YoXUD ochiq ko`rinib turgan Komil Allamjonovning monopol tizimini qaysi vijdon bilan oqlash mumkin?
BESh DAQIQALIK ShAXSIY FIKR
Xorijning Oksford yoki Prinston universitetlarida o`qib kelmaydimi lobbistlar oldida kuchsiz bo`lsa, u vazirdan naf yo`q ekan. Bu fikrni vaqtinchalik monopoliya o`rnatayotgan «YaIM» markazini monopoliya emasligiga ishontiririshga urinayotgan adliya vaziri Ruslanbek Davletovga hech qanday aloqasi yo`q.
Biz birgina xususiy tadbirkor imkoniyati darajasi ko`zlab qabul qilingan qarorlarning ortida monopoliya maqsadlari borligiga ishonmaymiz. Bu vazir aytganlaridek, konspirologiya xolos.
Kulging keladi...
Kim bo`ri, kim it?
Qadimda bo`rilar to`dasi bo`lgan ekan. Ularning kun ko`rishi kun sayin og`irlashib ketaveribdi. Shunda ayrim bo`rilar odamlar oyog`ini yalab, dumini likillatib, odamlar bergan suyakka qorin to`yg`azadigan bo`libdi. Bu ishni bo`rilar to`dasi oqlamapti va suyak ilinjida odamlar oyog`ini yalagan bo`rilar it bo`lsin, debdi. Shu-shu bo`rilar to`dasi it va mag`rur bo`rilarga ajralib ketgan ekan. Bu bir afsona, ammo siz afsona-yu, asotirlar bekorga to`qilmasligini ham bilasiz.
Bugun huquqshunos-blogerlarning orasida ham bo`rilari va yuqoridagi odamlar oyog`ini yalab kun ko`radiganlari bor. O`zini xalqparvar ko`rsatgan bitta yarimta huquqshunos-bloger suyangan odamlarining manfaati turganda qorani ham oq deyaveradi. Birgina tadbirkor imkoniyati darajasida lisenziya talablarini ishlab chiqish har qanday davlatda, jamiyatda ochiq va vaqtinchalik monopoliya, deyiladi.
Bu haqida savol so`raganimizda miyig`ida kulib o`tirgan va savodsizlikka yo`ygan dono huquqshunos-blogerning ham aqli bu monopoliya ekaniga balodek etadi. Ammo, buni monopoliya ekanini tan olish uchun bo`ri bo`lish kerak .. emas. Bugungi anjumandagi vazirga va anchagina kuzatuvchilari bo`lgan blogerga bu rivoyatning umuman aloqasi yo`q. Ishoning siz haq gapni aytyapsiz «YaIM» monopoliya o`rnatmagan, siz to`g`ri aytyapsiz, siz vijdoningiz oldida top-tozasiz.
Odamlar nega qoidani buzadi?
Davlat xizmatlari agentligi guvohnoma berishni tashkillashtirishini so`raganimda biron savodsizlikni ko`rmadim. Men AQShda bo`lgan vaqtimda ehtiyoj tufayli haydovchilik guvohnomasini olishimga to`g`ri kelgan. Shunda o`zimizning Davlat xizmatlari agentligiga o`xshagan davlat agentligiga borib ikki bosqichli imtihon topshirganman. Bunga birgina kompyuter va instruktor kerak bo`lgan. Imtihon vaqti onlayn instruktorning bo`sh vaqtiga qarab kelishilgan. Birinchi bosqichdan o`tganimni kompyuter tasdiqlagan, ikkinchisini instruktor. Hech qanday innovasion echim kerak bo`lmagan. Men yashagan shtatda (guvohnoma olish tartibi turli shtatlarda turlicha) ana shunday oddiy qoida asosida qancha haydovchilar guvohnoma olib mashina haydab yuripti. AQSh ko`chalarida ortiqcha qonunbuzarlikka ko`zim tushmagan. Aksincha, o`ta tartibliligi meni hayratlantirgan.
Odamlar nega qoidalarni buzadi? Nega qonunlarga bepisand bo`ladi? Qachonki yuqoridagilar ham qonunni mensimay qo`yganda shunday bo`ladi. Qachonki yuqoridagilar qonunlarni o`zlarining manfaatlari yo`llarida, o`zlariga to`g`irlab olganlarida quyida aholi tomonidan qonunchilikka bepisand yondoshuv paydo bo`ladi. Bugun, “Avtotest”ning yangi monopol qiyofasini yaratish ham aholida qonunlarga nisbatan bepisandlik, hukumatga nisbatan ishonchsizlikni uyg`otadi. Monopollarning yonini olayotgan huquqshunos va vazirlar siz vijdoningiz oldida top-tozasiz.
Ochiq monopoliya nima?
Monopoliya o`rnatib katta daromad ko`rish mumkin. Biroq huquqiy demokratik davlatlarda monopoliya o`rnatishga yo`l qo`yilmaydi. Shunga qaramay monopoliya yaratishning yana bir qancha usullari bo`lib, bu ayrim davlat tashkilotlariga “Mana bizda monopoliya yo`q, boshqalarga ham imkon berganmiz ”, deya iddao qilishlariga yo`l ochib beradi.
Misol uchun, monopoliyaning ochiq ko`rinishi bor. Ya`ni, bunda qaysidir biznes bilan shug`ullanish birgina tadbirkorga biriktirilmaydi. O`sha biznes bilan shug`ullanish barcha tadbirkorlik sub`ektlariga mumkin bo`ladi. Biroq, ana shu biznes bilan shug`ullanuvchilarga katta investisiya talab qiluvchi, yangi innovasion texnologiyalar asosida ish yuritish talabi va faqatgina shu ko`zlangan “monopol” bajara oladigan talablar qo`yiladi. Bu talabga esa albatta, shu "kimsa", ya`ni hukumatga yaqin bo`lgan qaysidir shaxsning tadbirkorlik sub`ekti javob beradi. Boshqalar esa vaqtincha imkonsiz.
Bu ochiq monopoliya turida asosan vaqtincha yirik investisiya olib kirgan tadbirkorlar daromad ko`rishga ulgiradi. Boshqalar ham o`sha kompaniya kabi talablarga javob berish darajasiga chiqqunlaricha, qarorlar bilan faoliyat turi mustahkamlangan tadbirkor bozorda yagona daromadchi bo`lib qolaveradi. Mana shu monopoliyaning bizga ko`rinmay turgan yana bir qiyofasi.
Bu vaziyat shu kunlarda Toshkentda faoliyat turini boshlagan “Yagona imtihon markazi”ni yodga soladi. Komil Allamjonovga tegishli ekani bir nechta jurnalistlar tomonidan aytilgan bu yangi qiyofadagi monopol “firma”ga hozircha birorta raqobatchi yo`q. Faqat shu hukumat qo`ygan talablarni shu firma bajara oladi, xolos. Boshqasi emas. Chunki, talablar faqat shu "Allamjonov firmasi"ni ko`zlab yozilgandek, go`yo. Qolganini o`zingiz xulosa qiling.
Ammo, mutaxassislar boshqa fikrda. Xususan, O`zbekiston Respublikasi Adliya vaziri “Yagona imtihon markazi”ni monopol deb hisoblamaydi. Bu kabi savol beradiganlarni esa qaysidir dono huquqshunos-bloger bilimsizlik, deb baholaydi. Xavotirlanmang, siz haqsiz, “YaIM” monopol emas. Siz vijdoningiz oldida top-tozasiz.
Burgut parvozingizda davom eting, xalq hammasiga chidab ketaveradi. Ammo unutmang, shu jafokash xalqning ustidan kulganlar, uning xaqini eganlar barchasiga javob beradigan kun ham kelib qolar...