Dars soatlarini ko`chirish yaxshi, lekin bunga imkoniyat yo`q, janob Qodirov!
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov kutilmagan taklifni aytdi. Uningcha, yo`l tirbandligini kamaytirish uchun oliy ta`lim muassasalaridagi darslarni boshlanish vaqtini ko`chirish kerak.
Oliygohlar holati bu aytilayotgan taklifga javob bera oladimi, aslida..?
Yo`llardagi tirbandliklar faqat shu omilga bog`liqmi?
Kuni kecha Prezident rahbarligida o`tkazilgan, yo`llarda xavfsizlikni ta`minlash masalasiga bag`ishlangan yig`ilishda ishtirok etgan Alisher Qodirov bir yilda 9 mingta avariya, 3 mingga yaqin o`lim sodir bo`layotgani, shundan 600 ga yaqini bolalar ekanligini eslatarkan, bu holatni fojia deb atadi. Shuningdek, u jazo muqarrarligi va qonun ustuvorligini ta`minlash kerakligiga e`tibor qaratgan.
Jamoat transporti sifatsiz ekanligini qayd etgan Qodirov, bu tirbandliklar bilan bog`liqligi va tirbandlikni keltirib chiqarayotgan oqimning katta qismi talabalar ekanligini aytib o`tgan.
«Nima uchun davlat xizmatida ish boshlash vaqtini 8:30, oliygohlarda ӯqish boshlash vaqtini 10:00 ga belgilash mumkin emas? Osmon uzilib erga tushmaydi, lekin jamoat transportiga ham, avtoyo`llarga ham bosim jiddiy kamayadi», degan u.
Ayni shu fikrlar keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo`ldi.
Oliy ta`lim muassasalari uch smenada o`qiydi, auditoriya muammosini kim hal etadi?
O`tgan yillarda talabalar soni bir necha barobar oshdi. Auditoriyalar soni esa u bilan mutanosib tarzda qo`shilgani yo`q. Shu sababli ikki-uch smenada darslar tashkil etilyapti. Qolaversa, kechki va sirtqi ta`lim ham binolarga qo`shimcha talabni yuzaga keltirdi. Auditoriya bilan ta`minlanib qo`yilsa, keyin dars boshlanish soati haqida gapirilsa to`g`ri bo'lar edi. Ikki va uch smenali ӯqish tizimida darslarning 10:00 da boshlanishi hali orzu qilinadigan reja. Buning uchun tizim o'zgarishi kerak, albatta...
O`zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti dekani Amrillo Karimov taklif bo`yicha fikr bildirarkan, hozirda o`zi darslar turli vaqtlarda boshlanishini qayd etdi:
- «Bunda tirbandlik kamayishi mumkindir. Ammo, ayni paytda bir qancha oliy ta`lim muassasalarida o`qish birinchi, ikkinchi va kechki smenada tashkil etilgan. Bu taklif an`anaviy ta`lim sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Undan tashqari, hozir ham OTMlarda darslar turli paytda 08:00, 08:30, 09:00 da boshlanadi», dedi Amrillo Karimov.
Dars boshlanishini o`zgartirish talabalarning moliyaviy ahvoliga juda yomon ta`sir qiladi
Tadbirkor, asaxiy.uz internet do`koni asoschisi ham bu xato qaror bo`lishini ta`kidlagan:
- «Chunki, minglab talabalar darsdan tashqari ishlaydi ham. Aholining moliyaviy tomondan eng qiynalgan qismi talabalar ekanligini hisobga olsak, dars boshlanishini o`zgartirish talabalarning moliyaviy ahvoliga juda yomon ta`sir qiladi.
Dars 10-00da boshlansa, kamida 15-00da tugaydi. Bu holatda talaba 15-00dan keyingina ishga chiqib biladi. Ish beruvchilar o`z-o`zidan talabani ishga olmaslikka harakat qilishadi. Grafik to`g`ri kelmaganligi uchun hozirgilarining ham ko`pi ishidan ayriladi.
Ikkinchi taklif bo`lsa, davlat sektorida ish kunini 08-30dan ya`ni ertaroq boshlash taklifi bo`libdi. Bu ham menimcha noto`g`ri qaror. Aksar davlat organlarida ish kunining oxiri qonunchilik bo`yicha emas, rahbarning xohishiga qarab belgilanadi. Ko`pchilik ishdan keyin ushlab qolinadi. Kechki majlislar muammosi alohida masala. O`zi shundoq ham kech qolib ishlaydigan xodimlarni ertalab yanada erta kelishga majburlash vaziyatni yomonlashtiradi deb o`ylayman»,- deydi Allaev.
Eslatib o`tamiz, 2021 yil boshida Shavkat Mirziyoev talabalar uylarini ko`paytirish bo`yicha topshiriq bergan edi. O`zbekistondagi 129 ta OTMda 500 ming nafar talaba tahsil olishi, lekin ular etarlicha yotoqxonalar bilan ta`minlanmagani va Toshkentda 13 foiz talabalar yashash joyi bilan qamrab olingani ta`kidlangan edi. Demak, universitet yonidagi yotoqxonada turish imkoniga ega bo`lmagan 87 % yoshlar shahar ichida uzoqdan o`qishga qatnashga majbur. Vaqtlarni o`zgartirishgina emas, shu kabi boshqa muammolarni ham tezroq hal etilishini deputatlarimiz kun tartibiga tez-tez qo`yib turadi degan umiddamiz.