Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev senat raisini faqat vaziyatdan chiqish uchun ishontirganmidi? Vaziyatni joyiga borib o`rganishni va`da bergan senatorlar esa bolalari sevib boradigan G`afur G`ulom bog`idan ayrilgan xalqni shunchaki aldab qo`yishganmidi? Ular G`afur G`ulom bog`iga kelishmadimi?
“G`afur G`ulom" bog`i investorga berilgan. Bizga taqdim etgan loyihasi bo`yicha 2 yil davomida hech qanday daraxtga tegmasdan, plyaj zonalarini asl holicha qoldirish, uni rekonstruksiya qilish va qo`shimcha yangi attraksionlarni qo`yishi ko`rsatilgan. Lekin hozir tadbirkorimiz 1 yildan oshdi-ki, haligacha o`ziga qo`yilgan vazifalarini bajarmadi. Buni qayta ko`rib chiqamiz”.
O`tgan yilning 16-dekabrida palataning yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyevaning Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jayevga “G`afur G`ulom” bog`i xususida bergan savoliga shunday javob berilgan edi:
“Bir vaqtlar juda gavjum bo`lgan, avvaliga, shiddat bilan ish boshlab, so`ng shiddati pasayib qolgan “xorijiy investor”ning sharofati bilan hozirda kimsasiz, darvozasidan bo`y cho`zib qarasangiz uyum-uyum tuproqlar va o`nqir-cho`nqir chuqurliklar ko`rinadigan g`arib – ”G`afur G`ulom" bog`i va nihoyat senatorlarning ham e`tiborini tortgani jamoatchilikni biroz xotirjam qilgandi.
Ammo, oradan bir yarim oy vaqt o`tdi, mutasaddilar hamon avvalgidek jim, bog`da shundan buyon zarracha o`zgarish yuz bermadi.
Aslida xalq uchun yoqadigan parknig modernizatsiya qilish bahonasida yopib qo`yilishi kimga kerak edi?
Bog` atrofidagi mashmashalar salkam uch yildan buyon tugamayapti.
O`tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda G`afur G`ulom bog`i o`rnida yangi turar joylar va biznes markaz qurilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalganida Toshkent shahar hokimligi bunga munosabat bildirib, barcha xavfsirashlar asossiz ekanligini, G`afur G`ulom madaniyat va istirohat bog`i 49 yilga “BMP Smart Decision Private Limited” xorij kompaniyasiga modernizatsiya qilish va jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy parkni barpo qilishga oid investitsion majburiyat bilan berilishini xabar qilgan edi (Jamoatchilik nega bundan bir yil o`tib xabar topayotgani haqida munosabat bildirilmagan).
Modernizatsiya loyihasida o`tgan asrning 80-yillarda o`rnatilgan eski attraksionlarni yangilariga almashtirish, bog`ning yashil hududini saqlash, bog`da o`sayotgan daraxtlarga qo`shimcha ravishda, yangi daraxtlar bilan to`ldirish nazarda tutilgan. (Ma`lumot uchun: bugungi kunda "G`afur G`ulom" bog`ida 15 tup daraxt, Olmazor tumanidagi "Abdulla Qodiriy" bog`ida 35 tup daraxt qurib qolgan).
Shuningdek, rekonstruksiyadan keyin bog`ga kirish avvalgiday bepulligicha qolishi aytilgan (Eslatib o`tamiz, "Tashkent city" hududiga kirish ham avvaliga bepul ekani aytilgan edi, keyinchalik hududdagi favvoralar bir kunda katta miqdorda mablag` talab qilishi sabab qilib ko`rsatilib, bog'ga kirish pulli qilingan).
Ammo, oradan biroz vaqt o`tib, Singapurning ushbu bog`ni zamonaviy ko`rinishga keltirish uchun 2019-2022-yillarda jami 10 mln dollar to`g`ridan to`g`ri xorijiy investisiya kiritish majburiyatini o`z zimmasiga olganligi aytilgan "BMP Smart Decision Private Limited" kompaniyasi aslida ustav fondi miqdori 1000 singapur dollari (taxminan 720 AQSh dollari)ni tashkil qiluvchi, 2019-yil 13-fevralda Singapurda O`zbekiston fuqarosi Halimov Sherzod tomonidan ta`sis etilgani ma`lum bo`ldi.
Madaniyat vazirligi esa, ushbu xabarlarga munosabat bildirib, kompaniya ta`sischilari 70 % ulushga ega Singapur fuqarosi Zheng Haojiang Raymond va 30 % ulushga ega O`zbekiston Respublikasi fuqarosi Sherzod Xalimov ekanligini ma`lum qilgan.
Eslatib o`tamiz, 2019 yilda aynan o`sha xorijiy kompaniya vakili sifatida o`zini tanishtirgan Sherzod Halimov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jayev aholi bilan uchrashganida, shahar hokimi istirohat bog`ini hokimiyat mablag`lari evaziga ta`mirlatib, yangi qiyofani birgalikda yaratish taklifini kiritgan edi).
Xorijiy investor deya aytilayotgan kompaniyaning egasi asli O`zbekiston fuqarosi ekani va ustav jamg`armasi o`n million so`mga ham etmaydigan kompaniyaning jami 10 mln dollar to`g`ridan to`g`ri xorijiy investisiya kiritishiga jamoatchilikda paydo bo`lgan shubha va e`tirozlarga qaramasdan, odatdagidek, oradan bir oz vaqt o`tib aytilgan so`zlar unutildi va ochiq manbalarga joylashtirilmagan hukumat farmoyishi asosida bog` shubhali kompaniyaga taqdim etildi.
Cheksiz va`dalar ...Bog`dan esa darak yo`q
Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, istirohat bog`i ma`muriyati tomonidan berilgan, umumiy hisobda 45 ta turli attraksionlar barpo etilishi, 300 o`ringa mo`ljallangan 2 ta amfiteatr qurilishi, qisqa muddatli bolalar bog`chasi, tantanali tadbirlarini o`tkazish inshootlari, kartografik favvora, xorijiy va mahalliy adabiyotlar bilan boyitilgan, o`quv zaliga ega bo`lgan kutubxona, maxsus texnik vositalarga ega sport maydonchalari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, qishki yopiq dam olish markazi, ko`l atrofida yugurish yo`lakchalari tashkil etilishi, investorga loyihadan chetlashib, ko`ngilochar maskanga taalluqli bo`lmagan bino-inshootlar qurilishi kuzatilsa, shu zahoti shartnoma bekor qilinishi, rekonstruksiya ishlari olib borilishi jarayonida bog`dagi daraxtlarga umuman ziyon etkazilmasligi, aksincha yangi turdagi daraxtlar ekilishi hisobiga bog`ning yashillik darajasi ortishi haqidagi cheksiz va`dalar, oradan salkam bir yarim yil o`tsa-da, o`z isbotini topmadi.
Bu yerda ishlab o`z oilasini boqadigan 100 ga yaqin tadbirkorlar esa ishsiz qolib, bog` rekonstruksiyasi tugaganidan keyin ham avvalgi joylarida ishlash imkonidan mahrum bo`ldilar.
Faqat investor aybdormi? Yaxshi ishlab turgan bog`ni uning qo`liga o`tkazish uchun qaror chiqarganlarchi?
Oradan vaqt o`tib, senatning yalpi majlisida bir yil avval qayta qayta berilgan ulkan va`dalar, xalqni vahima qilishda ayblash, birortayam daraxtga ziyon yetkazmaslik, aholi istasa daraxtlarni sanab qo`yishi mumkinligi haqidagi so`zlar amalga oshmagach, endi va`da berganlar chetda qolib, faqatgina investorning ishi qaytadan ko`rib chiqiladigan bo`ldi, ammo taassufki hali hatto investorning ham ishi ko`rilmadi, bog` boshqaga olib berilmadi yoki qaytadan tender o`tkazilishi haqida hech qanday xabar ham yo`q.
Bir yildan buyon bog` atrofi to`sib qo`yilgan, attraksionlar buzib tashlangan, bog`da ish to`xtagan, harqalay birorta mashina yoki odamlar ishlab turgani yo`q. Ichkarida nimalar bo`lyapti, o`zi nimadir bo`lyaptimi, buni aniqlashning aslo imkoni yo`q, chunki ichkariga kiritishmaydi.
Shaxsini ma`lum qilishni istamagan xodimning ma`lum qilishicha, “buning aslo iloji yo`q, tepadan ruxsat berishmaydi”. Hatto tashqaridan suratga olish (bog` ichini) ham mumkin emas, darvoza yoniga yozib qo`yishgan, bu erda hech qanday turar joy inshootlari va biznes markazlari qurilmasligi haqida yozib qo`yilgan, shuning o`zi etadi.
Bunchalik sirlilikning sababi nimada?
Ichkarida nimalar bo`lmoqda o`zi? Bu masala qachon “qayta ko`rib chiqiladi”? O`sha mashhur “xorijiy” investor Sherzod Halimov qaerda, nega chiqib munosabat bildirmaydi, nimalar bo`layotganini aytmaydi? Balki ustav fondidagi 720 dollar tugagandan so`ng ish to`xtab turgandir bog`da?
"G`afur G`ulom" bog`i ham bugungi kunda yarmiga siti qurib yuborilgan Milliy bog`, "Abdulla Qodiriy" bog`i, Mirzo Ulug`bek tumanidagi "G`afur G`ulom" bog`ining shahobchasi va yana bir qancha abgor holdagi bog`lar kabi arosatda qolmoqda. Bu uchun esa hech kim javobgar emasdk go`yo. Nisbatan arzonroq bo`lgan parklarsiz qolgan o`rtaxol oilalarning bolalari esa o`tgan yil mavsumda atraksionlarda vaqtichog`lik qila olishmadi. Yana kunlar isiy boshlasa zavqli atraksionlarni o`n beshtasi uchun bir bolaga kamida 500 ming sarflanadigan bog`lar bor tanlov ixtiyorida.