So`ngi kunlarda shu mazmundagi videodars barcha ijtimoiy tarmoqlarni portlatib yubordi va keng muhokamalarga, ba`zi erkaklarning g`azabiga sabab bo`ldi.
Rost24.uz sayti shu videodars muallifi psixolog Nargiza Sattorovadan eksklyuziv intervyu oldi.
- Psixolog rostdan ham bugun ayollarga erkaklar kerak emas, deb hisoblaydimi?
- Uning ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga, tanqid va qo`pol so`zlarga munosabati qanday?
- Bugun o`zbek oilalarida, jamiyatda ayol kishining o`rni hisobotlarda aytilayotgandek ortayaptimi?
Psixologga ayollar asosan qanday muammolar bilan shikoyat qilishadi?
Psixolog Nargiza Sattorova bilan suhbatda bu savollarga javob berilgan:
4-5 minutlik suhbatdan xulosa qilishdi
“Ming afsuski, ko`plab insonlar qisqa, konteksdan uzilgan 4-5 minutlik suxbatdan bilib-bilmay xulosa chiqarishdi. O`zi bu ommaga shov-shuv uchun chiqarilmagan edi, bu piar emasdi. Shunchaki ochiq muloqotdan lavha edi”,- deya vaziyatni izohladi Nargiza Sattorova.
Uning aytishicha har bir inson birinchi bilib-ko`rib, uning YOUTUBE sahifasidagi to`liq videosini tomosha qilib, keyin xulosa chiqargani maqul. U o`zidan ko`ra bilimi kuchlilar, undan tajribasi ko`plar borligini yaxshi bilishini va ularning tanqidlarini qabul qilishga tayyorligini aytdi. Ammo u adashgan taqdirda ham unga tanbeh berish, faoliyatiga fikr bildirish, shaxsiyatiga tegish va yoki fikr-mulohaza bildirishning ham boshqa usullari borligini eslatarkan, agar ular uning o`ziga shu gaplarni aytishganida eng to`g`ri yo`lni tutgan bo`lardilar, deb hisoblaydi.
Psixolog uni haqorat qilganlarni sudga berishi mumkinmi?
Qonunchilikda bu masala aniq qilib ko`rsatib qo`yilgan. Konstitusiyamizda belgilanishicha, O`zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko`ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha`ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Psixolog, Nargiza Sattorova qonunchilikdagi normalarni shunchaki eslatib o`tdi. Lekin kimnidir sudga berish niyati borligini aytgani yo`q.
Uning aytishicha, tanqidga ham, etirozlarni eshitishga ham, o`zining kamchiliklarini tuzatishga ham tayyor. Lekin, munosabat bunday ko`rinishda bo`lishi kerak emas edi. Shunday bo`lsa-da, u inson his-hayajonga, reaksiyaga berilib ketganida o`zining ichki dunyosini ochib qo`yishini yaxshi bilishini, garchi uni haqoratlaganlar, tushunmay gaplarini boshqa mazmunga yo`yganlar ko`p bo`lsa-da ulardan minnatdor ekanligini malum qildi.
- Demak bu og`riqli, demak bu o`ylantirdi, bu nozik nuqta. Men ularning nozik nuqtasiga tegib qo`yganimni his qilyapman. Men ulardan minnatdorman. Men shuncha odamlarga qanday etib borardim? Bu ham yaxshilikka. Nega asosan erkaklar etiroz bildirdi? Chunki ular qo`rqishdi.
Xiyonat dolzarb mavzu!
- Juda ham ko`p hozirgi paytdagi dolzarb mavzu bu xiyonat, qo`shxotinlik, ayolning ko`chada bolalari bilan qolib ketishi, erta homiladorlik va hokazo. Meni ko`p yillar davomida ayol-erkak munosabati o`ylantiradi. 11 yillik tajribaga ega bo`lsam ham, shu sohada uzoq izlansam ham bu sohada fikr yuritishga jur`atim etmagan shu paytgacha. Nimaga? Chunki har bitta gapim asosli bo`lishi kerak. Men har bitta gapimga ilm-fan tomonidan, mentalitetimiz, sharqona tarbiya, o`zimizning madaniyatimiz kelib chiqib gapirishim kerak. Kitobdan olib gapirish oson hammaga. Lekin men yuqorida sanaganlarimning hammasini uyg`unlashtirolmaganman, shuning uchun kurs ocholmaganman.
U butun boshli video mazmuni haqida gapirar ekan, tinglovchilarini ritorik so`roqqa tutgani, har kim o`zi uchun qaror qabul qilishi kerakligi, har bir odam o`ziga shu savolni berishi kerakligini eslatdi. Lekin ayollarning, oilalarning muammolarini, ajrimlar soni ko`payotganini, o`zi ham hayotida ko`plab qiyinchiliklarni ko`rgani sababli fan nima deydi, din nima deydi, madaniyat nima deydi, ota-ona nima deydi, psixologiya nima deydi, mana shuni ham umumiylashtirib hali ham o`zi aniq javobga ega emasligi, o`zining ham hali malakasi etmasligini videoning boshidayoq aytgan.
“Ayolga erkak nimaga kerak?”. Savol nega berilgan edi?
- Men ayollarga shu savolni o`zinglarga beringlar, endi shu savolni beradigan vaqt keldi. To`xta, endi mana hozirgi zamonda ayol va erkakni nima ushlaydi, endi oilaning mustahkamligini nima taminlab beradi? Ayollar o`zini-o`zi taminlaydigan bo`lsa, yoki erkaklarda ham hozir shaxs sifatida o`zgarishlar kuzatilayotgan bo`lsa, endi bolalarimiz uchun, oilamiz uchun qulay sharoitlar yaratilayotgan bir paytda endi nima ushlaydi bizlarni, endi balki boshqacha narsalar kerakdir, endi o`zaro hurmat, sevgi, o`zaro ishonch-sadoqat, boshqa qadriyatlar endi yuzaga chiqishi kerakdir, degan manoda men savolni o`rtaga tashlagan edim.
Va o`sha videoda aytganmanki, hali javob bermayman degan edim o`sha videoda. Har biringiz savol bering o`zingizga, hech bo`lmasa o`ylanaylik shu mavzuda. Nimaga mening yaxshi oila deb uzatgan qizim uch oydan keyin qaytib keladi?
Nima uchun hozir erkaklar masuliyatsiz bo`lyapti?
Erkaklar oilasi bo`lmaganidan keyin nimaga aliment to`lashdan bosh tortyapti?
Nima sabab bo`ldi ajrashishga? Nimani unutib qo`ydik, balki ilm darajamizni oshirishimiz kerakdir, munosabatimizni o`zgartirishimiz kerakdir, degan manoda mana shu savolni o`rtaga tashlagan edim aslida.
Ayolning yaqinlari unga bildirilgan izohlarga qanday munosabat bildirishdi?
- Meni onam qo`llab-qo`vvatladi. Meni biladiganlar, do`stlarim, o`quvchilarim, kimlargadir yordam bergan bo`lsam, ular meni bilishadi-ki, qo`llab-quvvatlashdi, qaysi manoda fikr bildirganimni ular bilishadi.
Psixologning qo`shimcha qilishicha, uning qabuliga ayollar asosan erlarining xiyonatidan shikoyat qilib kelishadi.
Shuningdek Nargiza Sattorova bugun o`zbek jamiyatida ayol kishining o`rni qanday, degan savolga buni har bir kishi o`zi hal qilishini, kimdir uyida faqat ro`zg`or ishi bilan ovunishi va bundan mamnunligini, kimdir ham kar`erani, ham ishni, ham oilani baravar olib ketayotganidan baxtliligini ma`lum qildi.