Ukraina atrofidagi ziddiyatlarga nazar: “Shimoliy oqim  2” gaz quvuri qanday loyiha?

03.02.2022 13:17

 Agar Rossiya eksportni qisqartirsa, Evropa gazni qaerdan olishi mumkin? Evropaga kim yordam beradi? Tomonlar kelisha oladimi? Vaziyat qanday kechmoqda?

 2014 yilda Putin Ukrainaning asosan rusiyzabon hududi bo`lgan Qrimni anneksiya qilgandan so`ng 2015 yilgi tinchlik kelishuvi demarkasiya chizig`ini belgilab berdi va har ikki tomonni yon berishga chaqirdi. Shundan so`ng frontda kichik darajadagi janglar davom etmoqda. Tomonlar nizolarda bir-birini ayblab keladi.

 Shu kunlarda Ukraina muammolari doirasida AQSh, Evropa Ittifoqi, Rossiya ziddiyatlari davom etar ekan, ularni muzokaraga chorlovchi nuqtalardan biri “Shimoliy oqim 2” gaz quvuridir.

Xo`sh, “Shimoliy oqim 2” gaz quvuri qanday loyiha?

 11 milliard dollarlik (8,3 milliard funt sterling) quvur liniyasi birinchi marta 2015 yilda e`lon qilingan. 2021 yilda Germaniya kansleri lavozimidan ketgan Angela Merkel 26 million germaniyaliklar xonadonini arzon yoqilg`i bilan ta`minlash va`dasi ortidan ushbu loyihani qo`llab-quvvatlagan edi. Ammo, u 2018 yilda buni “adolatli iqtisodiy loyiha” sifatida ko`rib chiqish mumkin emasligini, balki, Ukrainani tranzit mamlakat sifatida chetlab o`tib, uning yaxlitligiga tahdid soladigan siyosiy loyiha ekanligini tan oldi.

 Ushbu gaz quvuri Vladimir Putinga Germaniya va boshqa Evropa davlatlari ustidan ko`proq ta`sir ko`rsatishi mumkinligi haqidagi uzoq yillik qo`rquvlar Ukrainadagi qarama-qarshilik tufayli sezilarli darajada kuchaygan.

The Guardian nashrining yozishicha,  quvur loyihasi bo`yicha Evropa va AQSh o`z pozisiyasini mustahkamlamoqda.

 “Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, Rossiya va Germaniya o`rtasidagi “Shimoliy oqim 2” quvuri ochilmaydi”, deydi AQSh Davlat departamenti.

“Yangi tajovuz sodir bo`lgan taqdirda, bizda “Shimoliy oqim 2”ni o`z ichiga olgan keng ko`lamli javob choralari muhokama qilinishi mumkin”, degan Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok.

Rossiya eksporti 2010 yilda Evropaning jami gaz etkazib berish hajmining  30 foizini tashkil qilgan bo`lsa, 2021 yilning birinchi yarmida esa  45 foizdan oshgan. Rossiya har kuni Evropaga 230 million kub/metr gaz jo`natadi, uning uchdan bir qismi Ukraina orqali g`arbga o`tadi. Asosiy iste`molchilar Germaniya, Italiya, Fransiya va Avstriya hisoblanadi.

 Agar Rossiya eksportni qisqartirsa, Evropa gazni qaerdan olishi mumkin? Evropaga kim yordam beradi?

 Ukraina bilan urush tahdidi Evropada gaz tanqisligiga olib kelish havotirini kuchaytirdi. Oq uy rasmiylari bu hafta Bayden ma`muriyati yirik gaz ishlab chiqaruvchi mamlakatlarga tanker orqali suyultirilgan tabiiy gaz jo`natish bo`yicha kelishuvni yakunlashga tayyorligini yozadi The Guardian.

Muzokaralar dunyodagi eng yirik gaz ishlab chiqaruvchilardan biri va Avstraliyadan keyin  ikkinchi yirik suyultirilgan gaz eksport qiluvchi Qatarga qaratiladi. Qatar Yaqin Sharqda kuchli G`arbiy ittifoqchi hisoblanadi. Liviya ham kuchli gaz ishlab chiqarishi va qit`aga yaqinligi tufayli yordam bera oladi.

AQShning o`zi ham Evropaning gaz ta`minotini kuchaytirishda bevosita rol o`ynashi mumkin. Oxirgi oyda rekord miqdordagi gaz yuklari dengiz ortidan Evropaga yo`l olgan.

 Rossiya nima istaydi?

Rossiyaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Andrey Kelinning The Sunday Times gazetasiga bergan intervyusida “Rossiya Ukrainaga qarshi urush bo`lishini istamaydi, shu bilan birga keskinlik diplomatik yo`l bilan bartaraf etilishi kerak”, degan.

Rossiya urushni xohlaydimi degan savolga “Albatta, yo`q. Hamma bunga qarshi va biz bu masalani diplomatik yo`llar, muzokaralar yo`li bilan hal qilish mumkinligiga mutlaqo aminmiz”, - deb javob bergan.

Agar ukrainaliklar Donbass hududiga uzoqroq kiradigan bo`lsa, Rossiyaning javobi qanday bo`lishi haqida taxmin qilmasligini aytdi.

“Men ukrainaliklar Minsk kelishuvlarini bajarishini juda yoqlab chiqqan bo`lardim, chunki Minsk kelishuvlari u erdagi mojaroning yagona diplomatik va siyosiy echimidir”, -  degan diplomat.

Shuningdek, Rossiya Evropa Ittifoqining sharq tomon kengaymasligi, Ukraina alyansga qo`shilmasligi va o`z chegarasiga yaqin hududda yadroviy qurollar joylashtirilmasligini xohlaydi.

Rasmiy Kreml Ukraina Evropa Ittifoqining xavfsizligiga hissa qo`shmaydi deb hisoblaydi. Jumladan yakshanba kuni “ Ukraina NATOga a`zo davlat bo`lishga tayyor emas, bu alyansga hech qanday foydali narsa olib kelmaydi”, -  dedi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Birinchi kanalda. 

 Tomonlar kelisha oladimi? Vaziyat qanday kechmoqda?

 Reutersning yozishicha, Putin AQSh va NATOning Rossiya talablariga javobidan so`ng birinchi bo`lib Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan telefonda suhbatlashgan. “Asosiy savol e`tibordan chetda qoldi – Qo`shma Shtatlar va uning ittifoqchilari xavfsizlik yaxlitligi tamoyiliga qanday amal qilmoqchi... hech kim o`z xavfsizligini boshqa davlat xavfsizligi hisobiga mustahkamlamasligi kerak”, - degan savolni qo`ygan Putin.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, G`arb harbiy alyansi Ukraina chegarasi yaqinida allaqachon o`n minglab askarlari bor Rossiya harbiy mashg`ulotlar uchun Belarusga o`z qo`shinlari va qurollarini olib kirayotganini diqqat bilan kuzatmoqda.

2022 yil 19 yanvar kuni olingan sun`iy yo`ldosh tasvirida Elnya shahridagi rus qo`shinlari uchun chodirlar va turar joylar ko`rsatilgan.

Uning so`zlariga ko`ra, agar Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuzkor harakatlarni davom ettirsa, NATO Sharqiy Evropada o`z qo`shinlarini ko`paytirishga tayyor va Rossiya hujumi kiberhujum, davlat to`ntarishiga urinish yoki sabotaj kabi turli shakllarda bo`lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Ismi oshkor qilinmagan uch nafar AQSh rasmiylarning Reuters agentligiga aytishicha, Rossiyaning Ukraina yaqinidagi harbiy kuchlari qon ta`minoti va qurbonlarni davolashga imkon beradigan boshqa tibbiy materiallarni o`z ichiga olgan yuklarni qabul qilib olgan. Rossiya Mudofaa vazirligi izoh berish uchun yozma so`rovga darhol javob bermagan. 

Vladimir Zelenskiy Qo`shma Shtatlar va g`arbdagi hamkorlarining Rossiya tahdidini bo`rttirib ko`rsatayotgani va elchilarni olib chiqib ketayotganini tanqid qilgan. Politiso nashri Zelenskiyning “ Men Ukraina prezidentiman va men shu erda yashayman va bu erdagi tafsilotlarni yaxshiroq bilaman deb o`ylayman”, -  deya aytgan so`zlarini keltiradi.

Keskinlashuvlar davom etar ekan,  1 fevral kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson xavfsizlik masalalari va harbiy – texnik hamkorlikni muhokama qilish uchun  Kievga keldi. Unda Boris Jonson “ Rossiya bosqini “ bo`lgan taqdirda ukrainaliklar so`nggi tomchi qonlarigacha kurashishini va yangi sanksiyalar tayyorlab qo`yganini  ma`lum qilgan. Zelenskiyga ko`ra, Rossiyaning yangi hujumi hech qaerni ishg`ol etmaydi, balki, urush bo`ladi, fojia bo`ladi. Armiyani 100 mingga ko`paytirishini aytgan.

 

 Ukraina hududiy mudofaa kuchlari a`zolari, Qurolli kuchlarning ko`ngilli harbiy qismlari Kievda. So`nggi haftalarda o`nlab tinch aholi Ukraina armiyasi zaxiralariga qo`shilmoqda. 2022 yil, 22 yanvar. 

Vashington tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik kengashining Ukraina atrofidagi vaziyat bo`yicha yig`ilishi 18 fevral kuni bo`lib o`tadi. 10 ta davlat yig`ilish o`tkazish zaruratini qo`llab – quvvatladi. Rossiya va Xitoy qarshi. Uch davlat betaraf qolgan.

Ko`rinib turibdiki vaziyat jiddiyligicha qolmoqda. Dunyo hamjamiyati havotir bildirarkan echimni diplomatik yo`l bilan topishga undamoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
03.02.2022 19:52
Яхши тах,лил бýлибди