganman. Eshitishimcha, O`zbekiston yozda juda issiq, qishda juda sovuq mamlakat ekan. To`g`risi, bundan keyin ushbu mamlakat haqida hech qanday ma`lumotlarga ko`zim tushmadi. Shuning uchun ham u erga sayohat qilishni hali o`ylab ko`rmagan ekanman, - deydi 30 yoshlardagi Britaniya fuqarosi bo`lgan Muhammad Imran.
-Bundan ikki yilcha oldin, Xitoyga ish bo`yicha sayohat qilishimga to`g`ri kelgan edi. Imkoniyatdan foydalanib Buyuk Ipak yo`li mamlakatlaridan biri -O`zbekistonga sayohat qilish istagi tug`ildi. Viza olish jarayonlarini o`rganib chiqqanimdan keyin bormaslikka qaror qildim,-deydi norvegiyalik 50 yoshlik Mehmet.
- Sayohatchilarga tavsiyam, O`zbekistonga qovug`ingizni kengroq qilib keling - jamoatchilik uchun qurilgan hojatxonalar dunyodagi eng yomoni bo`lib, pashsha va chivinlarga to`lgan. Ular qurilgan kunidan beri tozalanmagan ko`rinadi, - Mixal Danziger, sayyoh va rejissyor.
2018 yilda Shvesiyaning Danfo shirkatiga O`zbekistonda jamoat hojatxonalari tizimini tashkil etish taklif qilingan edi, 2021 yilda esa Singapurda joylashgan "World Toilet Organization" - WTO (Butunjahon hojatxona tashkiloti) O`zbekistonda sammit o`tkazishni taklif qildi.
Ammo, bildirilayotgan turli e`tirozlar, sayyohlarning turli hududlarda hojatxonalar topilmasligi haqidagi fikrlari, yoki «Hojatxona ham pulli bo`ladimi?»degan hayratlariga, hukumatning turizmni rivojlantirish, sayyohlarni ko`proq jalb qilish haqidagi ko`plab qaror va farmonlariga qaramasdan, bu boradagi aytarli biror o`zgarishlarga duch kelmadik.
Turizm va sport vazirligi O`zbekistonda 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab talab darajasidagi sanitariya-gigiena xonalari bo`lmagan yoqilg`i va gaz quyish shoxobchalarining faoliyat ko`rsatishiga yo`l qo`ymasligi e`lon qilgan edi. Lekin, ularni talabga javob berish-bermasligi o`rganilmadi shekilli, biron hisobotlarda aks etmadi.
2018 yilda O`zbekiston bo`ylab avtonom hojatxonalar o`rnatilayotgani tahorat xonalari, imkoniyati cheklanganlar uchun alohida xonalar bo`lishi haqida loyiha taqdim etilgandi. Uning natijalarini ham bilmaymiz.
Mutasaddilar O`zbekistonda turizmni rivojlantirish, sayyohlar uchun qulay imkoniyatlar yaratish va shu asosda yanada ko`proq sayyohlarni jalb qilishga muammo sifatida qarayotganiga ishonch bildirgan holda, qandaydir harakat qilish uchun alohida puxta tayyorgarlik ko`rilayotganiga umid qilamiz.