Hurmatli Zoir Mirzaev, siyosat siz o`ylagandek «trali-vali» emas!

15.02.2022 08:44

Qashqadaryoda ko`pkari o`ynab, maqom kuylagan hokim - Zoir Mirzaev Toshkent viloyatida aholini gulxan atrofida yig`di. Siyosatni ya`ni hokimlikni xalq o`yinlariyu, qo`shiqlari bilan qorishtirib yuborgan hokim asli vazifasini qanday uddalamoqda?

Toshkent viloyati hokimligiga hududdagi muammoga echim izlab borsangiz, qabulga yozilish deyarli imkonsiz. Gulxan atrofiga aholini yiqqan Zoir Mirzaev muammo yuzasidan hokimlik eshigiga bosh urib borganlarga osonlikcha vaqt ajratavermaydi. Ammo, chekka qishloqdagi kam ta`minlangan oila xonadonida tunab qolish uning qo`lidan keladi.

Bugun hokimlarga ommaviy axborot vositalarida ish qilayotgandek ko`rinishning o`zi kifoya. Qaysidir qishloqning, qaysidir xonadonida hokim mehmon bo`lib tunab qolgani bilan nima o`zgaradi? Yoki hokimning qo`lida viloyat infratuzilmasini rivojlantirish va hududdagi tadbirkorlikni qo`llab quvvatlash hamda kambag`allikni qisqartirish bo`yicha boshqa amaliy qo`llanma yo`qmi?

Zoir Mirzaev Qashqadaryo viloyatida hokimlik qilganda u haqida ommaviy axborot vositalarida bir qancha piar maqolalar tarqaldi. Ammo, amalda Qashqadaryo qaddini bukayotgan qator muammolar bilan qolib ketdi.

Ishsizlik darajasi eng yuqori ko`rsatkichi Qashqadaryoda bo`lib (9,4 foiz), qashqadaryolik yoshlarning 26 mingdan ortig`i ishsiz hisoblanadi;

Noto`g`ri sug`orish oqibatida erlarning 45 foizi sho`rlangan;

aholining atigi 50 foizi ichimlik suvi bilan ta`minlangan;

viloyatning 88 maktabida «smena» ko`rsatkichi yuqori, bir nechta maktab filiali binosi paxsadan qurilgan;

sog`liqni saqlash tizimida ham 1000 dan ortiq shifokorlar etishmasligi tahlil qilingan;

Toshkent viloyatidagi kamchiliklar ham Qashqadaryodan qolishmaydi. Zoir Mirzaev piar kuchi bilan yana yuqoriga parvoz qilsa, Toshkent viloyati ham yana o`zining sodiq muammolari bilan yashayveradimi?

Shu kungacha turli ommaviy axborot vositalarida yoritilgan hatto, senatorlar ham yangi hashamatli binosidan chiqib o`rgangan ob`ekt - Nazarbek qishlog`i aholisi hamon bog`cha va maktabsiz qiynalmoqda. Ular echim izlab kunda Zoir Mirzaev qabuliga qatnab keladi.

Shu bilan birga Zangiota tumani, Eshonguzar MFY hududidagi qurilishi tugallanmayotgan bolalar sport maydonchasi ham echimini kutmoqda.

Toshkent viloyati Respublikadagi eng havosi ifloslangan hududlardan hisoblanadi. Viloyatda buni o`zgartirish uchun biron konsepsiya taklif etildimi?

Tahririyatimizga ham Toshkent viloyati aholisi tomonidan kunda murojaatlar kelib tushadi. Viloyatda o`z echimini kutayotgan muammolar talaygina. Viloyat Toshkent shahriga tutash bo`lishiga qaramay poytaxtdan tubdan farq qiladi. Rivojlanishda, infratuzilmada poytaxtdan anchagina ortda qolgan. Elektr, suv, gaz ta`minotidagi uzilishlar hudud aholisiga begona emas. Bugungacha Zoir Mirzaevning Toshkent viloyatini qaddini rostlash bo`yicha bironta yirik tashabbusini ko`rmadik. Ommaviy axborot vositalari va blogerlar sahifasidagi piar esa afsuski, viloyatdagi vaziyatni o`nglab berolmaydi

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
26
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
22.02.2022 03:25
Мақолани сарлавхаси вахимали чиққан лекин ичи бўм бўш. Танқид яхши, лекин ўринли бўлиши керак. Вилоятда муаии
17.02.2022 13:51
Qaqiqat bu
17.02.2022 01:11
Туппа тугри
16.02.2022 21:43
Аввало, кўпкари ўйнаш ва мақом куйлаш ҳамманинг қўлидан ҳам, кўнглидан ҳам келадиган иш эмас. Қолаверса, кўпкари ўйнаш ва мақом куйлаш “трали вали” эмас. Бу биринчидан. Иккинчидан, вилоят ҳокими Зоир Мирзаевнинг фаолиятини кузатиш билангина унинг шахс, раҳбар ва инсон сифатидаги моҳиятига бахо бериш кифоя қилмайди. Агар бу инсон билан мавридини топиб суҳбатлашган киши унинг дунёқарашига, билимига, улуғ аждодларимиз мероси ва халқимиз тарихини билишига шубҳа қилмайди, деб ўйлайман. Учинчидан, тўғри, вилоятга ҳоким бўлиб келганига хали кўп бўлмаган бўлса-да, мавжуд муаммоларнинг ечимини талаб қилишга хақлимиз. Бироқ, муаммони ўрганиш, таҳлил қилиш, муаммони ичида “яшаш” ҳам ечимни осонлаштиришга хизмат қилишини тўғри англашимиз керак. Тўртинчидан, вилоят ҳокимининг чекка қишлоқдаги кам таъминланган оила хонадонида тунаб қолиш унинг қўлидан келса нимаси ёмон?! Буни ҳокимларнинг “иш қилаётгандек” деб тушунишнинг ўзи бироз ғалати. Хабарда келтирилган Тошкент вилоятининг шароити, имкониятлари ва салоҳияти билан боғлиқ айрим маълумотлар илмий асосга эга эмас. Хусусан, хабардаги “Тошкент вилояти Республикадаги энг ҳавоси ифлосланган ҳудудлардан ҳисобланади” дейилиши муболағали. Умуман айтганда, ишлаётган одамнинг ишига биртомонлама бахо бериш, ўша ишнинг самарали якунланиши учун икки карра ортга кетишга шароит яратади.