Bog`ni qurgan kompaniyalar egaligi esa ma`lumotlarga ko`ra, yana shu Toshkent shahar hokimi Ortiqxo`jaev nomi atrofida aylanmoqda.
“Abdullajon” filmida faqatgina raisning ketmoni ucholmasdi, ammo bizning Toshkentda faqat “rais” – hokimning ketmoni uchayotgandek. Bugun nochor ahvolga kelib ulgirgan “Yangi O`zbekiston” bog`ini Jahongir Ortiqxo`jaevga tegishli "Mimar Group" kompaniyasi qurib bitkazgan haqida ma`lumotlar paydo bo`ldi.
Ortiqxo`jaev hokimlikka kelishidan avval "Mimar Group" kompaniyasi ta`sischisi edi. U hokim bo`lgach o`ziga tegishli bo`lgan kompaniyalarni aksiyalarini sotib yubormaganini ham tan olgan. Ortiqxo`jaev jurnalistlarning unga tegishli bo`lgan firmalar aksiyasiga oid savollariga “Masalan, agar menda “Boeing” kompaniyasining aksiyalari bo`lsa, men hokim bo`lsam, uni sotishga majburmanmi yoki “Apple” kompaniyasida ulushim bo`lsa, nega uni sotishim kerak?”, deya javob qaytargan edi.
Endilikda u yirik qurilishlar borayotgan poytaxtda hokim ekan, mana shu qurilishlarni amalga oshirayotgan kompaniyalarning tag ildizi ham uning sobiq firmalariga etaklamoqda. Ochiq manbalar orqali ularni ko`zdan kechirar ekansiz, go`yo Toshkentdagi barcha yirik qurilishlarni Ortiqxo`jaev bajarayotganiga guvoh bo`lasiz.
Ayni damda nochor ahvolga kelib qolgan yangi “Yangi O`zbekiston” bog`ining pudratchisi ham "Mimar Group" hisoblanadi. Ushbu kompaniya yaqinda “Shaxidlar hiyoboni”ni ham qurib bitkazgan edi.
“Yangi O`zbekiston” bog`ida joylashgan «Istiqlol» majmuasi qurilishining pudratchisi ham davlat xaridlari portali ma`lumotlariga ko`ra, "Mimar Group" hisoblanadi.
Portalda joylashtirilgan lot ma`lumotlari bo`yicha, qurilish-montaj ishlariga 195 mlrd.ga yaqin mablag` sarflangan. Afsuski, majmua va bog` bitkazilganiga 5 oy bo`lmasdan ularning oxori to`kilib eskirishiga ulgirdi.
Toshkent viloyati Qibray tumanida barpo etilgan «Yangi O`zbekiston» bog`i so`nggi vaqtlarda juda gavjum. Xususan, asosiy Yangi yil archasi shu erda o`rnatildi, bayram kunlari poytaxtdan boqqacha bepul avtobuslar qatnovi yo`lga qo`yildi, shaxmatning rapid turi bo`yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovni taqdirlash marosimi ham shu bog`da nishonlandi.
Bog` barpo qilinganiga hali bir yil ham bo`lmadi, ammo majmuaning ba`zi joylari, xususan, mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bag`ishlangan “Istiqlol” majmuasining ma`lum qismlari ham emirilayotganiga ko`zingiz tushadi. Bog`ga o`tgan yilning 1 may kunida ilk ko`chatlar o`tqazilgan, xuddi shu erda mustaqillikning 30 yilligiga bag`ishlangan «Istiqlol» majmuasi ham bunyod etilgan.
Aytish mumkinki, Yangi O`zbekiston bog`idagi umumiy fon, amfiteatrdagi o`rindiqlar, hatto chiqindi idishlarining ranglari ham “Tashkent siti”ni eslatadi. Bog`da bayram munosabati bilan “Artel” kompaniyasining ko`plab belgilari o`rnatilgan. Shu erda eslatib o`tish joizki, mazkur bor qurilishiga Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev mas`ul etib tayinlangan edi.
“Yangi O`zbekiston” pudratchisi bo`lgan Mimar Group haqida quyidagilarni bilamiz:
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma`lumotlariga ko`ra, "Mimar Group" kompaniyasining asosiy faoliyat turi turarjoy binolarini qurish hisoblanadi (Kompaniya ta`sischilari Alisher Abdubasitovich Ganiev (56,75%) va Kozimbek Utkirovich Yaminov (43,25%) ko`rsatilgan, rahbari — Feruzbek Davronov). Feruzbek Davronov nomida yana aynan qurilish ishlariga ko`maklashuvchi bir qancha firmalar mavjud. Ular, "SPEEDWAY LINE", Polaris technologies.
Qurilish-pudratchi tashkilotlarning reyting.mc.uz reytingiga ko`ra, "Mimar Group" va Ijod-Ijod bahosi SSS, ya`ni ishonchlilik darajasi 30 foizdan 35 foizgacha bo`lgan quruvchilar guruhiga kiradi.
Mimar Group nima deydi?
Inshootlardagi emirilishlar bilan bog`liq savollarga javob olish maqsadida "Mimar Group" bilan bog`lanishga urinib ko`rdik, ammo urinishlarimiz zoe ketdi.
Mas`ullar qanday javob qildi?
Qurilish vazirligi matbuot xizmati ma`lumotiga ko`ra, bog`da odamlar ko`p to`plangani sababli, yo`lakchalar cho`kib ketgan. “Istiqlol” majmuasi esa vaqtinchalik gipsdan tayyorlangan bo`lib, tez orada u bronzaga almashtiriladi.
Majmuaning vaqtinchalik maket ekanini tushunish mumkin, ammo yo`lakchalarning tez orada cho`kib tushganligi bahonasini qanday qabul qilish kerak? Axir bu yo`laklardan tank o`tgan emas-ku. Unda shunchaki odamlar harakatlangan xolos.
Eng achinarlisi, odamlar ko`p to`planishini hisobga ololmaydigan "Mimar Group" kompaniyasi Toshkentdagi ko`pgina yirik qurilishlarga mas`ullik qilmoqda. Undan tashqari yo`laklarga to`shaladigan beton cherepisalar misol uchun "Durable Beton" va boshqa binolar ustini qoplab borayotgan plastik ishlab chiqaruvchi firmalarning bari birgina "nom" ostida birlashmoqda.
Haqiqatan hayotda hammasi kinodagidek bo`lmaydi, biz faqat ketmoni uchmaydigan raislarni kinolarda uchratamiz xolos.
Eslatib o`tamiz, Prezident yangi bog` hududini, parlament tasdiqlasa, Toshkent tarkibiga o`tkazilishini ma`lum qilgan edi.