“Nasrullohxon” nomli risolada to`g`ri ta`kidlanganidek, Amir Nasrulloh Buxoro amirlari ichida eng iqtidorli, salohiyatli hukmdor bo`lgan. Uning davrida qator harbiy va ma`muriy islohotlar o`tkazildi. Bu esa amirlikning kuch-qudratini oshirib, yirik davlatga aylantirdi.
Amir Nasrullohxonning xonliklarni bir tug` ostida birlashtirish borasidagi harakati ham maqtovga sazovor.
Endi esa so`zimizni qisqa qilgan holda ushbu maqolani yozishga undagan asosiy omilga kelsak, Risolada muallif Nasrullohxonni oqlayman deb, ikki ulug` siymo: Mohlaroyim (Nodirabegim) va shoir Hoziqni qoralashga jazm etgan.
“Afsuski, Muhammad Alixonning onasi mashhur shoira Nodirabegim o`g`lining xatti-harakatlarini qoralash o`rniga uning fahsh ishlarini ko`rmaganga olib, davlatni boshqarish ishlariga o`rinsiz tarzda aralashib turgan. Nodirabegimning bu harakatlari saroy ichidagi ayrim amaldorlar va din arboblari – ulamolarga yoqmagan”, deyiladi risolada.
“Olim odam bu faktlarni havodan olmagan bo`lsa kerak” deb juda ko`p kitoblarni varaqlab chiqdim va bu tariqa gaplarni topa olmadim. Hatto, Mohlaroyimning dushmani bo`lgan Hakimxon To`ra ham bunday tuhmatni yozishga botinmagan. Uning nazarida Mohlaroyimning aybi aka-uka: Muhammad Alixon va Sulton Mahmudxonni yarashtirib qo`ygani. Yana, Mohlaroyim amir Nasrullohni haqorat qilishda ayblangan. Xotin kishining haqorati – qarg`ish. Har qanday ona bolalarining qonini ichgan qonxo`rga rahmat demaydi, qarg`aydi. Agar Mohlaroyimning ham To`marisdek imkoni bo`lganda, Nasrullohxonning kallasini qon to`la mesh ichiga solgan bo`lardi.
Mohlaroyim O`zbek adabiyotining malikasi, xalqimizning sevimli qizi.
Yahyoxon Dadaboev,
Qo`qon davlat muzey qo`riqxonasi ilmiy xodimi.