«Xalq dushmani»ning xotini, Bosh prokuror yordamchisi qanday qiynoqlarga duchor bo`lgandi?

05.02.2022 09:16

O`zbekistonning birinchi ayol huquqshunosi, 24 yoshida O`zSSRning bosh prokuror yordamchisi bo`lgan Diloro Yusupova ham qatag`on ta`siridan chekkada qolmagan.  O`zA e`lon qilgan maqolada tarixchi olim Bahrom Irzaev O`zbekistonda zamonaviy yuridik bilimlarga asos solgan yoshlar – Diloro Yusupova va uning turmush o`rtog`i huquqshunos Muhammadjon Mo`minov haqida hikoya qildi:

O`rta Osiyo, XX asrning boshi, bir zamonlar jahon ilm-fani beshigi bo`lgan bu o`lkada ta`lim oqsagan davr. Ayniqsa, bu vaqtda qizlarning zamonaviy bilimlarni egallashiga hech qanday muassasalar mavjud emasdi. Mana shunday murakkab va murosasiz zamonda Diloro kabi ko`plab o`zbek qizlari mislsiz iroda ko`rsatdi. Ular bir nechta tillarni o`rgandi. Moskva, Boku, hatto Germaniyaning Berlin Drezden kabi yirik shaharlarida ilm oldi, vatanga qaytib, mamlakat taraqqiyotida muhim rol o`ynadi. Shunday qizlardan biri Diloro edi...

TA`QIB VA QUVG`INDAGI BOLALIK

O`zbekistonning birinchi ayol huquqshunosi, O`zSSR bosh prokurori yordamchisi Diloro Yusupova 1911 yil Buxoro shahrida dunyoga keladi. Uning otasi Sobirjon Yusupov «Yosh buxoroliklar» tashkilotining faol a`zolaridan bo`lib, rus tilini bilgani bois siyosiy harakatlarda faol qatnashgandi. Shu sabab Diloroning bolaligi otasining siyosiy qarashlari tufayli ta`qib va quvg`inlarda o`tdi.

Diloro 6 yoshligida onasi bilan Buxoro amirligi hududidan surgun etildi. Toshkentga kelgach ham avval chor oxrankasi ta`qibida, so`ng doimiy ravishda ChK ayg`oqchilaridan yashirinib yashashga majbur bo`ladi. Diloro onasi bilan hali u erda, hali bu erni makon tutib, kun kechirdi.

MURAKKAB DAVDA ILM YO`LIDA KURASh

Diloro Yusupova mana shunday qiyin sharoitda yosh bo`lishiga qaramay, ilm yo`lini tanladi. U 11 yoshida Buxoro Xalq Jumhuriyati tomonidan Moskvaga o`qishga yuborildi. U erda o`zining iqtidori, bilimga tashnaligi bilan 1924 yildayoq Moskvadagi o`zbek talabalari orasida tanildi. 1926 yil maktabni a`lo baholarga tugatib, O`zbekistonga qaytdi.

PROKURATURAGA YO`L

U Toshkentda komsomolining okrug qo`mitasida ishlash barobarida O`rta Osiyo davlat universitetining sud bo`limiga o`qishga kirdi. Aspiranturaga tayyorlanadi. Sovet huquqi ilmiy-tekshirish institutiga o`qidi. Shundan so`ng bitirish imtihonlarini topshirgach, yo`llanma bilan O`zbekiston Respublikasi Prokuraturasiga ishga yuborildi. Sinov muddatidan so`ng u 1925 yil 24 yoshida O`zbekiston Respublikasi prokurori yordamchisi lavozimiga tayinlandi.

O`ZBEKISTONDA YuRIDIK BILIMLARGA ASOS SOLINIShI

Diloro Yusupova Moskvadagi o`qishda tanishgan, O`zSSR Oliy sudi sudyasi bo`lgan namanganlik Muhammadjon Mo`minov bilan turmush qurdi. Muhammadjon Mo`minov O`zbekistonda yuridik bilimlarning shakllanishiga asos solgan yosh huquqshunos edi. U Samarqandda O`zbekiston Oliy sudi kollegiyasi a`zosi, 1931-1935 yillarda sud tizimidagi qator muhim lavozimlarda faoliyat olib boradi. Keyinroq uning tashabbusi bilan shu institut bazasida O`zbekistondagi birinchi yuridik institut paydo bo`ldi. Uning g`ayrat-shijoati tufayli qisqa vaqtda ko`plab yuridik lug`atlar, jurnallar, kitoblar chiqarildi. Ayniqsa, Muhammadjonning 1932 yil «Na fronte teorii gosudarstva i prava» kitobi nashrdan chiqishi katta shov-shuvga sabab bo`ldi.

DAHShATLI QIYNOQ, TIRIK MURDAGA AYLANGAN HUQUQShUNOS

Yosh oila baxtdan sarmast edi. Ishdagi ziddiyatlar, hasadgo`y, kimsalarning bo`htonlariga qaramay, ular har kuni yangi-yangi g`oyalar, yangi asarlar ustida bahslashardi. Ularning bag`rida o`g`li Marat va Surayyo ulg`ayadi...

Biroq, 1937 yil 29 mart tunida baxtli yosh oilaning eshigini noma`lum nusxalar taqqilatdi. Orderni ko`rsatib, oila a`zolarini devorga turg`azib qo`ygan holda tonggacha nimalarnidir qidirishdi. Ertalabga yaqin barcha narsalarni xatlab, Muhammadjon Mo`minovni olib ketishdi. O`shanda Muhammadjon O`zSSR Adliya komissarligining aholiga yuridik yordam va sud himoya bo`limi boshlig`i, Diloro Yusupova esa O`zSSR Bosh prokurori yordamchisi edi.

Bir kunda xonumonidan ayrilgan Diloro avvaliga hech narsani tushunmadi. Bu hodisani dastlab, erining ortidan tez-tez bo`lib turadigan tuhmatlardan biridir deb o`yladi. Biroq, juda qiyin jarayonlardan so`ng berilgan ruxsat ortidan eri bilan uchrashgach, angladiki, bu gal vaziyat juda boshqacha. Bir necha kungi dahshatli qiynoqlardan so`ng Muhammadjon allaqachon o`limni bo`yniga olgan, "tirik murda"ga aylantirib tashlangan edi...

HAQIQAT UChUN KURASh

Diloro erining aybsizligini isbotlash uchun barcha choralarni qo`lladi. Moskvaga yashin suratda NKVDning amalga oshirayotgan bedodliklari haqida maxsus xat yo`lladi. Zudlik bilan maxfiy tarzda erining sobiq do`sti Davlat Rizaev bilan uchrashdi. Unga eri Muhammadjon Mo`minovga nisbatan amalga oshirilayotgan nohaqliklar haqida aytib, yuqori tashkilotlarni bundan xabardor qilishini so`radi. Afsuski, bu vaqtga kelib, na Moskvadan, na mahalliy hukumatdan hech qanday umid qolmagan edi...

«XALQ DUShMANI»NING XOTINI

Muhammadjon Mo`minovga «xalq dushmani» degan ayblovni qo`yishdi. Diloro esa «erining aksilinqilobiy faoliyatini yashirgan» deb hibsga olindi. Ularning 6 yoshli o`g`li Marat hamda 4 yosh qizi Surayyo "Bolalar uyi"ga yuborildi. Muttasil jismoniy qiynoq va shafqatsiz tahqirlar ostida o`tkazilgan so`roqlarda Diloro erining ham, o`zining ham aybi yo`qligini isbotladi. Biroq, 1938 yil 4 oktyabrida Muhammadjon Mo`minov "Moskvada bo`lgan namoyish rahbarlaridan biri" degan bo`hton bilan otib tashlanadi. Keyinchalik tergov vaqtida qo`llangan qiynoq va so`roqlar haqida hech qachon gapirmaslik sharti bilan Diloroni ozod etishdi. U qamoqdan qaytgach, farzandlarini bolalar uyidan oldi. Oddiy ishlarda ishladi va umrini farzandlarining tarbiyasiga bag`ishladi.

KURAShLARDA SINMAGAN ONA

Stalin vafotidan so`ng boshlangan «iliqlik davri»ning ilk kunlaridan Diloro Yusupova turmush o`rtog`i Muhammadjon Mo`minovning sha`ni uchun kurashdi, uning ishini qayta ko`rishlarini talab qildi. Diloroning erini oqlash yo`lidagi murosasiz kurashi besamar ketmadi va nihoyat, 1957 yilda Muhammadjon Mo`minov rasman oqlandi. Diloroning tarbiyasi bilan o`g`li Marat Mo`minov matematika fanlari doktori, professor bo`lib, ko`p yillar mamlakatimiz ilm-fani taraqqiyoti yo`lida zalvorli ishlarni amalga oshirdi. Qizi Surayyo Mo`minova esa Moskva medisina institutida o`qib ilm oldi.

Vafodor ayol, huquqshunos, matonatli ona bo`lgan Diloro Yusupovaning hayoti ko`p yillar kelajak avlod uchun ibrat maktabi bo`lib qoladi.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
03.09.2022 04:53
канча одамлар хакикат учун куршиб утиб кетишди
06.02.2022 23:46
Бу ифлос советлар халқимиз бошига не кунларни солмади. Ярамаслар!
05.02.2022 19:08
Хақиқатда зўр ёзилибдт
05.02.2022 15:21
1925 yil 24 yoshda emasku to'g'irlab qo'yinglar.